banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно

– Yana obkashmi?

– Yo‘q, oftob…

– Uniyam aytgansiz-ku

– Boshqasini bilmayman-da…

– Mayli, ayta qoling.

– Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda oftob bo‘lgan ekan.

– Shu o‘zimizning oftobmi?

– Ha, o‘zimizning oftob. Shunday qilib, oftob bor ekan. Lekin yer yuziga sira chiqqisi kelmas ekan. Har kuni ertalab Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida iflos narsalar ko‘p, hech ko‘rgim kelmaydi der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, yer yuzini iflos narsalardan tozalaydigan odamlar bor, der ekan. Shuning uchun kim yer yuzini tozalasa, o‘sha eng yaxshi odam bo‘larkan.

– Siz yaxshisiz-a? Doim ko‘chalarni suparasiz-ku.

– Quloq sol, o‘g‘lim… Oftob har kuni yana Xudoga nola qilarkan. Yer yuzida yomon odamlar bor. Ularniyam ko‘rgim kelmaydi, der ekan. Tangri uni ovutarkan. Sen chiqavergin, qancha ko‘p nur sochsang, yer yuzida yomon odamlar shuncha kamayadi, der ekan.

– Oyi, akam yomon-a?

– Nega, jinnivoy?

– Hali yasagan qorbobomni tepib buzib tashladi-ku!

– Yo‘q, akang yaxshi… Yomonlar boshqacha bo‘ladi.

– Qanaqa bo‘ladi?

– Katta bo‘lganingda tushunasan. Bo‘ldi, endi uxla.

Yettinchi lampaning piligi pasaytirib qo‘yilgan, uy ichini tanchadan chiqqan ko‘mir hidi, lampamoy isi tutgan… Nim qorong‘i. Hech ham uyqum kelmaydi.

– Oyi, obkashniyam ayting.

– Bo‘ldi, uxla…

– Ayta qo-li-i-ing.

– Mayli, eshit. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan. Qadim zamonda bir yigit bo‘lgan ekan. O‘zi yaxshi yigit ekan-u, bir kuni onasini xafa qilib qo‘yibdi.

– Nima qipti?

–Ishqilib, xafa qilib qo‘yibdi-da. Ertalab ko‘chaga chiqsa, qo‘shni kampir ikki bukilib obkashda suv olib ketayotganmish.

Yigit yugurib borib kampirning qo‘lidan obkashni olmoqchi bo‘libdi. Kampir bo‘lsa, rahmat o‘rniga yigitning yelkasiga obkash bilan rosa uribdi.

– Og‘ribdimi?

Oyim jim qoladi.

– Nima og‘riydi? – deydi anchadan keyin.

– O‘sha yigitning yelkasi-da.

– Og‘ribdi. – Oyim kuladi. Keyin xo‘rsinadi. – «Sen,– debdi kampir yigitga, – birovning ko‘nglini ovlashdan oldin o‘z onangning ko‘nglini og‘ritmaslikni o‘rgan».

– O‘sha bola keyin onasini xafa qilmabdimi?

– Yo‘q, hecham xafa qilmabdi. – Oyim uzoq jimib qoladi, keyin sekin davom etadi. – Ko‘rdingmi, odam eng avvalo o‘zining yaqinlarini yaxshi ko‘rishi kerak. Dunyoda yaxshi odamlar ko‘p. Judayam ko‘p. Ammo sen adangni, opangni, akalaringni yaxshi ko‘rmasang…

– Sizniyam, – deyman uning gapini bo‘lib.

– Meniyam… – deydi onam kulib. – Meniyam yaxshi ko‘rmasang, dunyoda hech kimni yaxshi ko‘rolmaydigan bo‘lib qolasan.

– Uyimizniyam, – deyman mahmadonalik qilib.

Oyimni jahli chiqmaydi.

– Uyimizniyam, – deydi ma’qullab. – O‘z uyimizni yaxshi ko‘rmasang, yuz qavatli uylarniyam yaxshi ko‘rolmaysan.

– Endi chakka o‘tmaydimi, oyi?

– Tomdanmi? Adang tuzatib tushdilar-ku. Endi o‘tmaydi.

