banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно


Tajang kishi asabiylik bilan boshini ko‘tardi. Nosini tupurib, kaftining orqasiga labini artdi.

– Shu jo‘jami! – dedi ingichka, tajang ovozda. – Ko‘zmi, po‘stakning teshigimi!

Burni cho‘michdek xaridor pinagini buzmadi.

– Chan pul cho‘cha? – dedi yana.

– Bu jo‘jamas, xo‘roz! – Tajang kishi o‘rnidan turib ketdi. – Babaq xo‘roz! Bir tepsa odamni yiqitadi!

Burni cho‘michdek xaridor yana pinagini buzmadi.

– Ha, endu cho‘cha-da! Chan pul o‘zu?

Shunda kutilmagan voqea bo‘ldi. Tajang kishi babaq xo‘rozni oyog‘idan yulqib ko‘tardi-yu, xaridorning boshiga tushirdi.

– Mana senga «cho‘cha!» – dedi baqirib.

Xo‘rozning qiyqirig‘i bilan xaridorning dodlashi baravar eshitildi. Boshidagi ayvoni keng shapkasi uchib, tezak ustiga tushdi. Xo‘rozning qizil patlari hammayoqqa to‘zib ketdi.

Xaridor silliq boshini changallagancha odamlar orasiga sho‘ng‘idi. Zum o‘tmay, shopmo‘ylov militsionerni boshlab keldi.

– Mana shu! – dedi xo‘rozni amallab buti orasiga tiqayotgan tajang kishini ko‘rsatib. – Boshimga urde! Ho‘kizdek xeroz bilan urde! Tuyadek xeroz bilan urde! Bosh yorilg-o-on!

– Nima gap, grajdanlar? – Shopmo‘ylov militsioner cho‘ntagidan hushtak olib, lunjini shishirgancha churillatdi.

Tomoshaning davomini ko‘rishni juda xohlardim-u oyim qo‘ymadi.

– Yur, keta qolaylik, – dedi sekingina. – Bizniyam boshimiz baloga qolib yurmasin.

Odamlar, mollar orasidan o‘tib, nari ketdik. Ana, nihoyat bizning echkichaga ham xaridor topildi. Peshonasiga qiyiqcha tang‘igan kishi Qoraquloqni u yog‘idan o‘tib tomosha qildi, bu yog‘idan o‘tib tomosha qildi.

– Qancha so‘raysiz? – dedi oyimgamas, echkicha qarab.

– Besh yuz so‘m.

– Uch yuz! – qiyiqcha tang‘igan kishi echkining bo‘ynidan silab qo‘ydi. – Shoshib turibman, olaman-u ketaman.

– Yo‘q, amaki, bu zotli mol, – dedi oyim bosh chayqab. – Onasi har yili ikkitadan tug‘adi, ko‘p sut beradi. Suti yog‘li, sigirnikiga o‘xshaydi. Besh yuzdan kamiga bo‘lmaydi.

Qiyiqcha tang‘igan kishi savdolashib o‘tirmay nari ketdi. Yana ikkita xaridor keldi. Biri uch yuz o‘n so‘mga chiqdi, ikkinchisi ikki yuz ellikdan oshmadi. Keyin echkimizni hech kim so‘ramay qo‘ydi. Turib-turib zerika boshladim, bir hovuch yong‘og‘imni u qo‘limdan bu qo‘limga olaman, bu qo‘limdan u qo‘limga olaman… Kun isib borar, suv ichgim kelardi. Oyim ham toliqib ketdi shekilli, nuqul atrofga javdiraydi.

– Dallol topmasak bo‘lmaydi shekilli, o‘g‘lim, – dedi ruhi tushib.

Xuddi shuni kutib turgandek, telpagining quloqchinini kuya yegan, paxtali shimining tizzasigacha go‘ng bo‘lib ketgan kishi paydo bo‘ldi.

– Ha, yanga, uloqchaga xaridor chiqmadimi? – dedi shang‘illab.

– Uloqchamas, echki-ku, – dedi oyim ranjib. – Qarang, zotli mol, onasi har yili ikkitadan tug‘adi. Ko‘p sut beradi. Suti quyuq, sigirnikiga o‘xshaydi.

– Ko‘rib turibman! – Telpakli kishi qo‘l siltadi. – Mushukdekkina echki ekan. Bo‘g‘oz bo‘lganmi-yo‘qmi?

Oyim bosh chayqadi.

– Unisini aytolmayman. Yolg‘on gapirib nima qildim. Ammo onasi zotli. Har yili ikkitadan tug‘adi, sersut…

Telpagini kuya yegan kishi bir zum o‘ylanib qoldi.

