banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно

Shayx tilini chiqarib iljayib qo‘yadi.

– Senga ham xotin olib beraylik bundoq.

– Xotinmas, qidz…

– A?.. Voy ko‘nglingning ko‘chasidan o‘rgildim! Seni ko‘rgan qiz infarkt bo‘lib «Grudnoy xirurgiya»ga tushadi-ku!

Shayx xafa bo‘lmaydi. Umuman, xafa bo‘lishni bilmaydi. Iljayadi.

Onamning yigirmasi bo‘layotgan edi. G‘ira-shira tong otayotganda eshikdan ko‘ylakchan Shayx lapanglab kirib keldi.

– Iya, ana, Shayx kelib qoldi! – dedi allakim tantana bilan. – Qani, samovarga o‘zing qaray qol.

Ammo Shayx hovli burchagida turgan samovarlar tomonga yurmadi. Hech kimga qaramay bir hatlab ayvon zinasidan chiqdi-yu, oyimning xonasiga yo‘naldi.

– Hoy, Shayx o‘lgur, qayoqqa? – ayollardan biri uning yo‘lini to‘sdi. – U yerda qariyalar o‘tiradi.

– Qoch! – dedi Shayx ko‘zini olaytirib. Keyin onamning xonasiga kirdi-yu, to‘satdan o‘zini yerga otdi.

– Oyi! – dedi xirillab. – Oyi-i-i!

Yoqasiga chang solib bir tortgan edi, kir ko‘ylagi shir etib yirtildi-da, qop-qora, baquvvat yelkalari titragancha og‘zidan ko‘pik sachratib hayqirdi:

– Oyi! Oyi!

U har «oyi» deganda boshini yerga urar, yerni mushtlar edi.

Birpasda peshonasi momataloq bo‘lib ketdi.

– Oyi! Qayoqqa ketdidz, oyi!

Umrida yig‘lamagan Shayxning nolasi hammani karaxt qilib qo‘ygan edi. Kimdir ko‘tarmoqchi bo‘lgan edi, Shayx siltab yubordi.

– Tegmanglar! – dedi allakim pichirlab. – Mayli, yig‘lab olsin.

Anchadan keyin u gandiraklab o‘rnidan turdi. Hech kimga qaramay hovliga tushdi-yu, indamay chiqib ketdi.

«TOY»

Bultur bahorda eshigimiz oldidagi gullarni sug‘orayotgan edim, yap-yangi «Moskvich» kelib to‘xtadi. Mashina eshigi ochilib, zabardast gavdali yigit tushib keldi. Taniy olmadim.

– Hormang, dehqonchilik katta-ku! – dedi notanish yigit do‘rillagan ovoz bilan.

Shunda hayratdan baqirib yubordim:

– Iya, Toymisan?

Ha, xuddi o‘sha Toyning o‘zi. Faqat shuncha bo‘y, bunaqa uzun qo‘l-oyoqlarni qayoqdan oldi ekan! Yaqindagina buloqdek oqib turadigan burnini eplolmay mashaqqat chekadigan bola edi.

– Poshsha oyimlarni ko‘rgani keldim! – dedi bahaybat qomatiga uncha mos kelmaydigan alpozda muloyim jilmayib. Uzun oyoqlarini katta-katta bosib hovliga kirdi-yu, onamga duch keldi.

Qiziq, onam uni darrov tanidi.

– Voy, o‘zimning toychoq o‘g‘limdan aylanay! Voy, o‘zimning o‘g‘lim kelib qolibdi-ku!

Onam peshonasidan o‘payotganda Toy ikki bukilib turdi.

– Mashina teguvdi, – dedi yana iljayib. – Sizdan fotiha olgani keldim. Yuring, bir aylantirib kelay.

Toy onamni oldingi o‘rindiqqa o‘tqizdi. Yarim soatcha aylantirib keldi.

Onamning yosh boladek birovning mashinasiga tushib «kataysa» qilishi menga erish tuyuldi. Ammo onam xursand edi.

– Nordek yigit bo‘pti, – dedi quvonib. – Istalovoyda sheppovar ekan. Xudoyo umridan baraka topsin.

Toy keyin ham o‘tgan-ketganda biznikiga tez-tez kirib turadigan bo‘ldi.

Uni har ko‘rganimda bolaligimni eslayman. Kichkinaligimizda oramizda eng bo‘sh-bayov bola shu edi. Uyimizning orqasida kattagina maydoncha bo‘lardi. Uzoq-yaqindan mol boqishga kelgan bolalar shu yerda yig‘ilib shovqin-suron solib o‘ynardik. Toy hammadan uzoqdan– Beshqo‘rg‘ondan o‘ziga o‘xshash yuvosh, shoxsiz sigirini oldiga solib kelardi.

