banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно

– Yo‘g‘-e, – dedi oyim bo‘shashib. – Risolatxon unaqa juvon emas shekilli.

Ammam «sen jim tur» degan ma’noda onamga o‘qraydi.

– Afzalxon yoshlik qilmasin, – dedi dadam o‘ylanib. – Har qalay, umr savdosi-ya bu.

– Ha, tiling bor ekan-ku! – ammam hammasiga dadam aybdordek bobillab berdi. – Gapir! Tog‘a bo‘lib nasihat qil. Oyda-yilda bir borsang, dumingni tutqazmaysan. Hech bo‘lmasa, uyingga kelganda gapirsang, og‘zing bichilib qolmaydi-ku.

Afzalxon akam keyingi paytda biznikiga tez-tez keladigan bo‘lib qolgan. Hozir shu esimga tushdi.

– Mayli, – dedi dadam bosh silkib. – Bafurja gaplashamiz.

– Sening gapingga ko‘zi uchib turibdi! «Shunga uylanmasam, Toshkentni suvi menga harom, boshim oqqan tomonga ketaman», deydi. – Ammam jahl bilan oyimga burildi. – Nimaga mulla mingan eshakdek so‘ppayib turibsiz, kelinposhsha! Kiyinmaysizmi?

– Qayoqqa? – dedi oyim talmovsirab.

– Lahatga! – ammam yana burnini qoqdi. – Sovchilikka bitta o‘zim bormayman-ku.

Oyim garangsib sandalning bir chetiga cho‘kdi.

– Qandoq bo‘larkin? – dedi ikkilanib. Xolposh xolaga nima deymiz? «Keliningizga sovchi bo‘lib keldik», deymizmi? Bechoraning o‘zi o‘g‘lidan ayrilib jigar-bag‘ri ezilib o‘tirgan bo‘lsa.

– Yo‘q desa go‘rga… Qo‘lidan kelsa kelinini tiyib olsin!

Ammamning hamma gapini tushunmasam ham, Risolat opani yomonlayotganini his etib turardim. Yo‘q, o‘qituvchim yomonmas. Maktabdagi eng yaxshi o‘qituvchi – o‘zimizni opamiz. Hatto ikkinchi «B»dagilar ham bizga havas qilishadi. Ularning o‘qituvchisi yomon.

Ammam naridan-beri choy ichdi-yu, onamni otlantirdi.

– Sen ham yur! – dedi menga qarab.

Oyimning ko‘ziga yalinib qaradim.

– Bormayman, – dedim sekin. – Borgim kelmayapti.

– Bora qol, – dedi dadam. – Hali maktabingga vaqtli-ku.

O‘qituvchimnikiga borishga uyalar, ayniqsa, hozir sira borgim kelmasdi. Dadam ammamdan hayiqqani uchun menga buyurdi, men dadamdan qo‘rqqanim uchun noiloj kiyindim.

Xolposh xolaning bir ko‘zi ko‘r. Negadir aftiga qarashga qo‘rqaman. Ammo o‘zi juda yaxshi xotin. Nuqul «girgitton» deb gapiradi. Jo‘raboshimiz uni «Girgitton xola» deydi. Ularning uyi Toylarnikidan narida… Qor kechib ancha yurdik. Nihoyat, isiriq hidi anqigan pastakkina uyga avval oyim, ketidan tugun ko‘targan ammam, uning ketidan men kirib bordim. Xolposh xola sandal chetida xamir qorib o‘tirgan ekan. Mehmonlarni ko‘rib quvonib ketdi.

– Voy girgittonlar, voy o‘zim girgittonlar! – degancha kalovlanib o‘rnidan turdi. Qo‘li xamir yuqi bo‘lgani uchun bilagi bilan yelka qoqib ko‘rishdi. Paytavani qalin o‘ragan ekanman, piymamni yechguncha qiynalib ketdim. Xolposh xola bir zumda dasturxon yozdi. Xanik chetida cho‘nqayib o‘tirib yong‘oq chaqdi, tut mayiz, shinni qo‘ydi… Oyim qizarib-bo‘zarib, ammam esa chimirilib o‘tirardi. U tancha ichidan oyimning oyog‘iga o‘xshatibgina tepdi shekilli, onamning ixcham gavdasi silkinib ketdi.

