banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно

Bayram qanaqa bo‘lishini bilasizmi? Bilmasangiz bilib qo‘ying! Bayram degani shuki, hammamiz yasanamiz. Bu – birinchidan. To‘g‘ri, dadam hammamizga baravar bosh-oyoq kiyim qilib berolmaydi. Lekin hech bo‘lmasa, bittadan ohorlik kiyamiz. Undan keyin oyim albatta palov, juda bo‘lmasa, shavla pishiradi. Bu – ikkinchisi. Nihoyat, bayram degani shuki, men onamga ergashib albatta tog‘amnikiga boraman. Tog‘amning men tengi o‘g‘li bor. Maza qilib obaki yeymiz. Iloji bo‘lsa, «Tarzan» kinosiga tushamiz. Tarzanni bilasizmi? Xuddi maymundek daraxtdan daraxtga sakraydi. Yo‘lbarsdan ham, arslondan ham qo‘rqmaydi.

Jo‘raboshimiz aytgan, o‘zi ko‘rgan.

Mana, bugun oyim non yopyapti. Arpa non unchalik oppoqmas. Ammo juda mazali. Ana, non isi kelyapti. Oyim menga atab ataylabdan kulcha yasagan. Kulcha nondan oldin pishadi: kichkina-da! Ana, oyim rapidani qo‘liga kiyib, to‘nkarilgan zambil ustiga chiqdi. Bo‘lmasa tandirning tepasiga bo‘yi yetmaydi. O‘sha yerdan turib buyurdi.

– Do‘ppingni och!

Do‘ppimni boshimdan yulib oldim-u tutib turdim. Shu ondayoq cho‘g‘dek issiq, qip-qizil non do‘ppiga tushdi. Jiyaklari titilib ketgan do‘ppimni changallagancha ko‘chaga yugurdim.

– Hoy, sekinroq, yiqilasan! – deb qoldi oyim chirqillab.

Nega yiqilar ekanman! Orqamdan kuchugim ham yugurgilab qoldi. Biladi-da, o‘ziniyam ulushi borligini. Ikkalamiz oldinma-ketin chopishib, Shirin arig‘ining bo‘yiga keldik. Issiq nonni suvga tashladim-da, o‘zim pastga qarab chopib ketdim. Gurji kuchugim ham oyog‘imga o‘ralashib yugurdi. Ellik qadamcha yurgandan keyin qoqigullar ochilib yotgan qirg‘oqda kutib o‘tirdim. Ana, bizning non oqib kelyapti! Tandirdan yangi chiqqan nonni oqizoq qilib yemagan bo‘lsangiz, yeb ko‘ring. Meni aytdi dersiz, maza qilasiz!

Bir oyoqlab suvga tushib, nonimni tutib oldim-u ushatib yedim. Ana rohat-u mana rohat! Usti muzday, ichi issiq. Bir burdasini o‘zim yeyman, bir burdasini kuchugimga beraman. Kuchugim nonini mendan oldin yeb bo‘ladi. Yeb bo‘ladi-da, boshini goh u tomonga, goh bu tomonga tashlab mo‘ltirab qo‘limga qaraydi. Dumini likillatib-likillatib qo‘yadi. Ikkalamiz maza qilib ovqatlandik. Keyin shundoq sohilga yotib, tip-tiniq suv ichdim. Kuchugim ham oldingi oyoqlari bilan cho‘kka tushib qip-qizil tili bilan shapillatib rosa ichdi.

Uyga qaytsak, dadam bodom tagida turib, endi xaltasini ochayotgan ekan. Urre!

– Manavi senga! – dedi dadam oyimga qarab. Xaltadan poshnasi past yaltiroq amirkon kavush chiqdi. Oyim eski kalishini yechib, kiyib ko‘rgan edi, kavush lop-loyiq keldi. U yoq-bu yoqqa yurib ko‘ruvdi, kavushi g‘archillab ketdi.

– Iya, g‘archiyam bor ekan, – dedi oyim yosh boladek quvonib. – Baraka toping, anchadan buyon shunaqasini orzu qilib yuruvdim.

– Qizing qani? – dadam g‘olibona qiyofada yana xaltaga qo‘l suqdi.

Tutundan bo‘g‘ilgan opam oshxonadan ko‘zini ishqalab chiqdi.

– Manavini o‘rab ko‘r-chi! – Dadam guldor shoyi ro‘molni opamga uzatdi. Opamning ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi.

– Rahmat, – dedi uyalinqirab.

Katta akamga yo‘l-yo‘l ko‘ylak, kichik akamga chiyduxoba shim tegdi. Endi bizning navbat! Yo‘q, dadam xaltasiga qo‘l suqqan edi, bu safar ukamning sovg‘asi chiqdi. Dengizchilar kiyadigan ko‘ylak! Chetida tasmasiyam bor.

