скачать книгу бесплатно
Alhol, gap boshlar Shiroq:
“Dam oling bu kecha siz.
Erta tongda turibon
Kunchiqishga ko‘chasiz.
Men bir chora topgali
Tangrimga yolboraman.
Tongda sizni kuzatgach,
Saroy tomon boraman”.
Bola, axir, bola-da,
Bundan suyunib ketdi.
Ayol mung‘ayib qoldi,
G‘amdan kuyunib ketdi.
Ikkisin ikki yondan
Bag‘riga bosdi Shiroq…
Bu mangulik baxt edi,
Va bu – mangulik firoq…
SHIROQNING O‘G‘LI
BILAN VIDOLASHUVI
Erta turdi uchta jon,
Tong bo‘z kabi bo‘zargan.
O‘g‘lon ko‘zida sevinch,
Ayol ko‘zi qizargan.
G‘amlashdi ozuqani,
Quduqdan suv tortishdi.
O‘tovni ham bo‘laklab
Tuyalarga ortishdi.
Shiroq o‘g‘lin bir chetga
Chaqirib oldi imlab.
Boshini siladi-yu
Boshlay ketdi shundoq gap:
“Ulg‘ayib qolding, bolam,
Aql-u hushing yig‘ endi.
Men o‘limga boryapman
Sen bo‘lma deb sig‘indi.
Bir kun anglab yetarsan
Bu hikmatni, bolam-a,
Sen quldek yashama deb,
Men mard bo‘lib o‘laman.
Yetimman deb o‘ksima,
Senga shul o‘gitimdir:
Otasi yo‘q yetimmas,
Vatani yo‘q yetimdir.
Ertakmas bu gaplarim,
Bu so‘zlarim lof emas.
Hamma narsa topilgay,
Faqat Vatan topilmas.
Dushman bossa dalangni,
Bog‘ingni etsa g‘orat,
Qul aylasa o‘zingni,
Yo‘q bundan zo‘r haqorat.
Mute bo‘lsa Vataning,
G‘anim yurtda bo‘lsa bosh,
Boshingga ming musht urib,
Bergaydir bir yutum osh.
Kuning itdan ham battar,
Tuning o‘limdan og‘ir.
Eshitganing – haqorat,
Mehnatdan yelkang yag‘ir.
Ko‘kka ozod boqolmay,
Boshing egib yurarsan.
Hatto nafas olmoqni
Yovlaringdan so‘rarsan.
Qaysi elga qochmagin,
Qadring bo‘lmas dunyoda.
Yurtsiz qolganning holi
Tuban bo‘lur gadodan.
Toki Vatan bor ekan,
Umring go‘zal bog‘ bo‘lar.
Olg‘a bossang, u – manzil,
Ortda suyanch tog‘ bo‘lar.
O‘zga yurtning bolidan
Yurtingning zahri ulug‘.
Ming dushmanning mehridan
Bir do‘stning qahri ulug‘.
Toki Vatan bor ekan,
Unarsan, ulg‘ayarsan.
Yurtning eng suluv qizin
Bir kun sevib qolarsan.
Sevgiga ham erk kerak,
Kerak ozod bir makon.
Yurting ozod bo‘lmasa,
Baxt topmassan hech qachon.
Bandga tushgan Vatanning
Onalari cho‘ridir.
Yurt nomusi toptalsa,
Qizlarining sho‘ridir.
Daryodagi balig‘ing,
Osmondagi lochining –
Bariga g‘anim ega,
Zulmat bo‘lur ochuning.
Chaman ichra bir gulni
Xush ko‘rishdan qo‘rqasan,
Hatto kechalar uxlab
Tush ko‘rishdan qo‘rqasan.
Ko‘zlaringni ko‘r qilar
Jon vahmining to‘zoni.
Qoningda sovib borar
Bobolarning isyoni.
O‘tmish chiqar esingdan,
O‘chib boradi yoding.