banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно

U hamon sirg‘angancha obkashini lapanglatib ketayotgan ayolga anchagacha qarab turdi-da, qo‘limdan tutdi.

– Yur, keta qolaylik.

Bu yerga nima uchun kelganimizni tushungandek bo‘ldim.

Kecha dadam «surishtirib ko‘rish kerak» degan edi. Bundan chiqdi oyim sovchilarni qo‘ni-qo‘shnisidan bilib olmoqchi.

Choyxona ro‘parasida pastak tomiga qora qog‘oz tashlangan, derazasining ko‘ziga yaltiroq xitoy qog‘oz yopishtirilgan sartaroshxona bor ekan. Ichkarida kim borligini bilmadim-u, biroq do‘kon eshigi oldidagi yog‘och xarrak bo‘sh edi. Uch-to‘rt qadam yurgandan keyin oyim to‘xtab qoldi.

– Sochingni oldiramizmi? – dedi to‘satdan.

Ikkilanib qoldim. Sochimni oldirib borsam, akalarim, jo‘raboshi albatta boshimga shapatilab «ustara haqi» olishadi.

– Yura qol, – oyim yelkamga qoqdi. – Soching o‘sib rangingni siqib yuboribdi.

Ochiq eshikdan sekin mo‘raladim. Ichkarida mijozlar yo‘q, oldiga kir peshband taqqan sartarosh devor tomonga qarab choy ichib o‘tirgan ekan. Kechagi yomg‘irda bu yerdan ham chakka o‘tgan shekilli, hujraning xomsuvoq qilingan devoriga uzun-uzun zahkash iz tushib qolgan. Oyim eshikdan mo‘ralab sekin yo‘taldi.

Sartarosh yelkasi osha burilib qaradi. Mo‘ylovi tekis qaychilangan qisiqroq ko‘zli kishi ekan.

– Jiyanning sochini olamizmi? – dedi o‘rnidan turib. Shundagina uning bitta oyog‘i yog‘och ekanini ko‘rdim. Nosrang galife shimining yog‘och oyog‘idagi pochasini qayirib qo‘yibdi. U taxtalarining orasi ochilib yotgan polni do‘pillatib yaqin keldi. – O‘tir, jiyan, – dedi eski kursiga imo qilib.

Devorga tirab qo‘yilgan xira toshoyna ro‘parasiga o‘tirdim. Oyim boshimdan do‘ppimni yechdi-da, boya sartarosh o‘tirgan kursiga joylashdi.

– Ustarada olamizmi, mashinadami? – sartarosh stol ustida yotgan, soch tolalari yopishgan matoni qoqib-qoqib bo‘ynimga solarkan, onamga yuzlandi.

– Mashinada ola qoling, – dedi oyim.

Sartarosh qutichadan yaltiroq mashinasini oldi. Chakkamga mashinani tirab shiq-shiq qilgancha sochimni olishga tushdi.

– Nega ixraysan? – sartarosh boshimni besh barmog‘i bilan changallagancha dashnom berdi. – Soldat hamma narsaga chidashi kerak. Za Rodinu, deb atakaga borsang ham ixraysanmi?

Oyimdan panoh kutib, aksini oynada ko‘rish umidida mo‘raladim. Biroq ko‘zgu shunaqangi xira ediki, o‘zimning yuzimni zo‘rg‘a ko‘rardim.

– Siz shu yerlikmisiz? – dedi onam bir mahal.

– Sho‘tlikmiz, – sartarosh ishini davom ettirarkan, onamga burilib qaradi. – Nimaydi?

– Men bir xayrli yumush bilan keluvdim, – dedi oyim osoyishta ohangda. – Odilxo‘ja deganni taniysizmi? Ayollari chevar ekan. Muborak chevar.

– Nega tanimas ekanman! – sartarosh tantana bilan ovozini balandlatdi. – Shundoq Mahmud bukur bilan qo‘shni turadi-da, otxonadan o‘tsangiz to‘rtinchi darvoza!

