banner banner banner
Dunyoning ishlari
Dunyoning ishlari
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Dunyoning ishlari

скачать книгу бесплатно

– Voy nega qarg‘amas ekanman? Og‘zi-burningdan laxta-laxta qoning kelgurni, nega qarg‘amas ekanman? Ketaman!

– Olti bola bilan qayoqqa borasiz, ovsinjon? – dedi onam kulimsirab. – Jo‘jabirdek jonsiz. Shularning shukurini qilsangiz-chi.

– E, oltita bolamni oydinda oyog‘im bilan boqib olaman. Oyiginamning tor qorniga siqqan keng uyiga sig‘maymanmi? Birov mani ko‘kragimdan itarmas. Mana shu ajalning tig‘i parroniga uchragur bilan turgandan ko‘ra…– Kelinoyi birdan jimib qoldi. Kipriklarini og‘ir-og‘ir pirpiratib onamga uzoq tikildi-yu, ovozi pasaydi. – Voy, yuzingizga nima qildi?

– O‘tin tegib ketdi, – dedi onam sekingina. – Qarasam, o‘tin o‘lgur qolmabdi. Bolalar o‘qishda, adasi ishdalar. Ko‘zliroq sarjin ekan, tesha bilan urganimni bilaman…– Onam qovog‘ini silab qo‘ydi. – Adasi ishdan kelib juda xafa bo‘ldilar. «Birpas sabr qilmaysanmi, o‘zim yorib bermaymanmi», dedilar.

Men turgan joyimda qotib qoldim. Onam yolg‘on gapirardi. Yolg‘on gapirardi-yu, negadir bu menga juda yoqar edi…

–Ana! – Kelinoyi tag‘in shang‘illadi. – Sizning eringiz o‘tiningizgacha yorib beradi. Maniki bo‘lsa, bir paqir suv olib kelmaydi, qo‘lginang sinib akashak bo‘lgur. Uyim-joyim deb bo‘ynini egmaydi, bo‘yniginang kesilgur, eshshak! Xudoyo bo‘yniginang hazrati Alining qilichida kesilmasa, u dunyo-bu dunyo rozimasman-a!

Ortiq qarab turolmadim. Negadir yig‘lagim keldi.

…Hozir ham eri sal qovog‘ini solsa, «melisa» bilan qo‘rqitib, «o‘n besh sutkani» pesh qiladigan ba’zi xotinlarni ko‘rsam, onamning qanoatini, Kelinoyining qarg‘ishlarini eslayman.

SOVCHILAR

Ishdan charchab qaytdim. Bilamanki, bunaqa paytda televizor ro‘parasiga o‘tirsangiz, tamom! Bahona o‘zidan o‘zi topilaveradi. Bosh qurg‘ur toliqqani, yangi film boshlangani…

Yaxshisi, kabinetga kirib ishlash kerak. Hech bo‘lmasa kitob o‘qish… Jurnalning yangi sonini varaqlab o‘tirsam, eshik taqillab, qassob qo‘shnimizning qizi – Guli kirib keldi.

– Kel, Guli, – dedim jurnaldan bosh ko‘tarmay. – Yaxshimisan?

Guli eshik oldida turib qoldi.

– Ensiklopediya kerak edi, – dedi negadir qovog‘ini solib.

– Ana, xohlagan tomingni olaver.

Shunday dedim-u yana jurnalni o‘qishga tushdim.

Ko‘p o‘tmay Guli ishini bitirdi shekilli, eshik oldiga bordi. Ammo chiqib ketmadi.

– Menga qarang, – dedi eshik tutqichini ushlab. – Siz hayotiy problemalargayam aralashasizmi yo nuqul kitob yozaverasizmi?

Rostini aytsam, esankirab qoldim.

Bu qizning falsafa fakultetida o‘qiyotganini eshitgandim, mahalladagi eng «modniy» qizlardan ekanini, jinsi shim kiyib yurishini bilardim-u kechagina ko‘chada cherta o‘ynab yurgan qizaloqdan bunchalik ilmoqli savol kutmagan edim. Beixtiyor jurnalni bir chekkaga surib qo‘yib unga tikilib qoldim. Avvalgidek sansirashni ham, sizlashni ham bilmasdim.

– Nima bo‘ldi? – dedim dovdirabroq.

Guli kresloga o‘tirarkan, qoshini chimirdi.

– Mana, sizlar eskilik sarqitini yo‘qotish kerak, u-bu deb yozasiz, to‘g‘rimi?

Indamay bosh silkidim.

– Unaqa bo‘lsa nimaga ko‘zingizning oldida bo‘p turgan sarqitga qarshi kurashmaysiz?

