banner banner banner
Rivoyat va ertaklar
Rivoyat va ertaklar
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Rivoyat va ertaklar

скачать книгу бесплатно


Savol nazari bilan.

Ta’zim ila izn olgach,

So‘z boshladi bosh vazir:

“O‘z Vatanin sotgan kas

Do‘st bo‘lmas bizga, axir.

Bundaylarning ko‘nglida

Ilon pusib yotadi.

Payti kelsa bizni ham

Boshqalarga sotadi”.

Lashkarboshi Ranosbat

Der: ”Balki bu josusdir.

Ikkilanmay boshini

Shartta uzmoq joizdir?”

Shiroq dedi: “Siz meni

Ayblamangiz beasos.

Tangrim haqqi, yurakda

Yonmoqdadir o‘ch, qasos.

Men o‘limdan qo‘rqmasman,

Ming afsus, ming nadomat,

O‘lsam, ko‘ra olmasman

Tiklanganin adolat”, –

Cho‘pon g‘am-alam bilan

Boshin quyi egadi.

Doro: “Xo‘sh, sening bizga

Qanday foydang tegadi?”

Shiroq der: “Tangrim guvoh,

Aldab nima qilaman?

Ular qayda zo‘r qo‘shin

To‘plaganin bilaman.

O‘ldirsalar, mana – bosh,

Yo‘q e’tiroz, yo‘q so‘zim.

Ishonsalar, u joyga

Boshlab borayin o‘zim”.

“Olib chiqing cho‘ponni, –

Dedi Doro betoqat, –

Uni ko‘z qorasidek

Ehtiyot qiling faqat.

Ul-bul yegulik bering

Bu badbaxt nobakorga.

Ertaga biz kengashib

Kelurmiz bir qarorga!”

Shohning qovog‘i soliq,

Ko‘zlari xunxor edi.

Lek bu ko‘zlar ostida

Bir mamnunlik bor edi.

O‘z xalqidan o‘ch-qasos

Qilayotir talab-a!

Shohim, yaqindir zafar,

Juda yaqin g‘alaba.

So‘rmoqchiydim Dorodan

Bir haqiqat, bir haqni:

Yaxshiroq bilasizmi,

Shohim, o‘zi bu xalqni?

Biroq ayshdan bosh karaxt,

Ko‘zlarida g‘ubordir.

Menga qarab turmasdan

Kengash boshlab yubordi…

DORO LASHKARINING

SHIROQ YETOVIDA YO‘LGA

TUSHISHI

Tongda Doro chodirga

To‘plab ashraf-a’yonni,

Amr ayladi: “Keltiring

O‘sha badbaxt cho‘ponni!”

Shiroq keldi. Doroning

Ko‘zlarida yonar shaxt:

“Men dushmanning ustiga

Yurish uchun qildim ahd.

Aldar bo‘lsang, bilib qo‘y,

Ko‘zlaringni yoshlayman.

Mana shu qilich bilan

Boshing uzib tashlayman!”

Shiroq dedi: “O‘ch olmoq

Bor ekan bu yoziqda.

G‘amlangiz yetti kunlik

Pichan, suv va ozuqa.

Yettinchi kun deganda

Bir ma’voga yetamiz.

Dushmanning lashkarini

Yer-la yakson etamiz!”

Hozir qilindi bir-bir

Shiroqning aytganlari.

Cho‘pon yo‘lboshchi bo‘ldi,

Ortda – Doro lashkari.

Doroga go‘yo cho‘pon

Zo‘r bir suyunchi edi.

Hammaning yuragida

Zafar ilinji edi.

Kimningdir ko‘z oldidan

O‘tar qiz-u xotinlar.

Kimdir sanar xayolan

Jaraq-jaraq oltinlar.

Kimlar yalar lablarin

Bol yegandek bemalol.

Kimdir, qancha qul qilsam,

Deya surardi xayol.

Telba ochko‘zlik bilan

Yonar Doroning ko‘zi.

Go‘yo yotar poyida

Butun dunyo, yer yuzi.