Sukunat cho‘kadi. Xayol suraman. Yuz qavatli uy qanaqa bo‘lishini o‘ylayman-u sira ko‘z o‘ngimga keltirolmayman.

– Oyi, – deyman sekin. – Toshkentda yuz qavatli uy bormi?

– Yo‘q.

– Moskvada-chi?

– Bor bo‘lsa kerak.

– Moskva eng katta shaharmi?

– Eng katta shahar.

– Undan kattasi yo‘qmi?

– Bo‘lsa bordir. Sen o‘sha shaharlarni yaxshi ko‘rish uchun Toshkentni yaxshi ko‘rishing kerak. Toshkentni yaxshi ko‘rish uchun o‘zimizning Do‘mbrobodni yaxshi ko‘rgin, xo‘pmi?

– Xo‘p. Nega?

– Katta bo‘lganingda tushunasan. – Oyim peshonamni silaydi. Negadir xo‘rsinadi.

Butunlay uyqum o‘chib ketadi.

– Oyi, – deyman yana. – Daryo kattami, dengizmi?

– Dengiz.

– Daryo-chi?

– Uyam katta.

– O‘zimizning Qonqusdan ham kattami?

– Katta.

– Xo‘ja aytadiki, Chirchiqda daryo bormish…

Oyim kuladi.

– Endi uxla, bolam.

Uyqu qayoqda? Nuqul daryolarni o‘ylayman.

– Yozda-chi, – deyman esimga tushib. – Vali Qonqusda oqib ketay degan. Akam olib chiqqan!

– Baribir, – deydi oyim o‘ychan ohangda. – Qonqusniyam yaxshi ko‘rgin.

– Nega?

– Nega deganda, Qonqus o‘zimizning anhor. Undan o‘zimiz suv ichamiz.

– O‘shanaqa qilsam, boshqa daryolarniyam yaxshi ko‘rib qolaman-a?

Oyim tag‘in kuladi.

– Albatta.

– Kuchugimniyam yaxshi ko‘ray-a?

– Yaxshi ko‘rgin, o‘g‘lim.

– Oyi, Adham jinni-a?

– Nega?

– Kecha-chi, mushukni muz bilan urdi. Mushuk cho‘loq bo‘lib qoldi.

– Jonivorlarga ozor berib bo‘lmaydi, bolam. Bo‘ldi, endi uxlaymiz.

– Xo‘p… Katta bo‘lsam, ka-a-atta shaharlarga boramanmi?

– Borasan, o‘g‘lim, borasan. – Oyim sekin-sekin mudrab ketadi.

Nim qorong‘i shiftga tikilib yotgancha xayol suraman. Goh katta shaharlarga borib qolaman, goh daryolarda suzaman. Beshik g‘ichirlaydi. Ukam yig‘lay boshlaydi. Oyim darrov uyg‘onadi. Beshikni ohista tebratib, alla aytadi. Oyim ukamga alla aytadi-yu, ohangiga men uxlab qolaman…

Haqiqat havoga o‘xshaydi. Nafas olib turasiz-u o‘zini ko‘rmaysiz. O‘ylab qarasam, oyim go‘dakligimda qayta-qayta aytib bergan mana shu ikki afsona hayotdek oddiy, hayotdek chuqur haqiqat ekan.

GILAM PAYPOQ

Har yili dam olishga borganimda onamga gilam paypoq olib kelaman. Kavkaz tomonda ko‘p bo‘ladi. Juba deyishadi, jurabi deyishadi. Oyim xuddi noyob narsaga ega bo‘lgandek, uzundan uzoq duo qiladi. Shundoq mehribon o‘g‘li borligini aytib qo‘shnilarga maqtanadi. Uning oyog‘i kasal. Salqin tushishi bilan shishib ketadi, og‘riydi.

Qo‘ni-qo‘shnilar ahvol so‘rasa, ularniyam, o‘ziniyam yupatadi.

– Ha, endi keksalik-da, o‘rgilay.

Lekin onamning oyoq og‘rig‘i faqat keksalikdan emas. Buni boshqalar bilmasa ham, men bilaman. Yaxshi bilaman.