– Endi, yanga, gap bundoq, – dedi tag‘in shang‘illab.– Men xolis odamman, ko‘rib turibman, boyadan beri turaverib, sarg‘ayib ketdingiz. Xo‘p desangiz, molingizni sotib beraman. Ammo cho‘talni oldindan kelishib olamiz: yigirma besh so‘m!

– Mayli, bir gap bo‘lar, – dedi oyim sekin. – Baraka toping, insofli odamga o‘xshaysiz… Ammo o‘zi zotli mol…

– Qancha so‘rayapsiz o‘zi? – dallol onamning gapini bo‘ldi.

– Besh yuz.

–Nima? – dallol dahshatli gap eshitgandek ko‘zini ola-kula qildi. – Besh yuz so‘mga govmish sigir beradi-ku! Hozir bozor arzon. Qish kelyapti, yanga! Qish kelyapti! Yem tashvishi bor, pichan tashvishi bor…

Onam norozi qiyofada yelkasini qisdi.

– Mana shu bolamga pufayka olib bermoqchiman. Adasi besh yuzdan kamiga ko‘nma deganlar.

– Gapga pasmatri! – dallol xuddi onam gunoh ish qilib qo‘yganday qo‘lini silkitdi. – Odamlardayam diyonat qolmapti o‘zi!

U endi burilib ketayotgan edi, oyim yalindi:

– Xudo xayringizni bersin, bitta-yarimta insofliroq xaridor toping. Mayli, haqingizni beraman.

Dallol qaytib keldi. Qoraquloqning qornini paypaslab ko‘rdi.

– Mayli, – dedi to‘ng‘illab. – Shoshmay turing-chi.

Chorak soatchadan keyin u eskiroq chopon kiygan kishi bilan mendan kattaroq bolani boshlab keldi. Bolaning boshida yap-yangi do‘ppisi bor edi. Do‘ppi uning uzunchoq boshida g‘alati qiyshayib turardi. Pufaykadan ortgan pulga oyim mengayam yangi do‘ppi oberadi, degan fikr lip etib xayolimdan o‘tdi.

– Mana! – dedi dallol shang‘illab. – Shundan yaxshi xaridor topolmaysiz.

– Qancha so‘raysiz? – eski choponli kishi negadir onamga emas, dallolga qaradi. – Bo‘ladiganini ayting.

– Bo‘ladigani ikki yuz ellik so‘m! – Oyimning o‘rniga dallol javob berdi.

– Yo‘g‘-e, – dedi oyim cho‘chib. – Hozir uch yuzga bermadim-ku.

– O‘zimga emas, mana bu bolaga olyapman! – eski choponli kishi uf tortdi. – Rangini qarang, bola bechorani! Kasaldan yangi turgan: sil!

Oyim ham, men ham bolaga tikilib qoldik. Hali do‘ppisiga qarapman-u o‘ziga qaramagan ekanman. Bola chindan ham rangsiz, katta-katta ko‘zlari odamga ma’yus termilib boqar edi.

– Yong‘oq! – dedi u qo‘limdagi yong‘oqlarni ko‘rib. Ovozi qizlarnikiga o‘xshagan ingichka, iltijoli edi.

– Ber, ber! – dedi oyim shoshilib. – Hammasini ber.

Qo‘limdagi yong‘oqlarni ham, cho‘ntagimdagilarniyam bolaga berdim. Nima qipti, hali terib olaveraman. Ko‘chamizda yong‘oqdan ko‘pi bormi?

– Yuz so‘m! – eski choponli kishi dallolning qo‘lidan tutdi. – Bor baraka!

– Voy, nima deyapsiz, amaki? – Oyim xuddi birov tortib olayotgandek echkining arqonidan mahkam ushlab o‘ziga tortdi. – Bu zotli mol. Onasi har yili ikkitadan tug‘adi. Sutni ko‘p beradi. Sutiyam yog‘li.

– Sizam insof qiling-da, birodar! – dallol endi xaridorga qarab qo‘lini paxsa qildi. – Yangam rost aytyaptilar. Zotli mol, erta-indin qochib qolsa, bahorda maza qilib sutini ichasiz.

Oyimga jon kirdi.

– Shuni aytaman-da! Zotli mol! Onasi har yili ikkitadan tug‘adi. Ko‘p sut beradi. Suti yog‘li, sigirnikiga o‘xshaydi.

Xaridor horg‘in bosh chayqadi.

