banner banner banner
Rivoyat va ertaklar
Rivoyat va ertaklar
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Rivoyat va ertaklar

скачать книгу бесплатно


Ikki kun yo‘l bosishdi,

Oldinda – sarbon Shiroq.

Gullagan vodiy tugab,

Cho‘l boshlandi qovjiroq.

Bir taqir yerga boqib,

Bir ko‘z tashlab osmonga,

Gumon bilan shahanshoh

Tikildi-ku cho‘ponga.

“Parvo qilmang, – der Shiroq, –

Shohim, qilmang e’tibor.

Oraliqda besh kunlik

Kattagina sahro bor.

Shundan o‘tsak bir joy bor –

Jannatlarning jannati.

Ana shunda keladi

Qo‘shiningiz navbati”.

Xuddi Shiroq aytgandek

Sahro boshlandi lov-lov.

Qum sochar jazirama,

Osmon yog‘dirar olov.

Uyurmada chang-to‘zon

Raqqosadek o‘ynardi.

G‘ijirlar har tishlam non,

Meshlarda suv qaynardi.

Saksovuldan lol boqar

Echkiemar tasqara.

Yumronlar ta’zim ila

Qilar edi masxara.

Toshbaqa kosasiga

Tortib olgan boshini.

Ilonlar qochib qolar

Sudragancha loshini.

Ko‘kda to‘rg‘ay muallaq –

Izhor etar dilini.

Kim ham tushungay axir

Bu sahro bulbulini.

Qurib qolgan quduqdan

Par-r etib uchar ukki.

Cho‘lchumchuq chivirlaydi –

“Chikki-pukki, chik-pukki”…

“Qayt-qayt” deya havoni

Kesadi qirg‘iyaklar.

Unda-munda sochilib

Yotar oppoq suyaklar.

Borgan sari qo‘shinda

Mashaqqat ortar edi.

Go‘yo ulkan ajdaho

Domiga tortar edi.

Otlar tiziga qadar

Qumga cho‘kib boradi.

Hamma bundoq sahroni

Qarg‘ab, so‘kib boradi.

Ha, insonni mashaqqat

Goho jondan to‘ydirar.

Dubulg‘a-yu sovutlar

Tekkan joyin kuydirar.

Sabrning ham kosasi

Asta to‘la boshladi.

Oltinchi kun deganda

Otlar o‘la boshladi.

Tugarmikan bu azob,

O‘tarmikan bu kunlar?!

Bosib ketdi falakni

O‘laksaxo‘r quzg‘unlar.

Taskin beradi Doro

Toliqqan cherigiga.

Otdan ayrilgan jangchi

Mingashar sherigiga.

Faqat Shiroq ot uzra

Bardam borar iz olib.

Xuddi qoya ustida

Turgan burgut misoli.

Olti kun davom etdi

Inson va muhit jangi.

Nihoyat yetib keldi

Yettinchi kunning tongi.

Yana o‘sha jazira,

Yana o‘sha qum-to‘zon.

Doro so‘rar: “Sen aytgan

Ul vodiy qayda, cho‘pon?

Mana, o‘sha aytganing –

Olti kun ham o‘tdi-ku.

Muhlat tugadi, axir,

Yettinchi kun yetdi-ku?!”

“Shohim, qurol-aslaha

Og‘irlik qildi bizga.

Tez orada yetamiz

Shaksiz, manzilimizga”.

Dosh bermay bu azobga,

Hattoki to‘yib jondan,

Kimdir tashlar nayzasin,

Kim voz kechar qalqondan.

Pichanlar tugab bo‘lgan,

Qurib bitgan kuch-mador.

Na meshlarda suv bordir,

Kajavada na non bor.

Amringga shak yo‘q, Tangrim,

Tangrim, qoyil ishingga.

Qo‘shinga tegdi o‘lat

Borar-bormay peshinga.