– Menga-chi? – dedim hovliqib.

– Sengayam bor, o‘g‘lim! – deb dadam xaltasidan qizil duxoba do‘ppi chiqardi. Ko‘zim yonib ketdi. – Qani,– dedi u do‘ppini boshimga kiygizib. – E-e, boshdan ham bergan-da, senga, o‘g‘lim!

Rostdan ham do‘ppi boshimni bir chekkasida qolib ketdi.

– Ziyoni yo‘q! – dadam do‘ppini tizzasining ko‘ziga kiygizib, bir chetidan tortdi. Allanima «tirr» yetdi. Qo‘rquv ichida do‘ppiga qaradim. Yo‘q, yirtilmabdi. Dadam qaytadan kiygizgan edi, boshimni xiyol qissayam, loyiq kelgandek bo‘ldi. – Boshdan ham bor-da, o‘zi, o‘g‘lim. – Dadam yana kuldi.

Kichik akam hozirjavoblik bilan gap suqdi.

– Boshi katta bo‘lgani bilan aqli yo‘q.

Opam uning yelkasiga bir tushirdi.

– Yoshi senga yetsa, sendan aqlliroq bo‘ladi.

– O‘zingiz-chi? – Oyim dadamning ko‘ziga termildi. – O‘zingizga hech nima olmadingizmi?

Dadam qo‘l siltadi:

– Keyin… Keyin olinar. Nima, men yosh bolamidim…

Aka-ukalar bir zumda ko‘chaga otildik. Bo‘lmasa-chi, qanaqa yasanib olganimizni hamma ko‘rib qo‘ysin-da.

…Ertalab kimdir sekin yelkamga turtayotganini payqab uyg‘onib ketdim. Hali ko‘zimni ochmasimdanoq dimog‘imga o‘sma hidi urildi. Qarasam, tepamda oyim jilmayib turibdi. Qoshi qalin, qop-qora (oyim pardoz qilmas, ammo «qosh suv ichadi» deb o‘sma qo‘yardi).

– Jim, – dedi u barmog‘ini labiga bosib. – Ukang uyg‘onib qolmasin. Tez yuvin.

Tushundim. Demak, tog‘amnikiga boramiz. Ukamni tashlab ketamiz. Bo‘lmasa, oyimni qiynab yuboradi. Besh qadam yuradi-da, opiching, deb xarxasha qiladi. Yo‘l uzoq.

Ukam, boshi devor tomonda, bir oyog‘i mening qornim ustida maza qilib uxlab yotibdi. Hali turgandan keyin «lo‘lilik» qilib opamning dodini beradi.

Yuvinib kelib, apil-tapil choy ichdim.

– Bolani ehtiyot qil, – oyim ayvon burchagida o‘tirib, to‘nkarilgan piyoladan o‘sma botirib qoshiga tortayotgan opamga tayinladi.

– Xavotir olmang. – Opam boshini u yoq-bu yoqqa egib, bir cheti siniq ko‘zguga qiyo-qiyo qararkan, jilmaydi.– O‘zim qarab turaman.

Opam juda mehribon. Oyim yo‘g‘ida hammamiz opamning pinjiga tiqilamiz…

Guzarga chiqqanimizdan keyin, eng katta niyatimni sekin aytdim:

– Oyi, kinoga tushsam maylimi? Tarzanga?

U g‘archli kavushiga chang qo‘ndirmaslik uchun tuproq ko‘chadan avaylab borarkan, orqasiga qaramasdan so‘radi:

– Kim bilan tushasan?

– Sobir bilan.

– Tog‘angnikiga bormaymiz.

Hafsalam pir bo‘lib to‘xtab qoldim. Bundan chiqdi, ammamnikiga borarkanmiz-da. Ammamnikida men tengi o‘rtog‘im yo‘q.

– Ammamnikiga ketyapmizmi? – dedim qovoq-tumshug‘im osilib.

Oyim burilib qaradi:

– Yo‘q, opangnikiga.

–Opam uyda-ku? – dedim hayron bo‘lib. – Yana qanaqa opamnikiga boramiz?

– O‘qchiga. Katta opangnikiga.

Qiziq, qanaqa katta opam? O‘zi bitta opam bor-ku.

– Yur, – dedi oyim shoshirib. – Kun isib ketmasidan Beshyog‘ochga yetib olaylik.

Oyimga ergashib borarkanman, allanimani g‘ira-shira tushungandek bo‘ldim. Besh-olti kun oldin ammam kelgan edi. U oyim bilan pichir-pichir gaplashgan, «o‘gay… yig‘ladi… O‘qchi…» degan so‘zlar qulog‘imga chalingan edi. Demak, O‘qchi degan joyga ketyapmiz.

