banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно


– E, yana, gapiradi-ya! Boyvuchcha bo‘lmay tusingni yel yesin! – Ammam shaxt bilan burildi-da, nari ketdi. Darvoza oldiga borganida orqasiga qayrilib qaradi. – Yaxshisi bo‘yningizga oling, bo‘lmasa, qiyomatda azobini tortasiz!

Zum o‘tmay ammam bilan otin xola chiqib ketishdi. Sepkilli xola hamon piqillab yig‘lar, oyim supa oldida boshini xam qilgancha mung‘ayib turar edi.

– Iloyo tuhmat qilgan tuhmat balosiga uchrasin! – dedi Sepkilli xola yig‘lab. – Iloyo niyatiga yetmasin!

– Qo‘ying, ovsinjon. – Oyimning o‘zi ham yig‘lab yuboray deb turardi. – Xudoyo o‘sha bir poy zirak o‘lsin! Ko‘nglingizga olmang, jon ovsinjon!

– Tuhmat balosiga uchramasa, rozimasman! – Sepkilli xola shunday dedi-yu yig‘lagancha uyiga kirib ketdi.

Oyim bir zum supa oldida turdi-turdi-da, birdan menga o‘shqirdi:

– Nimaga serrayib turibsan? Yo‘qol ko‘zimdan, juvonmarg!

Yomon bo‘ldi. O‘sha kundan boshlab Sepkilli xola oyim bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketdi. Ammo eng yomoni yana ikki oycha o‘tgach, salqin tushgan kunlardan birida bo‘ldi.

O‘sha kuni maktabdan qaytsam, oyim sandiq ustiga muk tushib o‘tiribdi. Issiq kiyimlarni sandiqdan olgan shekilli, uy ichini kuya dorining hidi tutib ketgan, bumazi ko‘ylaklar, choponlar, quloqchinining ipi uzilgan telpaklar yer bilan bitta bo‘lib yotibdi. Yig‘layverib, oyimning ko‘zlari shishib ketgan. Dadam urgan bo‘lsa kerak, deb qo‘rqib ketdim. Sekin oldiga keldim. U bo‘lsa qayrilib qaramadi. Qo‘lidan ushlagan edim, oyim ilon chaqqandek qo‘lini tortib oldi.

– Sen bolani yer yutsa bo‘lmasmidi! – dedi g‘azabdan ko‘zi yonib. – Shu kuningdan ko‘ra o‘lib qo‘ya qolsang bo‘lmasmidi, yer yutkur!

Oyim hech qachon bunaqa qarg‘amagani uchunmi, yig‘lab yuboray dedim.

Ammo shuncha yomon gapni to‘satdan eshitganimga karaxt bo‘lib qolgan edim.

– O‘shanda nega unaqa deding, bo‘yginang lahatda chirigur! – dedi u yana dag‘dag‘a bilan.

– Qachon? Nima dedim?

– Folbinnikida, go‘rso‘xta, folbinnikida! – Oyim ovozi boricha chinqirdi. – Nega Sepkilli xolamni ko‘rdim, deding?

– Nima qilay? – dedim alamdan chiyillab. – Ko‘zimga ko‘ringanini aytdim-da!

– Mana-ku, ko‘zginang teshilgur, mana-ku! – Oyim kaftidagi allanimani yerga uloqtirdi. Oltin baldoq yerga tushib jiringlab sakrab ketdi.

– To‘rko‘ylagimga ilinib qolgan ekan-ku! Yo‘qot, ko‘zimdan yo‘qot! Bir begunohga tuhmat qilgandan ko‘ra o‘lganim yaxshimasmi! – U birdan meni quchoqlab, yuzimni yuziga bosgancha hiqillab qoldi. – Endi nima qilamiz, jon bolam!

Oyimning ko‘z yoshi birpasda yuzimni jiqqa suv qilib yubordi.

– Nima qilamiz, o‘g‘lim! Bu sharmandalikka qandoq chidayman, o‘g‘iljonim! – Oyim madori qurigandek, sandiq ustiga muk tushib qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay to‘y bo‘ldi. Sepkilli xola oyimni to‘yga aytmadi. Biroq oyim bir tog‘ora qushtili pishirdi. Hech nima bo‘lmagandek, to‘yxonaga chiqdi-yu yelib-yugurib xizmat qilib ketaverdi.

Kechqurun hovlining o‘rtasida to‘nka qo‘yib gulxan yoqishdi. Sepkilli xolaning o‘ziga o‘xshab ketadigan sarg‘ish yuzli Hakim akaga to‘n kiygizib, salla o‘ratishdi, gulxan atrofini uch marta aylantirishdi, karnay-surnay chalindi… Uy ichida ayollar, Zebi xola dutor chertgan, xotinlar tortishmachoq qilgan… Xo‘ja, Toy, Vali, men – to‘rtovlashib tortishmachoq bilan ovora bo‘lib turgan xotinlar orasiga sho‘ng‘iymiz-u cho‘ntakni shirinlikka to‘ldirib chiqamiz… Keyin to‘yxonaning qorong‘i burchaklarida rosa bekinmachoq o‘ynadik.