Ko‘rdimki, ro‘paramda cherta o‘ynab yurgan qizaloq emas, jiddiy odam o‘tiribdi.

– Kechirasiz, – dedim sizsirab. – Nima bo‘ldi o‘zi?

– Sovchi degan gap qayoqdan chiqqan? – Guli jahl bilan qo‘l siltadi. – Hali unisi keladi qiyshayib, hali bunisi keladi, tugunini osiltirib!

«E, bo‘ldi, gap bu yoqda ekan-da!»

Kulib yubormaslik uchun labimni tishlab, uni yupatgan bo‘ldim.

– Qizlik uy bozor! keladi-da, xaridorlar! Yaxshi qiz ekansizki, sovchilar keladi.

– Nima, bozor bo‘lib men echkimanmi! – jahli chiqqanidan Gulining yuzi qizarib, chiroyli kipriklari pirpirab ketdi.

– Hech kim sizni sotib yuborayotgani yo‘q-ku, – dedim kulib. – Shunaqa bo‘ladi-da taomili!

– Kitobda boshqa gaplarni yozasiz-ku! – Guli jahl bilan qo‘l siltadi. – Umrimda ko‘rmagan o‘g‘lini maqtaydi. O‘qituvchi deydi. Boshimga uramanmi!

– Balki o‘g‘li rostdan ham yaxshi boladir…

– Mard bo‘lsa o‘zi gaplashsin! Onasini elchi qilishga balo bormi? Jinimdan yomon ko‘raman, shunaqa lattachaynar yigitlarni!

Bildimki, Gulining o‘z «yigiti» bor. Yana yupatdim.

– Sovchi degani keladi. So‘raydi, surishtiradi…

– So‘ramasayam hammasini biladi.

– O‘zingiz xohlagan yigitning onasiyam keladi-da, bir kun.

U «Kelib-kelib senga maslahat solamanmi», degandek hafsalasi pir bo‘lib chiqib ketdi. Xona jimjit bo‘lib qoldi. Shunda g‘alati xayollarga bordim. Sovchi desa muncha hurkmasa bu qiz! Axir ota-onasi oyoq-qo‘lini bog‘lab birovga berib yuboradigan zamon emas-ku, hozir! Shuni o‘yladim-u bir vaqtlar sovchilar bizning ham eshigimizning «turmugini buzgani» yodimga tushdi.

* * *

Erta bahor edi. Kunlar ilib qolgan, ammo yerdan hali qishning zahri ketmagan, unda-munda yovvoyi sarimsoqlar nish urgan, tol novdalari sarg‘ish rang olib, hushtak yasashga yaroqli bo‘lib qolgan… Opam ishda, akalarim maktabda. Bir o‘zim zerikkanimdan darvoza oldida cho‘zilib yotgan xariga minib olgancha, burnimni tortib-tortib akamning qalamtaroshida hushtak yasab o‘tirardim. Kuchugim oyog‘im ostida o‘zini oftobga toblab yotar, ora-chora itpashshalarni quvib, dumini tishlar, ammo pashshalar tutqich bermay uchib ketar, zum o‘tmay, yana qo‘nib g‘ashiga tegardi.

Bir mahal kuchugim dik etib turdi-yu, akillagancha yugurgilab qoldi. Ellik qadamcha narida kelayotgan ikki xotinni ko‘rdim. Biri paranji yopinib olgan, past bo‘yli, qo‘lida hassa-tayoq, oqsoqolanib qadam tashlaydi. Yana biri yoshroq, boshiga g‘ijim ro‘mol o‘ragan, atlas ko‘ylagining ustidan baxmal nimcha kiygan. Har ikkalasining qo‘lida tugun borligini ko‘rdim-u darvozadan baqirib kirdim.

– Oyi! Opamga sovchilar kelyapti!

Sovchi xotinlarni uzoqdanoq taniydigan bo‘lib qolganman. Albatta qo‘lida tuguni bo‘ladi. Keyingi paytda uyimizga bunaqa xotinlar serqatnov bo‘lib qolgan: kunora har xili kelib ketadi.

Oyim ayvonda cho‘kkalab o‘tirgancha un elayotgan ekan.

– Voy o‘lay, – dedi-yu, ildam o‘rnidan turdi. Elakni supraga o‘rab, hujraga yugurdi. Zum o‘tmay qo‘lini yuvib chiqdi-da, mehmonlarni kutib olish uchun shoshildi. Oyimdan oldinroq men yetib bordim. Mehmonlar darvozaga yaqin kelib qolishgan, kuchugim ularning atrofida gir aylanib vovullar, goh unisiga, goh bunisiga «hujum» qilar edi. Ayollar itga qarab-qarab sekin yurib kelishardi. Kuchugimga pakana xotin xunukroq ko‘rindi shekilli, paranjisining etagiga yopishdi.