Har faslning o‘z o‘yini bor: erta bahorda chillak, varrak, yozda futbol, kech kuzda lanka tepish… Faqat ikkita bola o‘yinga ko‘p qo‘shilmasdi. Bittasi – ko‘zlari doim javdirab turadigan Xo‘ja, yana biri – Toy. Xo‘janing o‘zi o‘yinga uncha qiziqmas, Toyning esa o‘z yumushi bor edi. Nega deganda zimmasida mol boqish vazifasi bor. Birovning daydi sigiri, birovning shaytonga dars beradigan echkisi zum o‘tmay ekin oralab ketadi. Shunda mo‘ylovi qorayib, do‘rillab qolgan jo‘raboshimiz buyuradi:

– Toy! Galing keldi, echkini qaytar!

– Sigirga qara, Toy, sigirga!

– Toy! Qo‘y kartishkaga oralab ketdi-ku!

Negadir Toyning navbati hammanikidan tez kelaverardi. Sigiri xuddi o‘rgatib qo‘ygandek egasidan nari ketmaydi. Ammo boshqalarning moliga ham kimdir qarashi kerak-ku. Toy burnini tortib qo‘yadi-da, indamay polizga qarab yuguradi. Dikonglab sakrayotgan takani qaytarib kelguncha biron buqacha dumini xoda qilib jiydazorga yugurgilab qoladi… O‘ynab-o‘ynab charchaganimizdan keyin hammamiz tol soyasida dam olamiz. Jo‘raboshimiz dadasi urushdan olib kelgan shinelni o‘tga yoyib, ustiga yonboshlaydi-da, maza qilib esnaydi:

– Toy, biz charchadik. Bir mizg‘ib olmasak bo‘lmaydi. Sen dejursan, mollarga qarab turasan.

Toy burnini jahl bilan tortadi-yu, indamaydi.

Bir kuni u astoydil yalindi:

– Meni Toy demanglar. O‘zimning otim bor – Toyir.

Jo‘raboshimiz quvlik bilan hammaga bir-bir qarab qo‘ydi.

– Bo‘pti! – dedi do‘rillab. – Senga uch kun muhlat. Uch kungacha hammaning molini yaxshilab boqsang, Toy otingni o‘zgartiramiz. Ammo kechqurun sigirimning yelini tirsillab tursin, bildingmi?

Chindan ham Toy uch kungacha sidqidildan xizmat qildi. Biz maza qilib futbol tepdik. To‘rtinchi kuni jo‘raboshimiz «majlis» to‘pladi.

– Bolalar, – dedi tantana bilan. – Endi Toyni hech kim Toy demasin. Bugundan boshlab uning oti – Xo‘tik. Yana bir yil harakat qilsang, o‘sib Eshak bo‘lasan.

Hammamiz xaxolab kulib yubordik. Toy bolalarga birma-bir qarab chiqdi-da, burnini tortdi. Indamay yer chizib o‘tiraverdi.

Chillak o‘yinining shafqatsizroq bir qoidasi bor: yutqazgan bola zuvlab nafasi yetmay qolsa, bir oyoqda hakkalaydi. Qoqilib ketsami, ikkinchi oyog‘i yerga tegsami, tamom! Tag‘in tayoq bilan chillakni urib sanaladi-da, yana chillak otiladi. Chillak borib tushgan joydan qaytadan zuvlash shart.

Bir gal Toyni salkam yarim chaqirim joydan zuvlashga majbur qildim. Turgan gapki, nafasi yetmadi.

– Lo‘killa! – dedim baqirib.

U chap oyog‘ini ko‘targancha hakkalab sakray boshladi. Ammo o‘n qadam ham yurolmadi. Har sakraganda burni buloqdek qaynaydi. Qayta-qayta artgani bilan foydasi yo‘q. Bolalar xaxolaydi. Ayniqsa, men huzur qilib kulaman. Oxiri bo‘lmadi – Toy yiqilib tushdi.

– Bo‘ldi! Qaytadan zuvlaysan.

– Zuvlamayman!

– Zuvlaysan!

– Zuvlamayman! Zuvlamayman! – Toy to‘satdan jazavasi tutib yerni mushtlagancha yig‘lab yubordi. – Hammangni yomon ko‘raman! Ayniqsa sen yomonsan!

Shovqin-suron bilan bo‘lib onamning chaqirganini eshitmay qolibman. Bir mahal qarasam, tepamda onam turibdi…

– Tur, bolam, – onam Toyning boshini siladi. Etagini ko‘tarib, uning burnini artdi. – Voy, onang o‘rgilsin, qo‘y, yig‘lama, bolam. – Keyin meni chetga imladi. – Bu yoqqa yur-chi!

Nariroqqa bordim.

– Nega ukangni yig‘latasan? – dedi qahr bilan.