– Ko‘p ovora bo‘lavermang, – dedi battar qizarib. – Biz bir yumush bilan keluvdik.

– Voy girgitton, ovorasi bor ekanmi? Eshonoyimning oyoqlariga qo‘y so‘ysak arziydi.

Ammam: «Gapirasanmi-yo‘qmi?» deb qoshini qoqqan edi, oyim tutilib-tutilib gap boshladi:

– Biz… Haligi… Qulchilikka keluvdik, aylanay…

Xolposh xola bir zum dovdirab qoldi. Choy quyib uzatayotgan piyolasi havoda muallaq turib qolgandak edi. U yagona ko‘zi bilan oyimga hayron tikildi.

– Shundoq bo‘p qoldi, – dedi ammam jilmayishga urinib. Uning tabassumi yig‘idan battar ayanchli edi. – Shu, Afzalxon tushmagur Risolatxondan bo‘lagiga ko‘nmayapti… Bilmadim, mabodo taqdir qo‘shgan bo‘lsa…

Xolposh xola yagona ko‘zini ammamga qadab piyolani dasturxonga qo‘ydi.

– Albatta, sizga og‘ir, – dedi oyim ovozi titrab. – Xudo shohid, dilingizni og‘ritmoqchi emasmiz. Bilamiz, bu gapning mavridi emas, o‘zingizning og‘zingiz to‘la qon…

Xolposh xola boshini xam qilib o‘yga toldi.

– Risolatni kelinmas, qizim deganman, girgitton, – dedi anchadan keyin. – Nima qilay, urush judo qildi o‘g‘limdan. Bolamning o‘rniga bolam, deb etagidan tutgan edim.– Uning ovozi titray boshladi. – Mayli, ilojim qancha, meni deb yosh umrini o‘tkazsa, Xudo nima deydi.

Ammam boshqacha gap kutgan ekan shekilli, rangi o‘chdi.

– Men aytdim, – dedi ovozini balandlatib. – «Hoy, bola, yoshlik qilma, keyin shoxing sinib qoladi», deb necha marta aytdim.

– Albatta, teng tengi bilan degan gap bor. – Xolposh xola hamon boshini quyi solib o‘tirardi. – O‘g‘lingiz ko‘z ochmagan yigit bo‘lsa. Qizim… – U jimib qoldi. – Tag‘in o‘zlari bilishadi. Ikkovining ko‘nglida shu niyat bo‘lsa bizning qo‘limizdan nima kelardi. – U qandaydir ichki sezgi bilan sergaklandi. – Shoshmang, girgitton, bolam keldi. Orifim keldi.

Chindan ham eshik ochildi-da, eski paltosining ustidan yelkasiga jild osgan Orif paydo bo‘ldi. U telpagining quloqchinini tomog‘i ostidan o‘tkazib bog‘lab olgan, qoshiqdek yuzida ko‘zoynagi allaqanday kulgili yaltirab turardi.

– Keldingmi, bolam, – Xolposh xola darrov Orifning jildini oldi.

– Sovuq qotib ketibsan-ku, shakartoyim.

Orif uchinchida o‘qiydi. Ularning darsi tugagan bo‘lsa, demak, men ham tezroq maktabga jo‘nashim kerak.

– Oyi, ketaylik, – dedim tipirchilab.

– Hali vaqtli, biz uchta o‘qidik. – Orif yelkamga qo‘lini tashladi. – Yur, qubba o‘ynaymiz.

– Mayli, narigi uyga kira qolinglar, – dedi Xolposh xola darrov ko‘nib. – Kattalarning gapiga quloq solsa uyat bo‘ladi, girgittonlar.

Orif ikkalamiz qirov bosgan derazasidan xira nur tushib turgan katalakdek uyga kirdik. Bu Risolat opaning xonasi bo‘lsa kerak, burchakda stol, suyanchig‘i baland stul bor edi. Stol ustida daftar-kitoblar taxlab qo‘yilgan. Kirpech osilgan devorda Risolat opaning chust do‘ppi kiygan kishi bilan tushgan surati. Risolat opa do‘ppili kishining yelkasiga boshini xiyol egib jilmayib turibdi.