O‘qchi degani ikki tomoni boloxonali uylar bilan o‘ralgan tor ko‘cha ekan. Bizning tomonlarda allaqachon hammayoq ko‘karib ketgan, bu yerda bo‘lsa ko‘cha zax, ikki chetda qop-qora suv jilg‘a bo‘lib oqib yotibdi. Ancha yurdik. Tez-tez temirchilik do‘konlari uchraydi. Bayram bo‘lsayam, ba’zilari ochiq. Devordagi mixlarga ketmon, tesha, xaskash ilib qo‘yilgan. Sandonda olov gurullaydi. Taraq-turuq avjida: yaqiniga borib bo‘lmaydi. Oxiri tagidan qoramoydek loyqa suv oqib yotgan, chetidagi panjaralari liqillab turgan yog‘och ko‘prikdan o‘tdik. Oyim dam-badam to‘xtaydi. Hali u eshikni taqillatadi, hali bunisini.

– Hoy, o‘rgilay, Bashoratxonning uyi shumi? Eri peravodniy…

Birov yo‘q, deydi, birovi yelka qisib eshikni berkitadi, bir xili eshikni umuman ochmaydi.

Shu qadar charchadimki, oyog‘imni qimirlatishga madorim qolmadi. Xuddi, hov birda, uydagi opamga sovchi kelganida Qa’niga borganimizdek. Kelmasam bo‘larkan. Qaytaga uyda Xo‘ja bilanmi, Vali bilanmi maza qilib chillak o‘ynab yurgan bo‘lardim. Kun isib ketgan, suv ichgim kelardi. Oyimning o‘zi ham ko‘cha chetidagi vodoprovoddan ikki marta suv ichdi. Suv ichish oson bo‘lsayam mayli ekan. Odamlar paqirini ko‘tarib, qatorlashib navbat kutib turadi… Bayram bo‘lgani uchunmi, yasangan-tusangan o‘tkinchilar tuzuk-quruq gaplashmaydi. Hamma qayoqqadir shoshadi.

Bir mahal paranji-chachvonli xotinga duch keldik. Oyim yana o‘sha yalinchoq ohangda so‘radi:

– Hoy, baraka topgur, Bashoratxonni tanimaysizmi?

Paranjili xotin to‘xtadi. Chachvonini yuzidan olgan edi, qo‘rqib ketdim. Bunaqangi cho‘tir xotinni birinchi ko‘rishim edi. Negadir xayolimga cho‘tirini berkitish uchun paranji yopinib yursa kerak, degan o‘y keldi.

– Qanaqa Bashor? – dedi u ro‘molcha bilan ter bosgan yuzini artib.

– Bashoratxon-da! – Oyim kuyib-pishib tushuntirdi.– Eri peravodniy. Ashxobodda yer qimirlaganda kasallarni poyezdda olib kelgan.

– Uyini bilmaysizmi? – cho‘tir xotin achinib bosh chayqadi. – Dunyoda nima ko‘p, Bashor ko‘p.

– Yo‘q. Egachim aytuvdilar, – deb oyim yana tushuntirdi. – Shundoq ko‘prikdan o‘tgandan keyin topasiz, devdilar.

– Bu ko‘chada nima ko‘p, ko‘prik ko‘p, aylanay, – cho‘tir xotin yelkasini nochor qisdi.

– Hayronman, – dedi oyim umidsizlik bilan. – Nechta eshikni taqillatdim, hech yerda yo‘q.

Bo‘lmadi, cho‘tir xotindan ham ish chiqmadi. Tag‘in ikkita katta-kichik ko‘prikdan o‘tdik. Yurib-yurib, choyxona oldidan chiqib qoldik. Bayram sharofati bilan choyxona ayniqsa gavjum bo‘lib ketgan, so‘rilarda erkaklar chordana qurib, sabzi to‘g‘rab o‘tirishar, to‘rqovoqlardagi bedanalar avjiga chiqib sayrar, havoda jizza hidi kezar edi.

– Bor, bolam, – dedi oyim yalinib, – erkaklarning oldiga men bormay qo‘ya qolay. So‘ragin, peravodniyni uyi qaysi, degin, Bashor degan xotini bor, degin, xo‘pmi?

So‘ri oldiga bordim-u, to‘xtab qoldim. Har kim o‘zi bilan o‘zi ovora, qayrilib ham qaramaydi. Askiya.... Qiyqiriq… Sho‘ppayib turib-turib qaytib keldim. Oyim urishmadi. Yana ketaverdik.