O‘sha kuni kech yotgan bo‘lsam ham juda erta uyg‘ondim. Endi tong otgan ekan. Qarasam, uyda hech kim yo‘q. Demak, to‘yxonaga chiqishgan.

Men ham yuzimni «mushuk yuvish» qildim-u o‘sha yoqqa chopdim. Bo‘lmasa-chi, hozir «Kelinsalom» bo‘ladi-da.

Xayriyat, «Kelinsalom»ga kech qolmabman. Hovli betkayida Sepkilli xolaning qarindosh-urug‘lari, to‘yda xizmat qilganlar to‘planib turishibdi. Erkaklar kam, xotinlar ko‘p. Faqat oyim ko‘rinmaydi. Hovli etagidagi to‘nkarib qo‘yilgan qozon orqasida g‘o‘laga minib o‘tirgan Valini ko‘rib, imlab chaqirdim.

Bir mahal otin xola (Sepkilli xolaning qo‘li egriligidan shikoyat qilgan, biz bilan folbinnikiga borgan xuddi o‘sha semiz otin xola) oq sholro‘mol yopingan, atlas ko‘ylagi ustidan oldiga uqa tutilgan nimcha kiygan kelinchakni yetaklab ostonaga olib chiqdi. Parda orqasidan kelinning yuzi yaxshi ko‘rinmas edi. Biroq yaqinroqda turgan notanish xotinning ko‘zi o‘tkir ekan.

– Vuy, muncha chiroyli! – dedi qattiq shivirlab. – Bir qoshiq suv bilan yutgudek-a!

– Baxti bor ekan sariq mashakni! – dedi boshqasi unga javoban.

Otin xola bir tomoq qirib oldi-da, ovozi boricha baqirdi:

– Assalomu alaykum, kelinsalo-o-om!

Kelinchak ohista bosh egdi. Hovlidagilar chekka-chekkadan ma’qullab javob qilishdi:

– Baraka topsin!

– Rahmat.

– Qo‘shgani bilan qo‘sha qarisin.

Otin xola yana bir marta tomoq qirib, ovozini sozlab oldi-da, boyagidan ham balandroq hayqirdi:

– Assalomu alaykum, kelinsalo-o-o-m!

Karmonni katta ochgan
Ayamay pulni sochgan,
Qorinlari qopday,
Mo‘ylovlari shopday
Qaynotasiga salo-o-m!

Odamlar chekka-chekkadan kulib yuborishdi. Isroil mo‘ylov hovli etagidagi xonadan karnayga o‘xshatib o‘ralgan kattakon namatni qo‘ltiqlab chiqdi. Hovli o‘rtasidan pishillab o‘tdi-da, namatni oborib kelinning oyog‘i tagiga qo‘ydi. Mo‘ylovini g‘olibona qiyofada bir buragan edi, xotinlar qiy-chuv solib kulib yuborishdi. Isroil mo‘ylov uvali-juvali bo‘linglar, deb fotiha o‘qidi. Otin xola yana bir tomoq qirib oldi:

– Assalomu alaykum, kelinsalo-o-o-om!

Tili bilan teng aylanadigan,
Xizmatiga shaylanadigan,
To‘ydan quruq qaytmaydigan
So‘zlari moyday, yuzlari oyday,
Qaynonasiga salo-o-m!

Yana qahqaha ko‘tarildi. Sepkilli xola qizarib-bo‘zarib, odamlar orasidan o‘tdi-da, kelin tomonga talpindi. Qo‘lidagi bir dasta chinni kosani kelinning boshiga qo‘ydi.

Otin xola tag‘in davom etdi.

– Assalomu alaykum, kelinsalo-o-o-m!

Dutorini sayratgan,
Dilimizni yayratgan,
Zebi opaga salo-o-m!

Zebi xola erkakcha yurish qilib yaqin borgan edi, ichkaridan tugun olib chiqishdi. Zebi xola tugunni olarkan, kelinning yelkasiga qoqdi.

– Baxtli bo‘lgin, qizim!

Otin xola u yoq-bu yoqqa qarab oldi-da, davom etdi.

– Assalomu alaykum, kelinsalo-o-om! Biri-biridan shirin, biri-biridan asal qaynsingillariga salo-o-om!