– Qaysi ukamni?

– O‘sha ukangni!

– Toy-ku! Qanaqasiga ukam bo‘lsin? – dedim iljayib.

–Shunaqasiga! Nega qiynaysan bola bechorani? Yog‘ochning bo‘shini qurt yemay o‘lsin.

– G‘irromlik qilmasin-da, bo‘lmasa! – dedim chiyillab.– Nega zuvlamaydi?

– O‘lib qoldingmi shu bilan?..

O‘shandan keyin ko‘p o‘tmay Toylar ko‘chib ketishdi. Qayoqqaligini bolalar surishtirishmadi ham.

Toy… o‘sha o‘zimizning Toy shunday yigit bo‘lganiga hamon hayron edim.

Onam vafot etganda Toy onasi Niso xolani boshlab keldi. Keyin ham ko‘p yelib-yugurdi. Kunora keladi.

«Bizga xizmat bormi?» deb mashinasini to‘g‘rilab turadi.

Qaysi kuni ishdan kelsam, eshik oldida yana Toyning mashinasi turibdi. Qarasam, ayvonda Toy bilan Niso xola o‘tirishibdi. Sochlari oqarib ketgan Niso xola men bilan aylanib-o‘rgilib ko‘rishdi.

– Poshsha opamni tush ko‘ribman, – dedi ko‘ziga yosh olib. – Toyirjonni yetaklab yurgan emishlar. Shunga bir xabar olay, deb keldim. – U bir zum indamay qoldi-da, ovozi tovlanib davom yetdi: – Poshsha opam qandoq edilar-a! Toyirjonni qandoq yaxshi ko‘rardilar-a!..

Niso xola ko‘zimga tikilib ohista so‘radi:

– Bilasiz-a?

– Bilaman, juda yaxshi ko‘rardilar, – dedim bolalikdagi o‘sha voqealarni eslab.

Niso xola ko‘zimga yana diqqat bilan tikildi.

– Aytgan bo‘lsalar kerak?

– Nimani?

– Aytmaganmilar?

– Nimani aytadilar! – dedim hayron bo‘lib.

– Iya, Toyirjon sizning ukangiz-ku! – Niso xola astoydil ajablandi. Keyin ma’yus tortib jimib qoldi-da, xo‘rsindi. – O‘shanda siz talpinchoq bo‘lib qolgan edingiz. Toyirjonning chillasi chiqmagan… Xudoning ham bandalariga atagan azobi ko‘p ekan. Bir kechada kasalga chalinib qoldim. Ko‘kragimga yomon yara chiqib, qirq kun «ol ket, ol qo‘y» bo‘lib yotibman deng… Ayni qahatchilik, urush, birov birovga holing nima kechdi, deyishi mahol… O‘zim-ku, mayli, bolam o‘lib qoladi, deyman. Dokaga angishvonadek yog‘mi, nonmi o‘rab chaqaloqning og‘ziga solib qo‘yishadi. Shunda deng, bir kuni Poshsha opam kelib qoldilar. Aylanib-o‘rgilib, Toyirjonni bag‘rilariga bosib emizdilar. Shu yerdan Beshqo‘rg‘onga saratonda kuyib har kuni uch marta qatnaydilar. Qirq kun shunday qildilar. Bir ko‘kragini siz emasiz, bittasini – Toyirjon. – Niso xola hiqillab qoldi. Yosh g‘iltillagan ko‘zini ro‘molining uchi bilan artdi.– Qandoq xotin edilar-a! Nima bilan rozi qilishimni bilmayman. So‘rasam, urishib berdilar. «Voy, gapingiz qurmasin, ovsin, ona sutiyam sotiladimi», deydilar. «Birovga yaxshilik qilib, ketidan tama qilgan odamning savobi gunohga aylanadi», deydilar… Qandoq edilar-a!

Niso xola ro‘molining uchini g‘ijimlagancha o‘yga toldi. Men ham, shu paytgacha o‘zim bilmagan ko‘kaltosh ukam Toyirjon ham bir nuqtaga tikilib qolgan edik. Har qaysimiz o‘z o‘yimiz bilan band edik, biroq hammamiz bir odamni– onamni o‘ylardik.

QANOAT

Otamning jahli yomon edi. Badjahl bo‘lib aka-ukalardan, birontamizni chertgan emas. Biroq onam: «Hoy, ehtiyot bo‘l, adangning jahllari yomon», deb shunchalik uqtirib qo‘yganki, otamizni ko‘rishimiz bilan hammamiz yuvosh tortib qolardik.