– O‘zimga qolsa-ku, besh yuzga ham olaverardim. Shu bolaga so‘rayapman. – U tag‘in bolaga imo qildi. Bola yong‘oqlarni u qo‘lidan bu qo‘liga olar, yupqa, qonsiz lablarini pichirlatib sanar edi. – Hech kimi yo‘q bechoraning,– dedi xaridor ovozini pasaytirib. – Savob bo‘lar deb boshiga do‘ppi oberdim. Otasi frontda o‘lgan. Yaqinda onasiyam qazo qildi: sil edi bechora. Yetmish yashar kampir buvisi bilan qoldi. Men qo‘shnisi bo‘laman. Kampir bechoraning kigiz tagiga yig‘ib qo‘ygan jindek puli bor ekan. Shunga bittagina echki obering, deb yalindi. Savob uchun tushdim bozorga.

Goh bolaga, goh onamga qarab karaxt bo‘lib qoldim. Bola hamon yong‘oqlarini sanar, oyim ham unga tikilib qolgan edi. Birdam onamning ko‘zlarida yosh aylandi. Bir qo‘li bilan arqondan tutgancha ikkinchi qo‘li bilan bolaning do‘ppisi ustidan boshini siladi.

– Aynoniy-a! – dedi ovozi titrab. – Hech nima qilmaydi. Hali shundoq yigit bo‘lasanki, sen ko‘rganni hech kim ko‘rmaydi, bolam!

– Mana, bori shu! – xaridor bir so‘mlik, uch so‘mlik pullardan bir hovuchini dallolning qo‘liga tutqazdi.

– Qancha? – dedi dallol.

– Yuz ellik so‘m!

Dallol oyimning arqon ushlab turgan qo‘lini kaftiga olib silkita boshladi.

– Bor baraka deng endi, yanga! Bor baraka deng!

U har siltaganda oyim qo‘li uzilib ketgudek bo‘lib butun gavdasi bilan silkinar edi.

– Hech bo‘lmasa yana ellik so‘m qo‘shing, amaki, – dedi onam eski choponli kishiga iltijoli termilib. – Zotli mol, onasi har yili ikkitadan tug‘adi.

– Nima qilay, singil! – xaridor tag‘in bosh chayqadi.– Mengamas, bolaga deyapman-ku. Savob uchun tushdim bozorga, bor puli shu bo‘lsa, men nima qilay?

– Axir, menam bolamga pufayka obermoqchiman, – dedi onam yig‘lamsirab.

– Savob ham kerak-da odamga, yanga! – Dallol oyimning qo‘lini qo‘yib yubormay shang‘illadi. – Dunyoga kelib, nima karomat ko‘rsatdik?! Ko‘prik soldikmi, machit qurdikmi…

– To‘g‘ri-ku, lekin… Bolamga pufayka… Zotli mol…

Endi onamning gapini xaridor bo‘ldi.

– Xudoga shukur deng, singil. Bolangizni boshida otasi bor ekan, siz bor ekansiz. Jayam yangi bo‘lmasa eskiroq pufayka oberarsiz. Bu bechoraning kimi bor?

Oyim bolaga bir nafas termilib turdi-yu arqonni sekin qo‘yib yubordi. Bola hamon lablarini pichirlatib yong‘oq sanar edi.

– Mang, yanga! Rozi bo‘ling, – dallol pulni sanab oyimga tutqazdi. – Xizmat haqimni opqoldim. Ammo rozi bo‘ling.

Oyim pul changallab turgan qo‘li bilan tag‘in bolaning do‘ppisi ustidan boshini siladi.

– Xafa bo‘lma, o‘rgilay! Buvingga mendan salom aytgan. Echki sotgan xotin salom aytdi, degin.

Dallol bir tomonga, echki yetaklagan choponli odam bilan bola ikkinchi tomonga ketib, zum o‘tmay odamlar orasidan g‘oyib bo‘lishdi. Onam qo‘liga tuflab-tuflab pulni hafsala bilan sanadi, nimchasining cho‘ntagiga soldi. Ammo ko‘ngli to‘lmadi shekilli, o‘sha zahoti cho‘ntakdan qaytarib olib ko‘ylagining yoqasi tagiga yashirdi. G‘ussaga cho‘kib xo‘rsindi.

– Xudodanam o‘rgilay! Bandasining boshiga shuncha g‘am solmasa nima qipti-ya!

Ikkalamiz indamay yo‘lga tushdik. Oyim qo‘limdan tutgancha boshini quyi solib borar, chamasi boyagi bolani ham, hozir uyga borib dadamdan so‘kish eshitishni ham o‘ylar, o‘ylab o‘yiga yetolmas edi. Yana o‘sha kabobpaz, oshpaz oldidan o‘tdik. Kabob isi so‘lagimni oqizsa ham indamadim. Bilaman, endi oyim kabob obermaydi.

Bozor darvozasiga yetganda onam to‘satdan to‘xtab qoldi.