– Bir narsani bilmoqchiydik, – oyim bir zum jimib qoldi-da, davom etdi. – Xudoyiligingizni aytsangiz: qanaqa odamlar o‘zi, tag-zoti qanaqa, asli shu yerlikmi yo boshqa joydan kelishganmi?

– Ha-a-a! Bundoq demaysizmi? – sartarosh onamning maqsadini tushundi shekilli, bosh irg‘adi. – Tag-zoti toza odamlar! Qadimdan shu yerda turishadi. Ota-bobosi bog‘bon o‘tgan. Katta uzumzori bo‘lardi. Shibilg‘oni deysizmi, shakarangur deysizmi, echkemarmi – hammasi shu bog‘da bo‘lardi. Ana uzum-u mana uzum! Urushning kasofati bilan ko‘plari yo‘q bo‘p ketdi. Qo‘li qisqalik qip qoldi bechoralarni!

Sartarosh gapirgan sayin g‘ayratga kirar, g‘ayratga kirgan sayin mashinani tezroq shiqirlatar, unga sayin sochim ko‘proq yulinar edi. Ko‘zimdan yosh chiqib ketdi.

– Avlodida yomon odamlar chiqmaganmi? – dedi onam. – Qimorboz, o‘g‘ri, nashavand deganday…

– Yo‘q! – dedi sartarosh qat’iyat bilan. – Hammasi yaxshi odamlar.

Onam yengil tortib, xo‘rsinib qo‘ydi.

Endi sochimning orqasini olishga navbat keldi. Sartarosh kaftini botirib, nuqul boshimni pastga egadi. Boshim egilgan sayin paydarpay burnimni tortaman.

– O‘g‘li-chi? – dedi oyim asosiy maqsadga o‘tib. – To‘laganxo‘ja degan o‘g‘li bor emish…

– Vo! – sartarosh mashina bandiga tiqilgan bosh barmog‘ini dikkaytirib ko‘rsatdi. – Meravoy bola! Ma’lim! Maktabda ma’limlik qiladi.

– Urushga bormaganmi?

– Yo‘q, – sartarosh qitig‘imni keltirib tag‘in bo‘ynimga mashina soldi. Shilt etib burnimni tortdim. – Ma’limlarni urushga olishmagan. Ammo meravoy bola! Nima, quda bo‘lmoqchimisizlar?

– Qaydam, – dedi oyim sekin. – Taqdir qo‘shgan bo‘lsa…

– Ammo og‘iz solishgan bo‘lsa shu boladan qolmanglar. Tag-zoti ko‘rgan, buning ustiga kimsan, ma’limni kuyov qilasiz-u jon demaysizmi, singil! O‘zingiz kimning oilasi bo‘lasiz?

Oyim hammasini batafsil aytdi. Dadamni, asli qayerdan kelib chiqqanimizni…

– Yulduzinglar yulduzlaringga to‘g‘ri kepti! – dedi sartarosh mashinani puflab-puflab tozalar ekan. – Xudo xohlasa osh yer ekanmiz-da!

Qutulganimga shukur qilib, dik etib o‘rnimdan turdim.

Onam do‘ppimni boshimga kiygazib, sartaroshga pul berdi.

– Iye, qudalardan pul olsak qandoq bo‘larkin? – sartarosh pulni shimining kissasiga tiqarkan, tayinladi. – Shulardan qolmang, yaxshi odamlar.

Uyga qaytishimiz bilan bir burda zog‘orani oldim-u ko‘chaga yugurdim. Maydonchada o‘ynab yurgan Toy, Vali, jo‘raboshi – hammasi paysalga solmay «ustara haqi» olishdi. Ayniqsa jo‘raboshi o‘rta barmog‘i bilan chertganda boshim og‘ridi. Lekin chidab turdim. O‘zim olib kelgan yangilik bilan hammani qoyil qoldirmoqchi edim.