– Yot! – dedim o‘dag‘aylab.

Kuchuk bo‘lsa meni ko‘rib ruhlanib ketdi, pakana xotinga koptokdek otildi. Ammo xotin, pakana bo‘lsayam balo ekan! Hassasi bilan mo‘ljallab bir tushirgan edi, kuchuk oqsoqlangancha angillab qochib qoldi. Ancha nariga borib, orqa oyog‘ini yaladi.

– Voy o‘rgilaylar! – dedi onam eski qadrdonlarini ko‘rgandek, quvonib. – Xush kepsizlar!

U har ikkala ayol bilan quchoqlashib ko‘rishdi. G‘ijim ro‘molli ayol ko‘rishayotganda nima uchundir oyimning sochini hidlagandek bo‘ldi. Onam pakana xotinning paranjisini qo‘lga oldi. Aylanib-o‘rgilib, uyga boshladi. Atlas ko‘ylakligi esa negadir lip etib oshxonaga kirib ketdi. Zum o‘tmay chehrasi yorishib chiqib keldi.

Akamning qalamtaroshini joyiga qo‘yish bahonasida sekingina sirg‘alib uyga kirdim. Oyim yaqinda ko‘milgan tancha o‘rniga qo‘yilgan xontaxta atrofiga darrov ko‘rpacha yozdi. Tokchadan patnis oldi. Patnisda nimalar borligini aniq bilaman: turshak, chaqilgan yong‘oq, jiyda, oltita zog‘ora non, bitta likopchada maydalab qirqilgan kallaqand. Qand tanqis bo‘lsa ham oyim bu – mehmonlarga atalgan deb ko‘p tayinlagani uchun biz – bolalar unga tegmasdik. Mehmonlar fotiha o‘qishdi. Oyim choy quyib uzatdi.

– Endi, o‘rgilay, – deb gap boshladi atlas ko‘ylakli xotin, uzoq hol-ahvol so‘rashganidan keyin, – agar taqdir qo‘shgan bo‘lsa qarindosh bo‘larmiz, degan umidda eshigingizni supurgani keldik.

Oyim indamadi.

– Olib o‘tiringlar, – dedi anchadan keyin dasturxonga imo qilib.

– Eshitdik, o‘zim o‘rgilay, – dedi pakana xotin, – tag-zotli odamlar ekansiz. Bolalar katta bo‘lgandan keyin ota-ona zimmasidagi qarzini uzgisi kelib qolarkan. Bizning o‘g‘limiz ham yaxshi, mo‘min-qobil yigit. Muallim…

U, «endi siz gapiring», degandek atlas ko‘ylakli ayolga sekin burilib qaragan edi, sochining uchiga taqilgan so‘lkavoylari jiringlab ketdi.

– Bizlar ham hurmat ko‘rgan odamlarmiz, – atlas ko‘ylakli xotin qalin bilaguzuk taqqan qo‘llari bilan o‘zi keltirgan tugunning bog‘ichini yecha boshladi.

– Ovora bo‘lmang, aylanay, – dedi oyim uning qo‘lidan ohista tutib. – Nasib etsa, hali ko‘p borish-kelish qilamiz.

Oyim hech qaysi sovchining dilini og‘ritmas, ammo sovchilar tugib kelgan nonni sindirishga yo‘l ham qo‘ymasdi. Hozir ham shunday qildi.

– Mayli, sizlar ham so‘rang, surishtiring, – dedi pakana xotin choy ho‘plab. – Qa’nida turamiz. Shundoq guzar oldidagi qo‘shqavat darvoza. Odilxo‘ja desangiz hamma biladi. Mahmud bukurning yonidagi hovli.

– Ovsinim kuyov bo‘lmishning onalari! – atlas ko‘ylakli ayol jilmaydi. – Muborak chevar desangiz hamma taniydi. «Zinger» mashinalari bor.

Meni Odilxo‘ja-yu Mahmud bukur ham, Muborak chevar-u «Zinger» mashinasi ham qiziqtirmas, ikki ko‘zim qandda edi. O‘zimning borligimni bildirib qo‘yish uchun qalamtaroshni qo‘limdan tushirib yubordim. Oyim yalt etib qaradi-yu, pastki labini tishlab, bilinar-bilinmas bosh chayqab qo‘ydi. Bu – «uyat bo‘ladi, chiqib ket», degani edi. Qanddan umidimni uzib chiqib ketishdan bo‘lak choram qolmadi. Yarim soatdan keyin sovchilar ketishdi. Kuchugimning alami ichida qolgan ekan shekilli, oyimning hay-haylashiga qaramay, sovchilarni ancha joygacha «kuzatib» keldi.