Tirikchilik vajidan bo‘lsa kerak, otam kechalari soat tuzatardi. Qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yda kimning soati buzilsa, biznikiga olib kelar, otamning hujrasida katta-kichik soatlar muttasil chiqillab turar edi. Onam bizni bu hujraga hech yo‘latmasdi. Bir kuni ukam ikkalamiz u yerga kirsak, stol ustida kichikroq piyolaning og‘zidek keladigan zanjirli cho‘ntak soati yotibdi. Qopqog‘i, oynasi ochilgan, murvatlari bir chekkaga tartib bilan terib qo‘yilgan. Aka-uka o‘zimizcha «ustachilik» qildik. Soatning yurishidan darak yo‘q. Bir mahal narigi uyda onamning sharpasini sezib qoldigu sekingina sirg‘alib chiqib ketdik.

Kechqurun otam hujraga kirishi bilan xunob bo‘lib qichqirdi:

– Soatga kim tegdi?

– Hech kim kirgani yo‘q-ku! – dedi onam hayron bo‘lib.

– Hammasini sochib tashlabdi-ku! – otam jahl bilan chiqib keldi. Qo‘lida biz «tuzatgan» soat. – Mili yo‘q. Egasiga nima deyman!

Ukam ikkalamiz churq etmay mo‘ltirab o‘tiribmiz. Yaxshi hamki akalarimiz ko‘chada, bo‘lmasa, hamma ayb o‘shalarga tushishi aniq.

Ko‘p o‘tmay ovqat keldi. Ukamga yog‘och qoshiq, menga temir qoshiq tegdi. Ikkalamiz qoshiq talashib qoldik. Ukam u yoqqa tortadi, men bu yoqqa. Ikki orada kosa dumalab, dasturxonga sho‘rva to‘kildi. Boyagi xunobgarchilik ustiga bunisi ham qo‘shildi-yu, biz bir yoqda qolib otam onamni tushirib qoldi. Aka-uka pildirpis bo‘lib, in-inimizga kirib ketdik. Onam sho‘rlikning qovog‘i ko‘karib chiqdi. Achindik. Ammo nachora?..

Ertalab tursam, otam ishga ketgan, hovli tomondan ayol kishining shang‘illagani eshitilyapti. Ovozidan tanidim: qo‘shnimiz Mo‘min akaning xotini. Mo‘min aka– ketmonchi. O‘zi ham mo‘mingina odam. Xotini boshqacharoq. Katta-yu kichik hamma uni Kelinoyi deb chaqiradi. Kelinoyining qiziq odati bor. Ichida gap yotmaydi. Uyida qaysi sholchaga xokandozdan cho‘g‘ tushib, qancha joyi kuygani, qaysi o‘g‘li sholg‘omni yomon ko‘rishi, qaysi qizining sochiga sirka oralagani – hammasini birpasda mahallaga yoyib chiqadi.

– Ketaman! – dedi u ovozini baralla qo‘yib. – U qo‘ymasa, mana man qo‘ydim! Ketaman! Ketgandayam uyini vayron qilib ketaman!

Tushundim. Bundan chiqdi, Kelinoyi eri bilan urishgan. Uyida sal janjal chiqsa, albatta oyisinikiga «ketadigan» bo‘lib qoladi. Tomosha ko‘rish uchun asta mo‘raladim.

– Nima bo‘ldi o‘zi, ovsinjon? – dedi onam sekingina.

– Kecha mani shundoq so‘kdi, shundoq so‘kdi, yigitgina o‘lgur! – Kelinoyi ikki qo‘li bilan sharaqlatib soniga shapatiladi. – Onamni so‘kdi-ya, bo‘yginang go‘rda chirigur.

– Qo‘ying, xafa bo‘lmang, – deb onam uni yupatishga urindi.

– Nimaga xafa bo‘lmas ekanman? – Kelinoyi yana ham qattiqroq shang‘illay boshladi. – Kechqurun o‘sma ezib qo‘yuvdim. Shu savil qurib qolmasin, deb qoshimga qo‘ya qoluvdim. Ha, moshkichiri jindak tagiga olib, qotib ketibdi. Shungayam ota go‘ri qozixonami? «Pardoz-andoz qilgandan ko‘ra ovqatingga qarasang o‘lasanmi!» deydi-ya, go‘rso‘xta! Ha, pardoz qilsam, o‘ynashimga qipmanmi, qirchiningdan qiyilgur! Qirmochmi, balomi, zahringga yeyavermaysanmi, yergina yutgur! Xah, onamni so‘kkan tillaring tanglayingga yopishgur! Tag‘in nima deydi, deng? Aybni menga to‘nkaydi: tiling bir qarich, deydi. Voy, tilimni gapirgan tillaring jodida qiyma-qiyma bo‘lsin-a. Yeldek kelib, seldek olmasa aslo rozimasman!

– Qo‘ying, ovsinjon, – onam ma’yus jilmaydi. – Oshsiz uy bor, urishsiz uy yo‘q… Qarg‘amang bechorani.