Bolaligimda ko‘p kasal bo‘lardim: qizamiq, ko‘kyo‘tal, bezgak… Shuning uchun oshxonadagi mixda ko‘k qarg‘aning patidan tortib, gultojixo‘rozgacha ilig‘lik turardi… Ayniqsa, tomoq og‘rig‘i yomon qiynaydi. Oyog‘im zaxga tegishi bilan tomog‘im og‘rishga tushadi. Oyoq bilan tomoqning nima aloqasi borligini haliyam tushunolmayman.

O‘shanda necha yoshligim esimda yo‘q. Biroq juda kichkina edim. Bir kuni akalarim bilan yaxmalak o‘ynab terlab ketdim. Terlab turib muz yedim. Kechqurun isitmam ko‘tarildi. Quv-quv yo‘talaman. Oyim tomog‘imni achchiqtosh bilan chayib ko‘rdi, bo‘lmadi, turshak qaynatib suvini ichirdi, bo‘lmadi… Oxiri tomog‘im xippa bo‘g‘ilib qoldi. Og‘riqni sezmayman-u nafas olishga qiynalaman. Hushimdan keta boshlaganimni es-es bilaman. Qulog‘im ostida onamning chirqillab yig‘lagani, hadeb bir gapni qaytarayotgani eshitiladi:

– Voy, endi nima qilaman! Voy, bolam o‘lib qoladi!

Keyin meni shosha-pisha ko‘rpachaga o‘radi. Bir mahal onamning qo‘lida ketayotganim esimda bor. Gupullatib qor yog‘ayotganini his etib turardim-u, biroq yuzimga qor tushmas edi. Onamning issiq nafasi urilib turar, u sirg‘anib-sirg‘anib borar, og‘ir hansirar edi.

Xira chiroq miltirab turgan allaqanday uyga kirdik. Ko‘z o‘ngim yana qorong‘ilashib ketdi. Oyim hamon chirqillaydi.

– O‘lib qoladi! Bolaginam o‘lib qoladi!

– Vahima qilmang, poshsha, dardni bergan Xudo, davosiniyam beradi.

Bu Hoji buvining ovozi ekanini g‘ira-shira idrok etdim.

Hoji buvi boshimni tizzasiga qo‘yib chalqancha qilib yotqizdi. Doka o‘ralgan barmog‘ini og‘zimga tiqdi. Ko‘nglim ag‘darilib, tipirchilagancha yig‘lar, ammo Hoji buvining qo‘lidan chiqib ketolmasdim. U tomog‘imga nimadir qildi. Dod solib qo‘lini tishlab oldim. Qiziq, birpasdan keyin ahvolim yengillashdi. Ko‘zimni ochsam, Hoji buvi jilmayib turibdi.

– Nega tishlaysan, kuchukvoy? – dedi boshimni silab.

Keyin tepamga oyim engashdi. U hamon hansirar, sochlari to‘zg‘ib ketgan, yuzi jiqqa ho‘l edi.

Birpasdan keyin qaddimni rostlab, tanchaga oyog‘imni tiqib o‘tirdim. Hoji buvi allaqanday taxir suyuqlik ichirdi. Keyin oyimga qaradi-yu, birdan xitob qildi.

– Voy poshsha-a-a! Nima qilib qo‘ydingiz, tamom bo‘psiz-ku!

Oyim talmovsirab, goh menga, goh Hoji buviga qarar edi.

– Oyog‘ingizdan ayrilibsiz-ku! – dedi Hoji buvi boshini chayqab. – Shu ahvolda qandoq keldingiz?

Kavshandozda turgan oyimning kalishini endi ko‘rdim. Kalishning ichi qorga to‘la edi.

– Sarpoychan kelaverdingizmi?! – dedi Hoji buvi hamon o‘sha vahimali ohangda. – Endi nima qilasiz? Qarg‘aning miyasini chaqib surmasangiz, cho‘loq bo‘lib qolasiz.

Oyim tanchadan oyog‘ini chiqardi. Ikkala oyog‘i qip-qizil go‘sht bo‘lib ketgan edi.