Uch kundan keyin sovchilar tag‘in kelishdi. Sochining uchiga so‘lkavoy taqqan paranjili xotin bilan yana o‘sha novcharog‘i. Bu safar novcha xotin qarg‘ashoyi ko‘ylak kiygan, bo‘yniga dur osib olgan edi. Oshxonada ovqat qilayotgan opam darvozadan kirib kelayotgan mehmonlarga ko‘zi tushishi bilan tomorqaga qochib ketdi. Bu safar sovchilar uzoqroq o‘tirishdi, oyim ularni moshxo‘rda bilan mehmon qildi. Kechki ovqatdan keyin opam idish-tovoqni yuvish uchun oshxonaga chiqib ketganida oyim dadamga qaysi kungi sovchilar tag‘in kelishganini aytdi.

– Yaxshi, tag-zoti ko‘rgan odamlarga o‘xshaydi. O‘g‘liyam muallim emish. Uningiz yo‘q, buningiz yo‘q deb o‘tirmaymiz, boriga baraka qilib to‘y qilaveramiz deyishyapti.

Dadam anchagacha indamadi.

– Surishtirib ko‘rish kerak, – dedi oxiri. – Bu – umr savdosi. – Keyin shisha nosqovog‘ini olib, nos otdi. – Qizingni ko‘ngliniyam bilish kerak.

Shu bilan gap boshqa yoqqa aylanib ketdi. Dadam eski paxtaligini kiyib, kechqurungi smenaga ishga jo‘nadi. Biz– aka-ukalarga jon kirdi. «Qushim boshi» o‘ynadik, o‘rta barmoqni topish o‘ynadik. Oxiri o‘yindan o‘q chiqdi. «Oshxo‘rakam kaptar» o‘ynayotganimizda akamning boshi ukamning boshiga qattiqroq urilib ketdi shekilli, ukam arillab yig‘lay boshladi. Oyim bilan opam koyib-koyib, joy solib berishdi. Hamma uxlab qoldi. Men bo‘lsam anchagacha uxlolmay yotdim. Bir mahal tashqarida chaqmoq chaqdi. Ketidan momaqaldiroq gulduradi. Sharillab jala quyib yubordi.

– O‘lsin, – dedi oyim o‘rnidan turib. – Chakka o‘tyapti.

Opam ikkovlari tokchadan tovoqlarni olib chakka o‘tadigan joyga qo‘yishdi. Ko‘zimni yumib yotsam ham qayerdan o‘tishini bilaman. Burchakda, sandiqning oldidan, keyin kavshandoz yaqinidan o‘tadi.

Opam bilan onam yana joylariga kelib yotishda. Opam deraza tagiga, oyim – ukamning yoniga. Men bo‘lsam chakkaga quloq solib yotibman. «Chak-tik-puk», «Chak-tik-puk…» chakillayveradi, chakillayveradi, xuddi soatga o‘xshaydi. Faqat ohangi har xil: «chak-tik-puk…»

Endi ko‘zim ilingan ekan, opamning xo‘rsinganini eshitib yana uyg‘onib ketdim.

– Nimaga kelishaveradi, oyi!

– Sovchimi? – dedi oyim. – keladi-da, qizim. Qizlik uy – bozor. Shoh ham keladi, gado ham. Birovning eshigiga umid bilan kelgan odamni xafa qilish gunoh.

Oyimning uyqusi o‘chib ketdi shekilli, ovozini ancha balandlatib gapira boshladi.

– Qadim zamonda bir saxoba o‘tgan ekan. Oy desa oyday, kun desa kunday, yakka-yu yagona qizi bor ekan. Bir kuni uch joydan uch sovchi kepti. Saxoba sovchilarning dili og‘rimasin, deb uchalasigayam rozilik berib yuboribdi. Keyin nima qilishni bilmay, Xudoga nola qipti. O‘zi bitta-yu bitta qizim bo‘lsa, uch joyga so‘z berib qo‘ygan bo‘lsam, endi nima qilaman, deb yig‘labdi. Shunda Xudoning rahmi kelib bir kechada saxobaning sigiri bilan echkisiniyam qiz qilib qo‘yibdi. Uchala qiz bir xil emish. Uch sovchi uch qizini to‘y-tomoshalar bilan olib ketibdi. Shunda saxoba Xudoga yana nola qipti. Qaysi biri o‘zimning qizim ekanini endi qayoqdan bilaman, debdi. Xudodan nido kepti: eshikdan kirib borganingda salom berib kutib oladigan, erini, qaynota-qaynonasini, qayn-bo‘yinlarini hurmat qiladigan qiz – o‘zingning qizing. Hech kimni hurmat qilmaydigan, shaltoq qiz sigiring. Hech kimni hurmat qilmaydigan og‘zi shaloq qiz – echking bo‘ladi debdi. Har xil xotinlar o‘shandan tarqalgan emish. Biri – esli-hushli, chaqqon, biri – shaltoq, biri – adabsiz…