– Yaqinda biznikida to‘y bo‘ladi! – dedim maqtanib. – Opamning to‘yida rosa osh yeymiz! Keyin quda buvi menga ko‘ylak tikib beradi. «Zinger» mashinasi bor!

…Lekin to‘y bo‘lmadi. Bir oydan keyin ham, bir yildan keyin ham… Bir-ikki marta opam, «kerakmas», deb yig‘laganini, oyim, «ko‘nglingdagini ayt bo‘lmasa», deganini eshitib qoldim.

Tanish sovchilar hamon tez-tez kelib turishar edi. Bir kuni ertalab tursam, oyim yo‘q. Tushga yaqin xomushroq qaytdi. Ertasiga opam ishga ketganida, nonushta ustida dadamga qiziq gap aytdi.

– Pishmaydigan savdoga o‘xshaydi. Urug‘ida jinni bor ekan. To‘laganxo‘janing katta amakisi uch-to‘rt marta jinnixonaga tushgan ekan.

– Bo‘lmaydi! – dedi dadam keskin qo‘l siltab. – Sovchilar yana kelsa javobini berib yubor.

Bir narsani hech tushunmasdim. O‘shanda onam sovchilarning kelib chiqishi qayerdanligi-yu, avlodida yomonotliq odamlar bor-yo‘qligini, kasb-kori nima-yu, qarindoshlarida kasallar bor-yo‘qligini nima uchun bunchalik surishtirganiga hech aqlim bovar qilmasdi.

Bu savdolar, bu savollar bora-bora yodimdan chiqib ketdi. Biroq kunlardan birida g‘alati voqea bo‘ldi. Redaksiyada ishlab o‘tirsam, egnidagi kiyimidan tortib taqinchoqlarigacha juda yarashgan ko‘hlik ayol kirib keldi.

Anchagacha gapni nimadan boshlashni bilolmay uyalib o‘tirdi-o‘tirdi-da, oxiri dardini ochdi.

– Islom akam ikkalamiz bir-birimizni yaxshi ko‘ramiz. Ammo ajrashmasak bo‘lmaydi.

Xudo haqqi, bunaqa masalalarga aralashishni jinimdan yomon ko‘raman.

Ko‘hlik juvonga to‘g‘risini aytdim, o‘z hayotingizni o‘zingiz hal qiling, dedim.

Ayol bir zum yerga qarab turdi-da, iltimos qildi.

– Islom akam bilan bir gaplashib ko‘rsangiz…

«Islom akasi» kelishini xayolimga ham keltirmagan edim. Uch kundan keyin eshikdan har jihatdan mukammal yigit kirib kelib o‘zini tanishtirganida hayron qoldim. Ikkovlari bir-biriga shu qadar munosib ediki, shundoq oilaning ajrashmoqchi ekaniga achinib ketdim. Gapni nimadan boshlashni bilmay garangsib turgan edim, Islomning o‘zi muddaoga o‘tdi.

– Xotinim meni, men xotinimni sevaman. Bolamiz yo‘qligiga xafaman. Ammo choramiz ham yo‘q!

– Hozirgi zamon meditsinasi uchun shuyam problema bo‘ptimi, – dedim Islomni yupatib. – Uchrashib ko‘ringlar axir.

Islom ma’yus jilmaydi.

– O‘zim vrachman. Vrach bo‘lganim uchun xotinimning tug‘ishini xohlamayman.

Butunlay esankirab qoldim.

– Nega axir? Bir-birlaringni sevsangiz. Munosib bo‘lsangiz…

– Men vrachman, – dedi Islom yana bo‘g‘iq ovozda. – Genetikani yaxshi bilaman. Xotinimning o‘g‘il tug‘ishidan qo‘rqaman. – U yana xo‘rsindi. – Qo‘rqaman. Umuman, hammasiga o‘zim aybdorman. Nazirani sevardim. Xudbinlik qildim. Boshida aytishim kerak edi.