Hakim akaning ukasi yo‘q, uchta singlisi bor edi. Uchovlari ikkita-ikkitadan piyola ko‘tarib qatorlashib borishdi. Biriga atir, biriga sochiq, eng kichkina Saidaga ro‘molcha tegdi…

Otin xola kelinning ro‘molini o‘nglab qo‘ydi-da, tag‘in yangi kuch bilan hayqirdi:

– Assalomu alaykum kelinsalo-o-om! Oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lib xizmat qilgan, kelinning qo‘lidan ishini oladigan, og‘ziga oshini soladigan yon qo‘shni – jon qo‘shnilarga salo-o-o-om!

Oyim shu yerda ekanini endi payqadim. U odamlar orasidan rangi o‘chibroq o‘tdi-da, qandaydir, ishonchsiz qadamlar bilan kelin tomonga yura boshladi. Hatto ostona oldiga borganda bir qalqib ketgandek bo‘ldi. Qo‘lida hech nima yo‘q edi. Biroq sekin-sekin zinadan ko‘tarildi-yu, kelinning yuzidagi pardani qiya ochdi. Hovlidagi xotinlar pichir-pichirga tushib qolishdi.

– Nima qilyaptilar?

– Voy, o‘lmasam!

Otin xolaning ham g‘ashi keldi shekilli, dashnom berdi:

– Nomahramlar bor-a, poshsha!

– To‘xtang, – dedi oyim negadir ovozi titrab. Shosha-pisha kelinning qulog‘idagi ziraklarni yecha boshladi.

– Ushlang buni! – dedi sirg‘alarni kelinning qo‘liga tutqazib. Keyin o‘zining nimchasiga qo‘l soldi-yu kattakon oltin oybaldog‘ini chiqardi. Qo‘llari titragancha ikkalasini kelinning ikki qulog‘iga taqdi.

– Niyat qilgandim, – dedi oyim otin xolaga qarab. – Shuni niyat qilib qo‘yuvdim. – Shunday dedi-yu sekin egilib, kelinning peshonasidan o‘pdi.

– Iloyo qo‘sha qaringlar!

Oybaldoq shol ro‘pol tagidan ham yaraqlab ko‘rinib turar, kelinning husniga husn qo‘shib yuborgandek edi. Chekka-chekkadagi xotinlarning hayratli xitobi eshitildi:

– Vuy-y-y-y!

– Asl tillamikan?

– Nima, qalbakisini qilib esini yebdimi?

– Mana bundoq qo‘shnilar bo‘ladi jahonda!

Bir zum gangib qolgan otin xola ovozi boricha hayqirdi:

– Qilichdek o‘g‘illarni o‘stirgan, to‘yda yelib-yugurgan, oy desa, oydek, hotamtoydek poshsha opasiga salo-o-m!

Oyim odamlar orasidan turtinib o‘tdi-da, chekkaga chiqdi. Shundagina kelin tomonga o‘girilib, mamnun jilmaydi… Uning ko‘zida yosh bor edi.

O‘RIS BOLANING OYISI

Shanba kuni mashinani darvoza oldiga olib chiqishim bilan motor o‘chib qoldi. Generator tok beryapti, benzin nasosi ishlayapti. Tavakkal qilib karbyuratorni kavlashtirishga tushdim. Ochishga ochdim-u bemorning qornini yorib qo‘yib, u yog‘iga nima qilishini bilmagan no‘noq jarrohdek dovdirab qoldim. Mushtdek apparat ichida shuncha murvat borligini bilmagan ekanman. Hammasini qandoq bo‘lsa shundoqligicha joy-joyiga qo‘yib chiqqan edim, yana allaqancha vintlar, gaykalar «ortib qoldi». Nima qilishimni bilmay tajang bo‘lib tursam, orqada yuk mashinasining voshillab tormoz bergani eshitildi. Kabina eshigi taraqlab ochildi. Qarasam, o‘zimning bolalikdan birga o‘sgan «o‘ris o‘rtog‘im» Vali tushib kelyapti. (Asli oti Valentin ekanini keyin bilganman.) Mahallada shu bolaning oldiga tushadigan shofyor yo‘q. O‘zi ham mushtdek boshidan temir-tersakka qiziqadi.

– Bormisan! – dedim quvonib. – Kasal tuzalaman desa, tabib o‘z oyog‘i bilan keladi-da.

U shoshilmasdan oldimga keldi.

– Nima bo‘ldi? – dedi motorga mo‘ralab.

– Buni ko‘rmaysanmi, – deb qo‘limdagi murvatlarni ko‘rsatdim. – Olmadek narsaga shuncha lash-lushni erinmasdan joylashganiga qara! Injenerlar ham ovsar ekan!

U «operatsiya» bo‘lgan karbyuratorga qaradi-da, hushtak chalib yubordi.

– Injenerlar ahmoqmas, sen ahmoqsan! – dedi jingalak sochlarini silkitib. – Ertadan boshlab men ham kitob yozib tashlasam nima bo‘ladi? Aqling yetmagan ishga aralashib nima qilasan?