– Kennoyiga o‘xshaganmi? – deb yuborganimni o‘zim ham bilmay qoldim. Bu shunday kutilmaganda bo‘ldiki, oyimning cho‘pchagi shartta kesilib qoldi. Keyin opam ikkovlari sharaqlab kulib yuborishdi.

– Voy shayton, uxlamaganmiding?! – dedi opam qaddini rostlab. O‘rnidan turdi-da, piligi pasaytirilgan lampali tokcha oldidan o‘tib kelib, meni quchoqladi. U yuzimdan, bu yuzimdan o‘pdi. Opam urishib beradi, deb qo‘rqib turgandim. O‘pgani uchun judayam yaxshi ko‘rib ketdim…

Ertasiga choydan keyin oyimning mahsi kiyayotganini ko‘rib, mehmonga otlanayotganini sezdim-u darrov ergashdim.

– Menam, menam boraman!

– Mehmonga ketayotganim yo‘q, – dedi oyim bosh chayqab. – Ishim bor.

– Boraman, oborasiz!

Onam bir zum ikkilanib turdi-da, rozi bo‘ldi.

– Mayli, ammo charchadim demaysan.

Ona-bola yo‘lga tushdik. Yomg‘ir kechasi tinib qolgan, ammo yer hamon ko‘pchib yotibdi. Oyoq bossangiz bir botmon loy yopishadi. Avval jiydazordan, keyin Qonqus ustiga tashlangan yakkacho‘pdan o‘tdik. Lopillab turgan yakkacho‘pdan o‘tayotganda qo‘rqdim-u o‘tib olgandan keyin shundoq suv bo‘yida o‘sib yotgan sambittollarga angrayib qoldim. Sambittol zo‘r! Hushtak yasasa ham bo‘ladi, «ot» qilib o‘ynasa ham…

– Yur, tezroq, – dedi oyim qo‘limdan tutib…

Nihoyat guzarga yetib keldik. Choyxonada odam yo‘q hisob, eski namat tashlangan so‘rida bir chol oftobda mudrab o‘tiribdi, yonida tumshug‘i chegalangan choynak, sopol piyola… Keyin devorlari nurab ketgan otxona oldidan o‘tdik. Qovurg‘asi sanalib qolgan uchta ot dumi bilan pashsha qo‘rib charchoq qiyofada boshini solintirgancha mudraydi. Otxona hovlisining burchagiga uyib qo‘yilgan go‘ngdan hovur ko‘tariladi.

– Qayoqqa ketyapmiz, oyi?

– Keldik shekilli, – dedi onam atrofga alanglab. – Qurib ketsin, so‘raydigan odam ham yo‘q.

Ikki betida tollar, teraklar o‘sib yotgan loy ko‘chadan yana ozgina yurgan edik, obkashda suv ko‘tarib kelayotgan semiz xotin ko‘rindi.

– Hoy egachi, shu yerlikmisiz? – dedi oyim, yaqinroq borib.

Semiz xotin obkashni yelkasidan oldi. Ustiga chambarak tashlangan ikki paqir suvni yerga qo‘ydi. Harsillab oyim bilan ko‘rishdi.

– Mahmud bukurning uylari qaysi, o‘rgilay? – dedi onam semiz xotinga iltijoli termilib.

Semiz xotinning rangi o‘chib ketdi.

– Bukur bo‘lsa Xudo qilgan! – dedi harsillab. – Tavba deng!

Shunday dedi-yu, sharaq-shuruq qilib ilgakni ilgancha obkashni ko‘tardi. Shartta burilib ketdi. Sirg‘alib-sirg‘alib borarkan, obkashi bilan qo‘shilishib orqaga burildi.

– Ta’na tagi tayg‘oq, – dedi harsillab. – Betamiz!

Oyim hang-mang bo‘lib qolgan, og‘ir-og‘ir kiprik qoqar, hozir yig‘lab yuboradigan alpozda edi.

– Voy, sho‘rim! – dedi pichirlab. – Kelib-kelib xotinidan so‘rabman shekilli.