banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно


– Yur, o‘g‘lim, – dedi ko‘z yoshini yengining uchiga artib. – Yesin-ichsin to‘ymasin, iloyo buyurmasin!

– Arqon-chi? – dedim sekingina.

– Kerakmas. Yur, bolam, – oyim qo‘limdan sekin tutdi-da, odamlar orasidan turtinib-surtinib meni yetaklab ketdi.

PO‘STDUMBALI MOSHKICHIRI

Bu odamni bolaligimdan taniyman. O‘shandan buyon uning bittayam tuki o‘zgarmagan, desam lof bo‘lmaydi. Uyog‘ini so‘rasangiz, unda tukning o‘zi yo‘q: ko‘sa. U har kuni ertalab bir vaqtda darvozamiz oldidan mahalla guzari tomonga o‘tib ketadi. Qishda kuya yegan telpak, mushtdekkina gavdasiga yarashmagan uzun kamzul, oyog‘iga kalish-mahsi kiyib yuradi. Yozda bo‘lsa dumaloq, qozonnusxa baxmal do‘ppisini bostirib oladi. Qo‘lidagi xo‘jalik sumkasi ham kamida yigirma yil sidqidildan xizmat qilgan. G‘ij-g‘ij suriladigan zanjirining tishlari to‘kilib, yakkam-dukkam bo‘lib qolgan. Bandining tasmasi bir necha joyidan yamalgan. Sumkaning ichida nima borligini yaxshi bilaman. Tishi to‘kilgan alumin taroq, boshingizga tegishi bilan bir hovuch sochingizni yulib oladigan qo‘l mashina, qayish bilan olishaverib ixcham tortib ketgan ustara. Xullas, butun mahallaga dong‘i ketgan Naim sartaroshning jamiki ashyolari shu sumkada joylashgan.

U meni yaxshi tanimaydi: o‘zining do‘koniga chiqadigan mijozlardan boshqa odam bilan ishi yo‘q. Ammo onamni qattiq hurmat qiladi. Darvoza oldidagi skameykada o‘tirgan oyimni ko‘rib, darrov to‘xtaydi.

– Baxay, poshsha opa, bardamgina bormisiz? – deydi ingichka ovozda. – Nevaralar chopqillab yurishibdimi?

Qiziq, oyim negadir uni ko‘p ham yoqtirmaydi. Ammo dilini og‘ritmaydiyam.

– Shukur, – deydi sekin. – O‘zingiz yaxshi yuribsizmi? Ovsinim bardammilar?

– Yuribmiz tuproqdan tashqari! – deydi Naim sartarosh yo‘lida davom etib. – Ovsiningiz ham tuzuk. Beli og‘rib yotibdi.

Oyim sidqidildan maslahat beradi.

– Kepak qizdirib bossinlar. Uch kunda san ko‘r-man ko‘r bo‘lib ketadilar.

– Bosdim. Tuproqqayam ko‘mdim. Foydasi yo‘q, – Naim sartarosh sumkasini beparvo silkitib qo‘yadi. – Yoshligidayam belangi edi o‘zi. Aslida boshqasiga uylansam bo‘larkan.

Onam «notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov» degandek miyig‘ida kulib qo‘yadi. Ammo indamaydi. «Bir mo‘min»ning ko‘nglini sindirgisi kelmaydi.

Naim sartaroshning eski fanerlardan yamab yasalgan do‘koniyam yigirma yil ilgari qandoq bo‘lsa, hozir ham o‘shandoq – mahalla choyxonasiga yopishib qo‘nqayib turibdi. Faqat vaqt o‘tishi bilan toliqib bir tomonga qiyshayib qolgan. Besh yil burun avtobus bekatining ro‘parasida yangi oynaband sartaroshxona ochildi. Ammo Naim sartarosh unga o‘tmadi. «Man tahoratsiz tig‘ ushlaydigan yosh bolalar bilan ishlamayman», deb turib oldi. Mahalladagilar ham uning fe’lini bilishgani uchun indamay qo‘ya qolishdi.