U nimanidir, juda muhim narsani aytishga ikkilanar edi.

– Mayli, – dedi nihoyat. – Rostki, sizga yuragimni ochdimmi, bu yog‘iniyam aytishim kerak. Mening buvam– dadamning otasi ShZ bo‘lgan.

– Nima u ShZ? – dedim daf’atan tushunolmay.

– Shezofreniya kasalligi. Ruhiy xastalikni meditsinada shunaqa deyiladi. Bu – naslga o‘tadigan dard. Ota avlodida bo‘lsa o‘g‘ilgami, nevaragami, xullas kimgadir o‘tadi.

– Qiziq ekansiz, – dedim uni yupatib. – Vrachlar vahimachiroq bo‘ladi o‘zi! O‘tmasa-chi!

– O‘tsa-chi! – Islom mahzun qiyofada boshini quyi soldi. – Men-ku mayli, Nazirada nima ayb? Ruhiy xasta bola bilan umrbod ezilib yuradimi?!

Yana allanimalar deb ko‘nglini ko‘targan bo‘ldim. Islom mahzunlik bilan jilmayib o‘tirdi-o‘tirdi-da, indamay chiqib ketdi.

…Shunda chakka o‘tgan o‘sha kecha, erta bahorda oyim bilan loy kechib, Qa’niga borganimiz, frontovik sartarosh, yana ko‘p narsalar yodimga tushdi. Onamni qo‘msash aralash sog‘inch tuyg‘usi vujudimni sirqiratib yubordi. Shu paytgacha o‘zim tushunmay yurgan ko‘p haqiqatlarni anglagandek bo‘ldim.

…Qaysi kuni metro stansiyasi oldida Gulini ko‘rib qoldim. Yonida baland bo‘yli, jingalak sochli yigit. Mo‘ylovi o‘ziga xo‘p yarashgan. U Gulining jajji sumkachasini ko‘tarib olgan. Guli uni qo‘ltiqlab kelar, yigit xushchaqchaq bo‘lsa kerak, allanimalarni gapirar, Guli xandon otib kular edi.

Uch kundan keyin Gulini ko‘chada uchratdim.

– Yaxshi bolaga o‘xshaydi, – dedim o‘sha yigitni eslab.

– Kim?

– O‘sha kungi yigit. To‘y qachon?

Guli qizardi. Ammo quvonchini yashira olmadi.

– Farhod akam yoqdimi sizga? – dedi jilmayib.

– Yoqdi, – dedim rostini aytib. – Kasbi nima?

– Oshpaz, – Guli yana jilmaydi. – Shefpovar.

– Qarindoshlaring emasmi?

Guli «yo‘q» degandek bosh chayqadi.

– Qayerlik ekan o‘zi?

Guli hayron qolib chiroyli kipriklarini pirpiratdi.

– Buning nima ahamiyati bor?

– Mabodo avlodidan o‘g‘rimi, nashavandmi chiqmaganmi? – beixtiyor og‘zimdan onamning savoli chiqib ketdi.

Guli birdan jiddiy tortdi. Qoshini chimirdi.

– Nima deganingiz bu?

– Jinni-chi? Mabodo qarindosh-urug‘larida ruhiy kasallar yo‘qmi? Surishtirib ko‘ring.

Guli ko‘zimga tikilib turdi-da, sekin-sekin orqasiga tisarila boshladi. Nariroqqa borib birdan yugurib ketdi. Chamasi meni esdan og‘ib qolgan deb o‘yladi.

ERMON BUVANING TILAGI

Agar dunyoda ikkita beozor odam bo‘lsa bittasi Ermon buva. Agar dunyoda ikkita beozor odam bo‘lsa yana bittasi – Ermon buvaning kampiri – Habiba buvi. Mabodo dunyoda ikkita yuvosh sigir bo‘lsa bittasi Ermon buvaning ola sigiri. Agar shunaqa sigir dunyoda bitta bo‘lsa shu sigirning o‘zi.