G‘aribona qiyofada iljayib turgan bo‘lsam kerak, u kulib yubordi. Paralon kurtkasini yechib, mashina tomiga tashladi-da, buyurdi:

– Otvyortkangni ol!

Biroq ishga kirishmadi.

– Aytmoqchi, mamashkani olib keluvdim, – dedi ZIL tomonga imo qilib. – Sizlar gaplashib turgunlaringcha buyog‘ini amallab ko‘raman.

Boyadan beri e’tibor bermagan ekanman. Yuk mashinasining kabinasida o‘tirgan Zebi xolani endi ko‘rdim. Ikkovlashib mashina oldiga bordik. Vali zinaga sakrab chiqib kabina eshigini ochdi. Boshiga qalin ro‘mol o‘ragan, qora baxmal nimcha kiygan oyisini ko‘targudek bo‘lib zinadan tushirdi. Qarasam, Zebi xola mushtdekkina bo‘lib qolibdi. Oyimning ma’rakalarida kelganida o‘z tashvishim bilan bo‘lib, razm solmagan ekanman, endi payqadim. Avvalgi alp qomatli, yurganida yer gursullaydigan Zebi xolaning yarmi ham qolmabdi. Ro‘moli ostidan chiqib turgan sochlari qordek oqarib ketibdi. Qop-qora yuzi yanayam qorayib, ko‘kimtir tusga kirgandek.

– Poshsha singlimdan qolgan yodgorim! – dedi u meni bag‘riga bosarkan, bo‘g‘iq ovozda. Ozg‘in qo‘li bilan yelkamga qoqib, og‘ir-og‘ir harsillab nafas oldi. – O‘zimning shirin o‘g‘limdan o‘rgilay, yaxshi o‘tiribsanmi?

Bolalikdan qulog‘iga rayhon taqib yurishiga ko‘nikib qolganim uchunmi, hozir ham undan rayhon isi anqib ketgandek bo‘ldi.

– Yuring, – dedim uyga boshlab. – Birpas dam oling.

– Yo‘q, u yoqdamas, singlimning uyida o‘tiraman. – Zebi xola og‘ir-og‘ir qadam bosgancha, oyimning xonasiga qarab yurdi. – Singlimning joyida birpas o‘tiray, – dedi-yu doim oyim o‘tiradigan joyga, deraza tagiga cho‘kdi. Bo‘g‘iq ovozi titrab uzoq tilovat qildi.

– Dunyo shunaqa ekan, jon bolam, – dedi o‘ychan ovozda. – Hamma bir-bir ketaverarkan…

– O‘zingiz bardammisiz, xola? – dedim so‘lg‘in yuziga, titrab turgan qop-qora qo‘llariga qarab. – Nevaralar katta bo‘lib qoldimi!

– Xudoga shukur, bolaginam o‘zidan ko‘paydi. Olti nevaraning duosini qilib o‘tiribman. Valijonim bitta bo‘lsa ham o‘ntaga tatiydigan chiqdi. – Zebi xola shoshilmasdan choy ho‘plarkan, devordagi mixga ilig‘lik duxoba g‘ilofli dutorga qarab-qarab qo‘ydi. Oyim dutorni juda avaylar, «adangdan qolgan yodgorlik», deb doim ko‘z o‘ngida saqlardi. Shu ondayoq bolalikdagi xotiralar, Zebi xolaning dutor chalganlari esimga tushdi-yu sekin so‘radim:

– Hali ham chalib turasizmi?

Zebi xola ma’yus jilmaydi.

– Dutor chalish qatta, bolam. Qo‘l o‘lgur titraydi. – U bir zum jimib qoldi-da, o‘ychan davom yetdi. – Qaysi kuni tush ko‘rsam, poshsha singlim bilan bir joyda o‘tiribmiz. Nuqul dutor chalayotgan emishman. – U shikasta kuldi. – Odamzod shunaqa ekan, – dedi xo‘rsinib. – Bola-chaqam derkan, yelarkan-yugurarkan, endi og‘zi oshga yetganda yiqilarkan. – U titroq qo‘llari bilan tizzasining ko‘zini siladi. – Sal sovuq tursa, oyog‘im shishib ketadi. Valijon mahsi oberaman, o‘zingiz kiyib ko‘rib tanlaysiz, deb qo‘ymadi. Ketayotgan joyimda birrov singlimnikiga kirib chiqay, dedim.

Yana choy quyib uzatgan edim, Zebi xola bosh chayqadi.

– Mayli, bolam, men bora qolay endi.

Ikkovlashib tashqariga chiqqanimizda Vali mening mashinamda o‘tirar, motorni gurullatib sinab ko‘rar edi.

– Bo‘ldi, – dedi o‘tirgan joyida derazadan boshini chiqarib. – Ikkinchi bunaqa ustachilik qilsang, o‘zingdan ko‘r.