– Voy sho‘rim! – dedi rangi o‘chib.

Men onam pulni oldirib qo‘ydi deb qo‘rqib ketdim.

– Echkini arqoni bilan berib yuboribmiz-ku! – U shunday dedi-yu, qo‘limdan mahkam tutgancha odamlar orasiga sho‘ng‘ib yana orqaga sudrab ketdi. – Irimi yomon bo‘ladi. Molni arqoni bilan sotib bo‘lmaydi. Voy, meni yer yutsin! Endi nima qildik-a? Bizni kutib o‘tirarmidi. Ketib bo‘ldi endi! – U shunday derdi-yu, odamlarga urilib, surilib mol bozoriga shoshilardi. Ana, yana bozorga kirdik. Endi mollar xiyla kamaygan, biroq odam qalin edi. Boyagi «o‘zimizning» joyga qaytib keldik. Ammo endi bu yerda toychoq savdosi bo‘layotgan ekan.

– Dallol shu yerning odami-ku. Topilar axir, – derdi oyim menimi, o‘zinimi yupatib. Odamlar to‘dasida anchagina garangsib yurdik. Bir mahal… bir mahal mo‘jiza ko‘rgandek taqqa to‘xtab qoldim. Atrofga alang-jalang qarayotgan onam qo‘limdan siltadi.

– Yursang-chi, anqaymasdan!

– Qoraquloq, – dedim sekin. – Ana, Qoraquloq! O‘zimning echkim.

Men echkimni darrov tanidim. Qulog‘idan tanidim. Yo‘q, o‘zi oq, qulog‘i qora bo‘lgani uchunmas. Chap qulog‘ining qiyshiqligi uchun. Ertalablari echkini sog‘ishdan oldin oyim uni iyitish uchun bolasini birpas emizib olardi. Uloq onasining yeliniga bir yopishgandan keyin ajratish qiyin bo‘ladi. Shunda men uning qulog‘idan ushlab tortaveraman, tortaveraman. Har kuni tortaverganim uchun bir qulog‘i qiyshayib qolgan.

– Qani? – dedi oyim alanglab. – Qani echki?

– Ana! – qo‘lim bilan o‘n qadamcha narida, bir to‘da odam orasida turgan echkimni ko‘rsatdim. Boyagi eski choponli kishi echkining arqonidan ushlab turar, telpagining quloqchinini kuya yegan dallol esa shlapali semiz odamga qo‘lini paxsa qilib bir nimani tushuntirar edi. Faqat yangi do‘ppili bola ko‘rinmasdi…

– Bu zotli mol, akam aylanay! Onasi har yili ikkitadan tug‘adi, – dedi dallol shang‘illab. – Kuniga bir chirpitdan sut beradi. Suti sigirnikidan ham yog‘li. Pulingiz yoningizda ketadi, akam aylanay.

– Judayam osmondan kelavermang-da, siz ham. – Shlapali odam norozilik bilan bosh chayqadi. – Hech bo‘lmasa olti yuz deng.

– O‘zingiz ham juda janaz[1 - Janaz – ziqna, qurumsoq.] odam ekansiz-da. Qarang, buning qornida bolasi bor! – Choponli kishi echkining ikkala biqiniga shapillatib qo‘ydi. – Xudo xohlasa, ayni qish chillasida bolalarning og‘zi oqarib qoladi, birodar!

Allaqayoqdan boyagi yangi do‘ppili, rangsiz bola paydo bo‘ldi.

– Dada, – dedi choponli kishiga qo‘lidagi obakini ko‘z-ko‘z qilib. – Mana, obkeldim!

– Bizniyam boshimizda o‘zimizga yarasha tashvish bor,– choponli kishi bolaga imo qildi. – O‘g‘lim o‘z qo‘li bilan bir yil boqdi echkini. Endi shuning qo‘lini halollab qo‘ymoqchiman, birodar. To‘y qilish osonmi shu zamonda.

Oyimga qaradim. Uning og‘zi lang ochilib qolgan, qalin lablari pirpirar, ko‘zida yosh bor edi.

– Voy, – dedi u anchadan keyin zo‘rg‘a tili kalimaga kelib. Qiziq, nazarimda u kulgandek bo‘ldi. Yo‘q, uning yig‘layotganini keyin payqadim. – Voy imonsizlar! Ikkalasi bitta odam ekan-ku.

– Men xolis odamman! – Dallol yana shang‘illadi. – Savob ham kerak-da odamga. Dunyoga kelib nima karomat ko‘rsatdik. Ko‘prik soldikmi, machit qurdikmi?..

Oyim madori qurigandek qo‘limni qo‘yib yubordi.