скачать книгу бесплатно
Sendan-da ojiz, qo‘rqoq
Tug‘ilgaydir avloding.
Hamma bir-biriga yot,
Bir-biridan cho‘chiydi.
Ta’ma, yolg‘on, xiyonat,
Razolatlar urchiydi.
Sherdek-sherdek yigitlar
Yov poyida yotadi.
Otasini o‘ldirib,
Onasini sotadi…
Yurt bor ekan, yurasan
O‘lan aytib, dod solib.
Ko‘pkariga kirasan
Tulpor minib, ot solib.
Adirlarda ayqirib,
Tog‘lar oshib damodam,
Qushday uchib yurarsan,
O‘zib o‘zg‘ir shamoldan…
Men-ku ketib boryapman,
Shirin bolam, bol o‘g‘lim.
Kel, ko‘zingdan bir o‘pay,
Endi yaxshi qol, o‘g‘lim.
Enang endi – ham enang,
Ham mehribon otangdir.
Endi otang – shu eling,
Shu suyukli Vatandir.
Yetimman deb o‘ksima,
Senga shul o‘gitimdir:
Otasi yo‘q yetimmas,
Vatani yo‘q yetimdir”.
Bola ko‘ngil, nelarni
His etding sen shu damda?
Angladingmi otadek
Kuch borligin olamda?
Ulg‘aydingmi bir onda,
Yo irod berdi Tangri?
Yo‘qsa nega teng-to‘shdek
Quchoqlading otangni.
Yo‘qsa yig‘lab-siqtamay,
Nega chekmay oh-fig‘on,
Shivirlading mardona:
“Men roziman, otajon…”
SHIROQNING XOTINI
GULDURSUN BILAN
VIDOLASHUVI
“Men ruh bo‘lsam, duolaring
Ruhga shodlik to‘ldirsin.
Sahrodagi noyob guldek
Sevdim seni, Guldursun.
Tunlarda tun kabi uzun
Sochlaringga ko‘mildim,
Lablaringda o‘tdek yondim,
Ko‘zlaringda cho‘mildim.
Kipriklaring ko‘ksim aro
O‘q bo‘lmoqqa chog‘landi.
Qora qoshing ko‘zlarimga
O‘rtuk bo‘lib bog‘landi.
Ikki qo‘ling sirtmoq kabi
Chirmashganda bo‘ynimga,
Shirin ajal kirgan kabi
Tuyulardi qo‘ynimga.
Tonggacha shu ajal meni
Yig‘latsin-u kuldirsin.
Hayotim ham, o‘limim ham
O‘zing eding, Guldursun.
Adirlarda yalang oyoq
Chopganlaring esimda.
Kaftim ochib ming bitta fol
Topganlaring esimda.
Botayotgan kunga boqib,
Tiz quchib oqshom payti
Aytgan hazin qo‘shiqlaring
Hamon jonni o‘rtaydi.
Seni doim qizg‘ongan bir
Yo‘lbars edim, sher edim.
Ot choptirsang adirlarda,
Farishtami, der edim.
Sening shivir-shivirlaring
Jonda to‘lqin otardi,
Qulog‘imdan poyimgacha
Qondek oqib yotardi.
Bulutga bosh qo‘ygan kabi
Boshim qo‘ysam tizingga,
Jannat kabi edi dunyo,
Jonim, mening ko‘zimga.
Kundek o‘g‘il tug‘ilganda
Mehring oqdi u tomon.
Ilk bor sendan o‘ksinganim
Esimda hali-hamon.
Ezgin-ezgin allalaring
Ezganida sahroni,
Dami ichlariga tushib
Ketardi bu dunyoning.
Qo‘y, yig‘lama, yoshing artay,
Kel, bir kulgin, kel, o‘ptir.
Sening shuncha olamingga
Bitta jonim ne bo‘pti?
Tangrim o‘zi yaratgandir
Sendek suluv jahonni.
Hamda uni asrash uchun