Ermon buvaning chap oyog‘i oqsoq: hassa bilan yuradi. Sigirining o‘ng shoxi singan. Ola sigirning shoxi qandoq singanini hech kim bilmaydi. Ammo Ermon buvaning oyog‘i nega oqsoqligini hamma biladi. Biladi-yu, hamma har xil gapiradi. Oyimning aytishiga qaraganda, Ermon buvaning oyog‘i bosmachilar bilan urushda singan emish. Dadam bo‘lsa boshqacha tushuntirgan. Qishloqni bosmachi bosganida Ermon buva daraxtga chiqib ketayotganda yiqilib oyog‘i cho‘loq bo‘p qolganmish.

Xullas, nima bo‘lgandayam u oqsoqlanib yuradi. Bahor paytlari ola sigirini yetaklab kelib qoladi. Qo‘lida hassa, sigirining butun shoxiga tuguncha ilib qo‘yilgan. O‘tloqqa yetganidan keyin sigirning shoxidagi tugunchani oladi-da, o‘zini qo‘yib yuboradi. Belidagi qiyiqchasini tol soyasiga tashlab «Bismillohu rahmonur rahim» deb maysa ustiga yonboshlaydi. Ola sigir shundoqqina uning yonida poyezddek pishillab o‘tlashga tushadi. Ora-chora shu ishim ma’qulmi, degandek egasiga qarab-qarab qo‘yadi. Shunaqa yuvosh sigirki, bolalar tagiga kirib emsa ham hoy, nima qilyapsan, deb qayrilib qaramaydi. Biroq bolalar Ermon buvani ham, sigirini ham qattiq hurmat qilishadi. Hatto jo‘raboshimiz ham buvani ko‘rishi bilan yuvosh tortib qoladi, ikki qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib:

– Assalomu alaykum, buvajon, – deb salom beradi.

– Vaalaykum assalom, mullo bo‘ling, tasadduq, – deydi Ermon buva salmoqlab. Baribir uning ovozi salmoqli chiqmaydi: xotinlarnikidek ingichka, ammo nihoyatda mehribon.

Uni har ko‘rganda oyim aytib bergan Xizr esimga tushadi. Nega deganda Ermon buvaning sochi ham, soqoli ham, hatto ko‘ziga qayrilib tushgan o‘siq qoshlarigacha oppoq. Oppoq yaktak, lozim kiyib yuradi. Habiba buvi kiyimini doim top-toza qilib yuvib, dazmollab beradi. Yaktagining delvagay yoqasidan ko‘rinib turgan ko‘kragidagi tuklariyam oppoq. Faqat ikki yuzi qip-qizil. Oyimning aytishiga qaraganda, farishtali odamning yuzidan nur tomib turarmish. Farishtaning qanaqa bo‘lishini bilmayman-u, ammo Ermon buvani yaxshi ko‘raman. Judayam yaxshi ko‘raman.

U yonboshlab yotganicha yaktagining cho‘ntagidan nosqovog‘ini chiqarib bir otim nosni tili tagiga tashlaydi-da, ko‘zlarini qisib bahor oftobiga tikilgancha hassasini chertib xirgoyi qiladi:

«Tolda chumchuq sayraydi, ko‘rsam ko‘nglim yayraydi…»

Shunda endi yo‘lga kirgan ukam ishtonchan chopqillagancha uning yoniga keladi. Ermon buva xirgoyisini to‘xtatadi. Ukamning buti orasiga qo‘l cho‘zib hazillashadi:

– Nosdan bering, otam, nosdan bering.

Ukam qitig‘i kelib qiqirlab kuladi. Ermon buva tirnoqlari qiyshayib ketgan barmoqlarini hidlagan bo‘ladi-da, ataylab aksa uradi.