Shu Naim sartaroshning deng, birdaniga meni jini suyib qoldi. Bir kuni ertalab darvoza oldidagi skameykada o‘tirsam, sumkasini ko‘tarib o‘tib qoldi. Salom berdim. U menga qaramay, «valey» deb o‘tib ketdi-yu, nariroqqa borib to‘xtadi. Siyrak sarg‘ish kipriklarini pirpiratib tikilib turdi-da, yangroq, ingichka ovozda so‘radi:

– Hay, manga qara – o‘zingmisan?

Men indamay bosh silkitdim. Naim sartarosh ko‘p yillik qadrdonini birdan topib olgandek quvonib ketdi. Tez-tez yurib yonimga keldi. Sumkasini skameykaning bir chekkasiga qo‘ydi-da, qo‘shqo‘llab so‘rashdi. Yuziga fotiha tortib, silliq iyagini silab qo‘ydi.

– Bu deyman, do‘kongayam chiqmaysan, – dedi yana ham ingichkaroq tovushda.

– Endi, xizmatchilik…

– Yozuvchi bo‘psan, gazetda ishlavotsan, deb eshitdim, shu rostmi? – Naim sartarosh meni qobiliyatimni chamalab ko‘rmoqchi bo‘lgandek, boshdan oyoq bir sidra qarab chiqdi.

– Ha, shunaqa, – dedim bosh silkib.

U sumkasini nariroq surib yonimga o‘tirdi. Uzun kamzulining cho‘ntagidan qizg‘ish nosqovog‘ini chiqarib nos otdi.

– Bu diyman, uka, gazetlaringga bizniyam yozsa bo‘lavuradimi? Yo buniyam «ohoni» bormi?

– Qanaqa «ohoni?»

Sartarosh ko‘zini qisib qiqirlab kuldi.

– O‘zingni soddalikka solma, uka. Man hammasini bilaman. «Ohoni» bo‘lmasa Olim parovozni gazeta maqtab chiqarmidi? Birinchi bo‘lib parovoz haydaganmish. Yolg‘on! Qachon qarasa, ko‘mirga botib yuradigan rabochiy edi. Ha, xo‘p, boringki haydagan bo‘lsin. Ha, nima qipti? Hakim naynov-chi! Birinchi o‘qituvchilardan emish. Man bilmasam ekan uni! Jinko‘chalik otin oyining qo‘lida birga o‘qiganmiz. O‘lguday zehni past bola edi. Olti oygacha «Haftiyak»ni tushirolmagan. Tag‘in bular persanalniy pensaner emish!

Naim sartarosh dunyoning adolatsizligidan tutaqib ketgandek jahl bilan nosini tupurdi, silliq iyagini silab qo‘ydi.

– Bular davlatga xizmat qilgan bo‘lsa, bizziyam o‘tqazib qo‘ygan joyimiz bor. Bular Maskovga borgan bo‘lsa, manam borganman. Ularni ko‘tar-ko‘tar qilasanlar-u mani yozmaysanlar, shunaqami? Mani suyanchig‘im yo‘q-da, a?!

Qarasam, Naim sartarosh rostdan xafa bo‘lyapti. To‘g‘risi, uning o‘tmishiga o‘zim ham qiziqib qoldim.

– Nega yozmas ekanman. Yozaman. Moskvaga qachon borgandingiz?

– Iye, hozir yili esimda qoptimi, uka? O‘sha bosmachilarni qiyratib yurgan paytlarimizda edi-da. O‘shanda sanga o‘xshagan qirchillama yigit paytim. Parkat tomonda Rustam sherday qilich o‘ynatib yursam, kamandirimiz chaqirib qoldi. «Chinoq ikkovlaring yaxshi jang qilganlaring uchun Maskovga diligat bo‘lib borasan», desa bo‘ladimi! Yunus chinoq bir qulog‘i yo‘q bo‘lsayam xo‘p azamat yigit edi. Ikkalamiz poyizga o‘tirdig-u qaydasan Maskov deb jo‘nadik-vordik. O‘n kun deganda yetib bordik. Bu Maskov degani xo‘pam katta shahar ekan. Qavat-qavat uylar desang, ko‘cha to‘la trollobus, aptobus. Yer tagida poyiz yurarkan.

– Metromi? – dedim iljayib. – Toshkentdagiga o‘xshagan?

– Metromas, poyiz, – u birdan to‘xtab, menga sinchkov tikildi.

– Maskovga borganmisan?

– Yo‘q, – dedim yolg‘on gapirib.

– E, Maskovga bormabsan – dunyoga kelmabsan!– Naim sartarosh qo‘llarini yozdi. – Shundoqqina Qizil Maydonning oldidagi gastinisaga tushdik. Yonboshimizda bozor. Bizanikiga o‘xshaganmas. Hammasi paparatka joylashgan. Qaymoq bozor bir tomonda, shirmoy bozor bir tomonda. Kabobpazlar desang ertalabdan urib jigar kabob sotadi. Ammo lekin somon bozorining mazasi yo‘q ekan. Qoplari kichkina-kichkina. Bir tuyaga elliktasini ortib kelishadi. Tag‘in bir qopi falon pul. Odam ko‘pligidanmi, sartaroshxonasi tirband. Bosmachilarni bir yoqli qigandan keyin shu tomonlarga kelib do‘kon ochaman, deb ko‘nglimga tugib qo‘ydim… Ammo maishat zo‘r bo‘ldi. Maskovda bir oy turgan bo‘sak, shu bir oy ichida Chinoq ikkalamiz xo‘p huzur qildik. Ertalab lip etib bozorga tushib bir kosa qaymoq, to‘rtta shirmoy, anjir, xolva obchiqib ko‘k choyni uramiz. Peshinda kabobxo‘rlik, kechqurun lag‘mon deysizmi, po‘stdumba solingan moshkichiri deysizmi, nima xohlasangiz muhayyo. Kechalari choyxonaga chiqamiz. Bir jo‘jaxo‘roz bedanam bor edi desang, o‘zimam Ismoil kaldan bir qo‘yning puliga olgandim. Shuni obketuvdim. Maskovni manman degan bedanalarini qochirdi. Qaytib kelishimizdan ikki kun oldin maylis bo‘ldi.

– Qayerda? – dedim o‘zimni kulgidan zo‘rg‘a tiyib.

– Qatta bo‘lardi, Qizil Maydonning o‘zida bo‘ldi-da… Lak-lak odam. Chinoq ikkalamiz bir chekkaga borib turdik. Shu payt desang, minbarda turgan kattalardan bittasi yugurib tushib mani quchoqlab olsa bo‘ladimi?

– Kim?

Naim sartarosh siyrak kipriklarini pirpiratdi.

– Nima kim?

– Sizni quchoqlagan kim edi, deyapman.

– Kattalardan bittasi didim-ku! Shundoq quchoqlab u yuzimdan bu yuzimdan o‘pdi. «Iya, ko‘sa, bahay? San bu yoqlarda nima qilib yuribsan?» deydi. «Mana, Chinoq bilan kep qoldik. Bosmachilarni qiyratganimiz uchun kamandirimiz o‘ynab kelinglar, deb yubordi». «Obbo, san-ey, keganingga shuncha bo‘bdi-yu, nega hovliga o‘tmading,– deydi. – Kechqurun biznikiga o‘tmasang, qattiq xafa bo‘laman, yangangga norin buyurib kelganman», – deydi. «Yo‘q, shoshib turibman. Boshqa mavrudi kep qolar», dedim. «Bo‘lmasa mana bu mukopot sanga», deb haligi odam cho‘ntagidan medal chiqarib choponimga taqib qo‘ydi.

– Qanaqa medal?

Naim sartarosh, «judayam ezma ekansan-da», degandek ijirg‘anib aftini burishtirdi.

– Qattan bilaman! Bunaqa kerak bo‘lishini bilganimda yo‘qotib qo‘yarmidim. – U birpas o‘ylab turdi-da, qo‘shib qo‘ydi. – Endi, uka, san o‘zimizning mahallani bolasisan. U yog‘ini o‘zing kelishtirib bir yozgin, xo‘pmi?

– Bo‘pti, – dedim jilmayib.

U kaftini ochib duo qildi.

– Iloyim omadingni bersin! – Sumkasini ko‘tarib uch-to‘rt qadam nari bordi-da, to‘xtab o‘girilib qaradi. – Agar-chi, uka, shu ish amalga oshib qolsa-chi, har kuni soqolingni o‘zim op qo‘yaman. Tekinga.

– Qaysi ish?

Naim sartarosh qaytib keldi.

– Iye, halitdan buyon qulog‘ingga tanbur chertdimmi? Gazetingda mani maqtab chiqarsang, Olim parovozga o‘xshab persanalniy pensa oladigan bo‘lsam, soqolingni har kuni o‘zim op qo‘yaman. Eshitdingmi, og‘ritmasdan olaman.

Men uch-to‘rt kungacha bu gaplarni eslab kulib yurdim-u keyin unutib yubordim. Ammo Naim sartarosh unutmagan ekan. Qaysi kuni avtobus bekatida meni ko‘rib qoldi. Ataylab poylab turgan ekan shekilli, mahkam ushlab oldi.

– Anu narsani yozdingmi-yo‘qmi? – dedi ochiqdan ochiq dag‘dag‘a bilan.

– Yozdim.

– Ha, mana, bu boshqa gap. – Naim sartaroshning yuzi yorishib ketdi, – Yigit kishining gapi bitta bo‘ladi. Qachon chiqadi endi?

– Erta-indin chiqib qolsa kerak. Hozir tekshirishyapti,– dedim nihoyatda xotirjam ohangda. – Agar rost bo‘lsa, maqolani chiqarib sizga personalniy pensiya tayin qilisharkan. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, sudga berisharkan.

Naim sartarosh bir lahza ko‘zlarini pirpiratib angrayib qoldi.

– Labbay! So‘tga! Kimni so‘tga beradi?

– Siz bilan meni. Yolg‘on gapirganingiz uchun sizni, yolg‘on yozganim uchun meni. – Shunday dedim-u burilib ketaverdim.

Bir lahzadan keyin orqadan Naim sartaroshning ingichka ovozi eshitildi.

– Hoy uka, to‘xtang! Hoy o‘g‘lim.

To‘xtab, burilib qaradim.

– Nima gap?

– Manga qarang, uka, – dedi u entikib. – Keling, o‘sha narsa chiqmasa chiqmay qo‘ya qolsin.

– Iya, nega endi?! Men yozib topshirib qo‘ygan maqolani qaytib ololmayman.

Uch-to‘rt qadam bosgan edim, Naim sartarosh pildirab kelib yo‘limni to‘sdi.

– Manga qarang, o‘g‘lim, shu narsani bosdi-bosdi qilib yuborsangiz-chi, har kuni soqolingizni ikki martadan op qo‘yaman. Shundoq qiling, jon uka.

–Iya, nega axir? Persanalniy pensiya olsangiz yomonmi?

– Xo‘p deng, jon uka. Och qornim, tinch qulog‘im. Shu ishni tinchitib yuboring. Man so‘zimning ustidan chiqadigan odamman. Aytdim-ku, har kuni ikki martadan soqolingizni olib qo‘yaman. Uyingizga borib olaman.

Men juda qiyin muammo ro‘parasida qolgan odamday, yelkamni qisdim.

– Mayli, bir urinib ko‘raman. Ammo bu juda mushkul ish-da…

Sartarosh o‘sha kuni meni uyimgacha kuzatib qo‘ydi. Kuzatib qo‘ydi-yu, baribir tinchimadi. Kechasi allamahalda eshik taqillab qoldi. Chiqsam, sartarosh qiyiqchaga o‘rog‘liq bir narsani ko‘tarib turibdi.

– Nima bu? – dedim hayron bo‘lib.

–Issig‘ida yeb ola qoling! – U tugunchani uzatdi. Moshkichiri. O‘z qo‘lim bilan pishirdim.

– E, Moskvadagi moshkichiridan deng?

– Moskovni moshkichirisi qatta endi, uka! Unga qora qo‘chqorning po‘stdumbasi solinardi. Bunisining mazasi yo‘qroq. Shundoq bo‘lsayam, ilindim. Oling, qo‘lim qaytmasin.

Mayli, sazasi o‘lmasin deb sartaroshning sovg‘asini oldim.

Ichkariga kirib qiyiqchani ochsam, ustiga ko‘k piyoz sepilgan moshkichiri. Insof bilan aytganda qoyilmaqom qilib pishiribdi. Uch-to‘rt qoshiq olgan ham edimki, oyim kirib qoldi.

– Nima bu? – dedi hayron bo‘lib.

Iljaydim.

– Pora!

Onam yonimdagi stulga o‘tirib qoldi.

– Nima?

Kulib yubordim.

– Pora! Naim sartarosh pora obkepti.

Oyim goh menga, goh «garimdori» nusxali kosaga qarab birdan rangi o‘chdi.

– Endi shu hunarni o‘rgandingmi? – dedi rostakamiga ranjib. – Adang senga pora yeyishni o‘rgatgan emasdilar shekilli.

Qarasam oyim chindan ham xafa bo‘ladigan. Ishtaham bo‘g‘ildi. Kosani nari surdim. Oyim jirkangandek, qiyiqchani ikki barmog‘i orasida qisib ushladi-da, ayvonga opchiqib tashladi. O‘sha yoqdan allanima deb o‘ziga-o‘zi gapirgani eshitildi… Biroq Naim sartaroshning porasi baribir zimmamda turibdi. U haliyam kosasini olib ketgani yo‘q. Shunga qaramay, eshitishimcha, endi choyxonada Olim parvoz undoq, Hakim naynov bundoq, menam persanalniy pensiya olishim kerak, degan gaplarni aytmaydigan bo‘libdi.

OLTIN BALDOQ

Odamda, harchand uringani bilan o‘zgartirolmaydigan g‘alati fe’l-atvorlar bo‘ladi. Mening ham qiziq odatim bor: birovni ranjitib qo‘ysam (adolatli xafa qilgan bo‘lsam ham) o‘sha odamdan ko‘proq o‘zimning dilim vayron bo‘lib yuradi. Bu odat onamdan yuqqan shekilli.

Oyim bizlarga hech qattiq gapirmas, mabodo xafa qilib qo‘ysa birpasdan keyin o‘zi yalinar edi. Faqat bir marta meni qarg‘agan, yomon qarg‘agan. O‘shanda ayb kimda bo‘laginini hali ham bilmayman.

Bahor kirib, oftobning iliq nurlari yelkani qizitadigan bo‘lib qolgan kunlar edi. Bodom tagida o‘tirib varrak yasashga tushdim. O‘rikning yelimi qog‘ozga yopishsa qamishga yopishmaydi, qamishga yopishsa qog‘ozga… Burnimni tortib-tortib urinib yotibman. Oyim nariroqda, tagiga po‘stak tashlab, kir yuvyapti. Dadam «kambag‘albop kiyim» deb aka-ukalarga chiyduxoba shim olib bergan. Chiyduxoba asli yaxshi narsa-yu, chillak o‘ynagandami, koptok tepgandami, bir dumalasang, ora-orasiga loy kirib ketishi yomon. Uch kunda bir yuvaverib, onamning esi ketadi. (Xuddi shu chiybaxmal zamonlar o‘tishi bilan butun Yevropaga moda bo‘lishini dadam xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Uning uchun chiyduxoba «kambag‘albop kiyim» edi, xolos.) Xullas, oyim unisini olib bunisini qo‘yib, shimlarni yuvar, har siltab ishqaganda jomashovdan ko‘pik sachrar, atrofni sovun hidi tutib ketgan edi. Uning ro‘parasida Sepkilli xola to‘nkarilgan paqir ustida o‘tirardi.

Sepkilli xolani yomon ko‘raman. O‘zinimas, qizini. «Saini senga beraman, olsang ham olasan, olmasang ham,– deydi, – olmasang tugun-tersagi bilan uyingga opchiqib tashlayman, kichkinaligingda qulog‘ini tishlagansan», deydi. Saini qulog‘ini tishlagandan ko‘ra kuchugimning qulog‘ini tishlayman. Saida yomon: o‘g‘il boladan battar. Lanka tepayotganda bir urib Toyning burnini qonatgan.

Sepkilli xola to‘nkarilgan paqir ustida o‘tirib nuqul hasrat qilar edi:

– Kechasi bilan tishim o‘lgur shundoq og‘ridi, shundoq og‘ridi, jonimni qo‘yishga joy topolmadim. – U sepkil bosgan lunjini silab qo‘ydi.

– Isiriq damlab chayqamadingizmi? – deb maslahat berdi oyim hamon engashib kirni g‘ijimlar ekan.

– E, hammasini qildim! – Sepkilli xola yana inqilladi.– Achchiqtoshgayam g‘arg‘ara qildim. Qani bosilsa.

Ikkovlari bir zum jimib qolishdi.