Kattakon tilla zirak taqqan, yalpoq gulli ko‘rpabop matodan ko‘ylak kiygan, qalin qoshli juvon duch kelganida oyim tag‘in so‘radi:

– Hoy, opovsi, Bashoratxonni…

– Man namedonam! – dedi ayol yelka qisib.

Oxiri oyim ham holdan toydi. Ko‘cha chetidagi yapasqi xarsang ustiga o‘tirib, tugunini yechdi. Kecha yopgan arpa nonidan olib olgan ekan. Shundan bittasini ushatib, ona-bola yedik. Tag‘in chanqay boshladim.

– Oyi, suv, – dedim hiqillab.

– Shoshma, bolam, sabr qil. – Oyim yupatdi. – Topamiz. Hozir topib olamiz.

Non quvvat berdimi, yana avvalgidek yo‘lga tushdik.

Bir mahal onam to‘xtab qoldi.

– Voy, o‘lsin, tag‘in Beshyog‘ochga chiqib qolibmiz-ku.

Qarasam, rostdan ham Beshyog‘och! Bundan chiqdi, aylanib-aylanib yana shu yerga kelib qolibmiz-da. Bozor oldidagi maydonda odam ko‘p edi. Yasangan qizlar, papiros tutatgan yigitlar… Daraxt soyasida bir oyoqli kishi qo‘ltiqtayoqqa suyanib turibdi. Oldida eski kursi, kursidagi savatda obaki. U ingichka bo‘ynining tomirini o‘ynatib, ovozi boricha baqirardi:

– Obaki dandon
Lablari xandon
Chaynama, shimi,
Chaynama-a-a!

Birpasda chanqoq ham esimdan chiqib ketdi.

– Obaki obering, – dedim yalinib.

Oyim bir zum ikkilanib turdi-da, qo‘limdan yetakladi:

– Yur.

Parvardaga o‘xshatib kesilgan obakini og‘zimga soldim-u maza qilib so‘ra boshladim. Saqichga o‘xshagan yumshoq, ammo juda shirin.

– Siz shu yerlikmisiz, amaki? – dedi oyim qandolatchiga termilib.

Qandolatchi qo‘ltiqtayog‘iga suyanib, cho‘ntagidan papiros olarkan, shubhalanib oyimga qaradi:

– Nima edi?

– Bashoratxonni qidirib keluvdik. Eri peravodniy, Ashxobodda yer qimirlaganda kasallarni olib kelgan. O‘qchida ko‘prikning oldida turadi, deyishuvdi.

– Nomeri nechchi? – dedi qandolatchi papiros tutatib.

– O‘shanisini so‘ramabman. – Oyim aybdor qiyofada yerga qaradi.

– Iya, qiziq ekansiz-ku, singil! – cho‘loq qandolatchi ovozi boricha shang‘illadi. – Afandi eshagi yo‘qolganida bir qo‘lida yantoq, bir qo‘lida tezak ko‘tarib, bozor aylangan ekan, buni yeb, buni anaqa qilganni ko‘rgan bormi, deb. Siznikiyam shundan bo‘ldi-ku.

Atrofdagi hangomatalab tomoshabinlar xaxolab kulishdi. Oyim mulzam bo‘lib sekin burildi.

– So‘rab-so‘rab Makkani topgan ekan, amallab topib olarmiz.

Ikkovlashib yana o‘sha zaxkash, ikki chetida qop-qora suv jilg‘a bo‘lib oqayotgan ko‘chaga kirdik. Oyoqda zo‘rg‘a tursam ham, dam olaylik deb oyimga xarxasha qilishga qo‘rqar edim. Boyagi odamning gapi oyimni xafa qilganini bilib turardim. Yurib-yurib yana o‘sha omonat panjarali yog‘och ko‘prikdan o‘tdik.

Oyim ro‘paradan kelayotgan, sumka ko‘targan xotinni to‘xtatdi.

– Jon singlim, bir narsa so‘rasam maylimi? Shu yerlikka o‘xshaysiz. – Oyim uning qo‘lidagi sumkasiga, bayram bo‘lsayam yasanmasdan eskiroq qarg‘ashoyi ko‘ylak kiyganiga qarab, shu yerlik deb gumon qilgan bo‘lsa ehtimol.

Xotin shoshilib turgan ekan shekilli, «gapingizni ayting» degandek qoshini chimirdi.

– Bashoratxonni tanimaysizmi? – dedi oyim shosha-pisha. – Eri peravodniy. Ashxobodda…

– Nimaga edi? – dedi ayol oyimning gapini bo‘lib.

Oyim uning ko‘ziga tikilib qaradi-da, ko‘nglida umid uyg‘ondi shekilli, ovozi dadillashdi: