скачать книгу бесплатно
Rivoyat va ertaklar
USMON QO‘CHQOR
USMON QO‘CHQOR
Rivoyat va ertaklar
SHIROQ
She’riy rivoyat
DORONING BOSTIRIB
KIRISHI VA SHIROQNING
BIR QARORGA KELISHI
Yer-ko‘kni bosdi faryod,
Dahshat, vahshat, g‘alayon.
Ulovda yo piyoda
Bosib kelar olomon.
Qochib kelar xaloyiq
Oh-u zor, dodlar bilan.
Mingani – tuya, xachir,
Eshag-u otlar bilan.
Kimdir kimnidir qarg‘ab,
Kim yiqilib, kim turib,
Guvlab kelar izdihom
Ko‘chki kabi surilib.
Go‘yo qiyomat-qoyim
Bosgan deysiz dunyoni.
Quyoshni to‘sib qo‘ygan
Sahroning chang-to‘zoni…
Shu sahroda bir cho‘pon
Bor edi – oti Shiroq.
Bir ozgina quv edi,
Bir oz sodda, odmiroq.
Ota-bobodan meros
Bir tayog‘-u bir nayi.
Lablarida tabassum,
Nur sochadi manglayi.
Nigohlari burgutdek,
Soch – yelkada qo‘ng‘iroq…
Xullas, suruvni haydab,
Nay chalib yuragini choq –
Bu ur-sur, chang-to‘zondan
Hayratda turib qoldi.
Itlar tinmay vovullar,
Otlar pishqirib qoldi.
Duv etib bitta joyga
To‘plandi-ku suruvi.
Sahroga soldi larza
Xaloyiqning g‘uv-g‘uvi.
Shiroq otiga minib
Yeldi o‘tovi tomon.
Borsa, quduq oldida
G‘ujg‘on qaynar olomon.
Qaydan kelmish buncha el
Sel yoqqandek bemahal?
Suv ichishar talashib,
Bir-biriga bermay gal.
Karvon desa, karvonmas,
Qo‘shin desa, yo‘q qurol.
Aralash-u quralash
Taloto‘pdir, bu ne hol?
O‘tovning soyasida
Turar bir chol xafaqon.
Shiroq borib hol so‘rdi:
“O‘zi ne gap, otaxon?”
Gap boshladi chol mahzun:
“So‘ramagin, ey o‘g‘lon.
El bunday g‘am ko‘rmagan
Qurush davridan buyon.
Yurtimizga o‘tdek bir
Balo kelur bostirib.
Eronning yovuz shohi
Doro kelur bostirib.
Bog‘-rog‘-u dala-tuzni
Dushman payhon etmoqda.
Yosh-qari, erkak-ayol
Birday tig‘dan o‘tmoqda.
Yulduzdan ko‘p lashkari,
Hammasining ko‘zi qon.
Joningdan umid bo‘lsa,
Sen ham qochib qol, o‘g‘lon”.
Chol xayr-ma’zur qilib,
Olomonga ergashdi.
Shiroq qayg‘uda qoldi,
Lol qoldi, aqli shoshdi.
O‘g‘li bilan xotini
Yaqin kelib cho‘kdi tiz.
Yo Tangrim, bu qanday gap?
Yer tilsiz, falak tilsiz.
Xotiniga termuldi
Ichga yutib yoshini.
Mador yo‘q silagani
O‘g‘lonining boshini.
Falakka ne otilsa,
Qaytib yerga tushadi.
Burch avvalo otaga,
Avval erga tushadi.
Tangri buncha bag‘ritosh,
Tangri buncha berahm?
Ayol ko‘zida – o‘tinch,
O‘g‘lon ko‘zida vahm.
Ikki mushtipar nigoh
Turadi najot kutib.
Yetti kunda bu yerga
Doro kelarmish yetib.