– Bu kim? – dedim suratdagi kishini ko‘rsatib.

– Dadam! – Orif tokchadagi tovoqdan bir hovuch yong‘oq oldi. – O‘ynaysanmi?

– Mening yong‘og‘im yo‘q-ku.

– Qarzga berib turaman. – U o‘nta yong‘oqni sanab ajratdi. – Men gan qo‘yaman, xo‘pmi?

– Bo‘pti.

Qubba o‘yini qiyin emas. To‘rtta yong‘oq qubba qilib qo‘yiladi. Uzoqdan poylab tekkizsangiz, gan sizniki. Tekkizolmasangiz, otgan yong‘og‘ingiz qulog‘ini ushlab ketdi deyavering.

Birpasda qarz olgan yong‘og‘imdan beshtasini yutqazib qo‘ydim. Yong‘oq namat ustida yaxshi dumalamaydi. Yo sakrab ketadi, yo to‘xtab qoladi. Buning ustiga uy nim qorong‘i.

Rosa berilib o‘ynayotgan edik, narigi uydan Xolposh xolaning ovozi keldi.

– Sandiqning tagiga yong‘oq otmanglar, girgitton, sichqon ko‘payadi.

Ketma-ket ammamning zardaliroq gapirgani ham eshitildi:

– Mayli, endi bizlar turaylik.

…O‘sha kuni xotinlar tag‘in nimani gaplashganini bilmayman. Biroq ertasiga Risolat opa juda g‘alati, xomush bo‘lib qoldi. Tarasha bilan isitilgan temir pechka peshindan keyin ilimiliq bo‘lib qolar edi. Biz bolalar choponimizni yechmasdan o‘tiramiz. Hammadan yomoni siyoh muzlab qoladi. Siyohdonni pechka ustiga qo‘ysangiz sal eriydi-yu, yana muzlayveradi. Peroni botirsangiz qirs etadi, siyoh yuqmaydi. Har qanday sovuqda ham paltosini yechib, sochini silliq tarab, boshyalang o‘tiradigan Risolat opa o‘sha kuni negadir paltosini ham, ro‘molini ham yechmadi. O‘qish darsi edi. Doskaga chiqdim.

– O‘qi, – dedi Risolat opa jurnalni ochib.

– «Quduq yoniga uch xotin keldi. Hammasi o‘z o‘g‘lini maqtay boshladi», – deb sharillatib o‘qib ketdim. Bittayam joyida tutilmadim. O‘qib bo‘ldim-u Risolat opaning «O‘tir» deyishini kutib turaverdim. U bo‘lsa indamaydi. Og‘irligimni u oyog‘imdan bu oyog‘imga tashlab, hali turibman, hali turibman… Risolat opa derazaga tikilgancha o‘tiribdi. Shu o‘tirishda uxlab qolgandek edi. Oxiri bo‘lmadi. Avval sekinroq, keyin qattiqroq yo‘taldim.

– O‘qi, – dedi u hamon derazadan ko‘z uzmay.

– Bo‘ldim, – dedim sekin.

– A? – Risolat opa cho‘chib uyg‘ongandek boshini burdi.– Bo‘ldingmi? O‘tir, rahmat.

Risolat opa ertasigayam, indinigayam shunday bo‘lib yurdi. Har kuni o‘qituvchim bilan birga ketishga o‘rganib qolgan ekanman. Maktabdan yolg‘iz qaytish alam qilar edi. Bultur Xo‘ja bilan qaytardik. Endi uyam yo‘q: Chirchiqda. Biyday keng, kimsasiz dala o‘rtasidagi ipdek ingichka yo‘ldan o‘tguncha zerikib ketaman. Yo‘ldagi izlar chuqur-chuqur botgan, ikki cheti belim baravar qor. Sal chetga chiqsam, piymam qorga to‘lib chiqadi. Risolat opam bilan yursam maza, harna shamolni to‘sib ketadi.


Вы ознакомились с фрагментом книги.
Для бесплатного чтения открыта только часть текста.
Приобретайте полный текст книги у нашего партнера:
Полная версия книги
(всего 10 форматов)