banner banner banner
Қутлуғ қон
Қутлуғ қон
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

Қутлуғ қон

скачать книгу бесплатно


– Ana shaftoli tagiga oqib boryapti-ku.

–– Ha, shumi? – kuldi Yo‘lchi.

– Zarari yo‘q, shildirab oqyapti-ku, opa, shu ham toshishmi?

Bog‘dan chiqish uchun bir necha odim yurgach, ishkom ichida poyaga suyanib turgan qizga ko‘zi tushdi, uyalganidan bir zumda qizarib-bo‘zarib ketdi, ketmoniga tikilib qadamini tezlatdi.

– Yo‘lchiboy aka, qayerga qochasie, zerikmadingizmi yolg‘iz?

Yo‘lchining yuragi qattiq urib, quloqlari jarangladi, taraddud ichida to‘xtadi, lekin orqasiga qaramadi.

– Mana bu uzumni oling, juda yaxshi pishibdi, qo‘limni qaytarmang! – dedi-da, yigitlarning ko‘nglini larzaga soladigan sho‘x, karashmali kulgi bilan kuldi.

Yo‘lchi bu so‘zlarni eshitdi-da, o‘z quloqlariga ishonmadi, ko‘z oldi qorayib, qo‘rqa-pisa atrofga alangladi va kuchli taraddud ichida o‘ylab qoldi: «Yopiray, bu qanday qiz ekan! Uyat-hayo qani? Bu chindan tog‘amning qizimikan, yo boshqa bir… tavba!» Nihoyat, ichki bir turtki, anglashilmas bir kuchning sehrli ta’siri ostida, g‘ayri shuuriy ravishda orqaga – qiz tomonga qayrildi. U oyoqlarida mador qolmagan kabi, kalovlanib o‘zidan yigirma qadamcha narida, ishkom boshida turgan qizning yoniga keldi va uning qo‘lidan bir katta bosh qora uzumni oldi. Qizarib-bo‘zarsa ham, tezroq qochmoq istasa ham, nimadir uni ushlab qoldi. U, nima deyishni bilmay dam uzumga, dam uyalibgina qizga qaradi. Qiz o‘n yetti-o‘n sakkizga kirgan, o‘rta bo‘yli, bir qadar keng va qoramtir yuzli, ko‘krakdor, to‘lagina, lo‘ppigina qiz edi, burni bir oz beo‘xshovroq esa-da, lekin uning umuman yuz bichimi kelishgan edi. Bodom qovoqlari ostidagi kichik qora ko‘zlari, qandaydir noz va ehtiros bilan yonadi. Yo‘g‘on tim qora ikki soch o‘rimi, uning egnidagi oppoq shohi ko‘ylak ustidan balqib turgan ko‘krak orqali pastga, kindikka qadar tushib turadi. Ko‘ylak yengi tirsakka qadar shimarilgan, tiqmachoqday bilaklarida ilon boshli oltin bilaguzuklar yonadi. Qalin tok barglari orasidan siljigan quyosh nurlari uning yuzida, sochlarida tovlanib o‘ynaydi.

Yo‘lchi uzumdan bir necha donani og‘ziga tashladi, peshonasida mo‘l-mo‘l oqqan terni yeng uchi bilan, dehqonchasiga artib, yerga qaradi.

Ishkom poyasiga suyanib, yigitdan ko‘z uzmagan qiz, unga dalda berish uchun gapira boshladi. Qishloqdagi «amma»sining hol-ahvolini, tirikchilikni va bu yerdagi ish ham odamlar Yo‘lchiga yoqdimi, yo‘qmi – shuning singarilarni so‘radi. Yo‘lchi, goh-goh ko‘zlarini yerdan uzib, qisqa-qisqa javob berib.turdi. Qizning tovushidan, nafas olishidan, ko‘krak titrashidan, uning ehtiros va sirli hayajonda ekanini bildi va: «Juda sho‘x qiz ekan», deb o‘yladi. So‘ng uni birdan qo‘rquv bosdi: go‘yo, allaqanday yashirin ko‘zlar tevarakdan ularni poylab turganday sezildi.

Bu sodda, samimiy, nomusli qishloqi qizning so‘zlarini oxirigacha eshitishga bardosh qilmay, tezroq qochishga intilarkan, qiz uning qo‘llarini ohistagina ushladi…

– Qo‘ying opajon, ishim bor, ham yaxshi emas… – ayni zamonda ham qaltirab, ham yonib dedi Yo‘lchi…

IKKINCHI BOB

I

Mirzakarimboyning qizi Nurinisoning tabiatida yengillik bilan makr ustun edi. Uni sinamagan ba’zi ayollar, yengilligini ko‘rib: «Bir qop yong‘oqday shaldir-shuldur, quvnoq qiz ekan» desalar-da, lekin Nurinisoni yaqindan taniganlar u bilan har vaqt juda ehtiyot bo‘lib muomala qilar edilar. Otasining davlati, katta og‘iz, hovliqma va takabbur onasining erkalashi qo‘shilib, qizga ortiqcha g‘urur bergan, harakatlariga o‘zboshimchalik, qiliqlariga noz-karashma bag‘ishlagan edi. Ota va akalarining huzurida jilla oshib-toshmasa ham, ular yo‘q vaqtda qiz o‘zini «uy boshi» hisoblar, har bir ishda o‘z ra’yini o‘tkazishga astoydil urinar, o‘jarlik bilan qorani oq deb isbot qilishga tirishar edi. Uning qahqahasi bir lahzada arazga aylanar, qanday bo‘lmasin bir bahona topib, kelinoyilari va hatto onasi bilan ham tez-tez aytishib olar edi.

Nuri kiyinishni, bezakni sevar edi. Zirak, bilaguzuk, zarkokil, qo‘ltiqtumor, tillaqosh zebigardon kabi zargarlar to‘qib chiqargan oltin, kumush bezaklarga g'oyat o‘ch edi, bunday qimmatbaho buyumlardan quti-quti yiqqan… Har hayit uch kungina yasanib-tusanib, og‘irligi taxminan bir pudga yetadigan haligi bezaklarini taqib, uncha-muncha boy oila qizlarini taajjublantirar, kambag‘al, hatto o‘rta hol oila qizlarini oyoq uchi bilan ko‘rsatib, tomosha qilar, «kelin ko‘rish»ga yurar edi.

Qizini yer-ko‘kka ishonmagan, uning butun nuqsonlarini bir maziyat bilgan onasi Lutfiniso erining davlatidan mumkin qadar ko‘proq qo‘porib, shu kenja arzandasiga sarf qilish uchun urinar, bu qizni katta shavkat va dabdaba bilan uzatishni orzu qilar edi. Shuning uchun ko‘p yillardan buyon uning yagona mashaqqati – qizga bezak mollari tayyorlash, yangi nusxalar toptirish, chevarlarga tiktirish va hokazodan iborat, qo‘sha-qo‘sha palak, qo‘sha-qo‘sha paranji, uch-to‘rt uyni yasatishga yetadigan dorpechlar, gulko‘rpalar, choyshablar, elliklab qoziqlungi, yuzlab sanama ro‘mollar sandiqlarni to‘ldirgan bo‘lsa ham, bu narsa Lutfiniso va uning qizini hali qanoatlantirgan emasdi.

Nurinisoning es-hushi erga tegish… U ikki, balki uch yildan buyon o‘z to‘yini kutar edi. Bu to‘g‘rida ichkarida xotinlar orasida, ko‘pdan buyon gap-so‘z qaynaydi, go‘yo erta-indin to‘y-nikoh bo‘ladiganday. Kelinoylari deyarli har kuni unga xushxabar topshirishadi: «Otaboy o‘rtaga kishi qo‘ydiribdi: kichik o‘g‘liga sizni so‘ratibdi»; yoki «Musabeklarnikidan yaqinda sovchi kelarmish. Salim akangiz gapirdi, yigit juda chiroyli emish…» Nuri bunday gaplarni beparvolik bilan eshitishga urinib boqardi: «Ayajonimning bag‘rida o‘tiribman-da, shoshmasalar ham bo‘lar edi». Lekin ichida sevinchdan yuragi qoq yorilayozar, quloqlari karnay-surnay ovozlarini, «tortishmachoq» hangamalarini eshitganday bo‘lar, ortiq sabr-qarori qolmas, kechalari uzoq o‘ylab shirin xayol qanotlarida uchar, sirli kechinmalarga sho‘ng‘ir edi. Faqat, kelinoyilarining xabari bir necha kun ichida birdan yo‘qqa chiqardi, ular endi boshqa bir boyvachcha to‘g‘risida shivir-shivir gaplasha boshlashardi…

Mirzakarimboy qizini sevsa-da, «musulmon ota» va «ulug‘vor erkak» bo‘lgani uchun, u bilan ko‘p gaplashmas, «bolam-bo‘tam» deb ba’zi yumushlarni buyurar edi, xolos. Qizni ulg‘aytirmasdan, o‘n uch, o‘n to‘rtda erga berish – har bir musulmon ota uchun «farz» ekanini yaxshi bilar, qizining yoshi o‘n sakkizga yetib qolganidan ba’zi vaqt ko‘ngli xira bo‘lar edi. Lekin birinchi kuyovning fe’l-atvori unga ma’qul tushmagani uchun, kuyov bo‘lajak yigitni har yoqlama tekshirishni, sinashni istar edi: yigit boy va obro‘li oiladan bo‘lishi bilan baravar, aql ham nazokat sohibi bo‘lsin!.. Uncha-muncha boyvachchalarni chol nazar-pisand qilmaydi. Ba’zan yigit unga yoqsa, o‘g‘illariga ma’qul tushmaydi. O‘g‘illariga yoqqan kuyovdan yo uning oilasidan Mirzakarimboyning o‘zi biron qusur topadi.

Akalarining mehmonlariga, bog‘ va shahar hovlisiga qatnab yuruvchi do‘stlariga va umuman yigitlarga, sharoitga ko‘ra, goh eshik tirqishidan, goh devor orqali, goh daraxtlar orasidan mo‘ralashni sevgan Nuriniso, Yo‘lchi bu yerda ishlarkan, uni ham uzoq-yaqindan ko‘p marta ko‘rishga muvaffaq bo‘lgan, u qomati kelishgan yosh yigitga o‘z yuragida kuchli bir intilish sezgan edi. Keyin bir necha kun o‘ylab Yo‘lchi bilan maxfiy uchrashuvga qaror qildi. Bu orzu kundan-kun kuchaysa ham, o‘ng‘ay fursatni kutdi. Nihoyat, uyda yolg‘iz qolgan kun o‘z orzusini juda ustalik bilan amalga oshirdi.

Nuriniso bog‘da, ishkom ichida Yo‘lchi bilan uchrashib, uning kuchli qo‘llariga bir zum o‘zini tashlab, quchoqlash, o‘pishga uyatchan, sodda yigitni majbur etgach, bundan so‘ng uning xayoli kambag‘al, unutilgan qishloqi ammaning o‘g‘liga bog‘landi. Lekinuchrashuvni takrorlash mumkin bo‘lmadi. Chunki ertasiga Yo‘lchi katta yerga jo‘nadi. Mana hozir ikki haftadan buyon Nuri xafa, Yo‘lchining yaqin o‘rtada qaytishiga ishonmaydi. Katta yerga borish u uchun mumkin emas. U ba’zan onasiga deydi: «Oyi, ammam boyoqishning o‘g‘lini dadam musofirlar, mardikorlar orasiga qo‘shib qo‘ydi. Dadamda sira insof yo‘q-da. O‘z urug‘ini shu yerda ishlatsa ham bo‘lardi. Nima ko‘p – ish ko‘p ..» Qizining ichki maqsadidan bexabar ona loqayd javob beradi: «Ixtiyor mendami? O‘z urug‘i, qayerda ishlatsa dadang o‘zi biladi bolam», yoki «Unaqa bemaza urug‘larning uzoqda turgani tuzuk. Uning nimasi ortiqcha? Ishlagani kelgan ekan, ishlasin…»

Yo‘lchi dalaga – katta yerga kelgan kundan boshlab, bundagi qarollar, mardikorlar bilan opoq-chopoq bo‘lib ketdi. U muloyim tabiati, soddaligi, oz bo‘lsa ham, mazali, ma’nili gapi, kuch-quvvati bilan odamlarga yoqdi. Yormat esa Yo‘lchini o‘z qo‘ltig‘iga olib, boshqalarga qarshi qo‘yishni istar edi. Chunki bu yerda qarol va mardikorlar u bilan yaxshi chiqisha olmas edilar. Yormat ular bilan birga yashab, birga oshab, birga ishlasa-da, ularga to‘ng muomala qilib, o‘zini xo‘jayinning sodiq vakili sifatida ko‘rsatganidan, hammaga yot ko‘rinar edi. Ular Yormatning ko‘z oldida unga qarshi bir nima demasalar ham, orqavoratdan uni masxaralashar, hatto so‘kishar edi: «Xo‘jayinning laychasi-ku, burnini bir qarish ko‘targaniga hayronmiz…»

Yo‘lchi chakki odamlarni topmadi. Yormatning haqsiz ekaniga ishonchi kundan-kun ortdi.

Yormat bu yerda doimiy yashamas edi. Uch-to‘rt kun ishlab, jo‘nab ketar, yana tez qaytib kelar edi. U oziq-ovqat bilan baravar, xo‘jayindan har xil buyruqlarni keltirar edi. Buyruqlarning ko‘pini xizmatkorlar Yormatning o‘zi to‘qiganiga ishonardilar.

Yo‘lchi o‘z hamqurlari bilan birga tong shabadasida ishga tushar, quyosh tik kelganda ovqatlanib, to qorong‘ilik tushguncha yana mehnat qilar edi. Ba’zi vaqtda sug‘orish paytlarida, kechalari ham tinimi bo‘lmas, suvni uzoqdan haydab kelishga to‘g‘ri kelar edi. Yo‘lchi ba’zan yolg‘iz, ba’zan o‘z yoniga birovni hamroh qilib qancha jar, qancha to‘g‘on va quloqlarni kezib, suv keltirar edi.

Suv tinchlik bilan kelmaydi. Suv o‘z yo‘lida bir necha yerda shovqin-suron, ur-sur ko‘taradi. Suv tepasida odamlar o‘t bo‘lib yonadi, boshqa vaqtlarda eng sokin, eng halim odamlar, suv boshida janjal chiqsa, so‘z va dalil o‘rniga musht bilan, ketmon ko‘tarish bilan ish ko‘rishga tirishadilar. Lekin Yo‘lchi suv janjalini juda yomon ko‘rar edi. Miroblar bilan og‘iz-burun o‘pishgan katta yerlilar, boy dehqonlar zo‘ravonligidan, ekini qurib qaqragan kambag‘al dehqonlarga do‘q qilib, g‘alva ko‘tarishdan nafratlanar edi. Bir kun u suvni kambag‘al dehqonga berib, o‘zi keyinroq olmoqchi bo‘lib qaytganda, Yormat uni odamlar oldida bo‘sh-bayovlikda aybladi.

– Yigit serzarda bo‘lishi, yiqilsa yer tishlab turishi kerak. Bu nima, og‘izdagi oshni birovga oldirish? Bo‘yraday joyga sholg‘om ekkan odamga ham suvmi!.. Eh-he, paxtamizga qancha pul sarf bo‘ldi, buni tushunish kerak…

Yo‘lchi pinagini buzmay, odatda gapirganday, dedi:

– Hechqisi yo‘q, bechora odam ekan, duosini olay dedim. Ikki haftadan beri suv ololmay xunob ekan.

– Balli, – qovog‘ini solib dedi Yormat, – oltin olma, duo ol, degan qadimgilarning so‘zi bor. Lekin duo olaman deb xo‘jayinga zarar yetkazish yaramaydi.

– Bir ozdan keyin sug‘orsak, nima zarar bo‘ladi? – Yo‘lchi o‘qrayib qaradi Yormatga, – hech bir!.. Bir bechoraning ekini qovjirasa durustmi? Balki u odam butun bola-chaqasi bilan ekiniga ko‘z tikib yotgandir, ekini bitmasa, och qolar, yalang‘och qolar… Biz suvga serobmiz, dehqon chanqoq, juda chanqoq.

– Suv hozirgi kunda tanqis, harna oldinroq kelgani yaxshi. Boy otam yerga ko‘p pul to‘kdi-ya.

Yo‘lchi indamasdan teskari burilib o‘tirdi. Faqat, bunda mardikor ishlovchi qashqarlik Alioxun chiday olmadi shekilli, og‘ziga yangi solgan nosvoyini tuplab, so‘lagini siyrak soqollaridan cho‘ziltirib, tajang gapirdi:

– Sizni egam so‘zga pichib qo‘ygan ekan-da. Suv xudoyimning mulkimi? Xaloyiq tekis ichadi. Men bilsam, boyning paxtasi suvni ortiq ichib turibdi.

– O‘lma, Alioxun, so‘zingda bitta xato bo‘lsa, Oppoqxo‘jam ursin! – deb qichqirdi bir mardikor.

O‘jar Yormat taslim bo‘lishni istamadi, ming‘illayverdi. Shu vaqtgacha boshini egib, xomush o‘tirgan qarol Shoqosim qaddini rostladi va o‘shshayib, titrab gapirdi:

– Bizdan Mirzakarimboy hech vaqt zarar ko‘rgani yo‘q. Paxta yildan-yilga mo‘l bo‘lib, foydasi ham oshib turibdi. Bo‘lmasa, paxtani bunchalik kengaytirmas edi xo‘jayin. Mana, Hakimboyvachchaning ovozasi olamni tutadi, nimadan? Insof bilan gapirganda, Yormat aka, bizga o‘xshash xizmatkorlarning sho‘ri quridi. O‘zingiz bilasiz, to‘rt yildan beri bu yerda ishlayman, tinim yo‘q, ishdan boshim chiqmaydi. Lekin hali ham bir choponim ikki bo‘lmadi. Hali ham qish-yoz bitta choriqni sudrayman. Mana, xotinim yotib qoldi, yostiqdan boshini uzishga darmoni yo‘q. Kissamda sariq chaqa yo‘qki, bechoraning og‘ziga yoqar ovqat bersam… Durust, xo‘jayin beradi, lekin qarzga… Qarzga yo‘liqqandan ko‘ra, baloyi nogahonga yo‘liqqan yaxshi. Hammasini sinadik. Xotinimni ham kambag‘allik yiqitdi, bu yerdagi og‘ir ish nobud qildi. Bu tomonlarga andak fikr yurgizib, keyin gapiring, Yormat aka.

Hamma bir nafas jim qoldi. Hamma o‘z yarasining yorilganini sezganday bo‘ldi. Shoqosim o‘rnidan turdi, etigining changini qoqib, ketmonni yelkaga olib, o‘z chaylasi tomon asta jo‘nadi. Yormat ham uning so‘zidan ta’sirlangan kabi, orqasidan g‘amgin tikilib qaradi-da, dedi:

– Har holda fig‘on-nola yaxshi emas, har banda qudrat qalami bilan yozilganni ko‘radi. Dunyo o‘zi shunday yaratilgan. Yo‘lchi, chirog‘im, suvni tezlating!

II

Yozning kuchi ketib, havo bir oz salqinlangan bo‘lsa ham, shamolsiz kunlarda quyosh tik kelgach, hali ham kishining boshidan olov quygan kabi kuydirar edi. Manglayini ro‘molcha bilan bog‘lab, yalang‘och holda ketmon urayotgan Yo‘lchi bilan yonma-yon ishlovchi Alioxun keng, qahva rang yuzidan terlarini artib, harsillab:

– Qorinda hech nima qolmadi. Yo‘lchi polvon, xotin taloq Yormating bizni o‘ldirmoqchi shekilli. Pirimning haqqi, shu keldi-yu, oshdan, nondan baraka ketdi, – dedi.

– Picha vaqt bor hali, Oxun.

– Yo‘q, vaqt o‘tdi, qornimning o‘zi yaxshi soat, to‘g‘ri ko‘rsatib turibdi.

Ular yana yarim soat ishlab, ketmonlarini yelkaga solib paxtazordan qaytishdi. Boy yerining yuqorisida, balandgina bir parcha sahn xizmatkor va mardikorlarning qo‘shxonasi edi. Bu joydan boyning butun paxta dalasi ko‘zga tashlanib turardi. Besh tup katta jiyda daraxti bu yerga har vaqt qalin soya tashlar, ishdan horib-tolib kelganlarga o‘z salqini, shabadasi bilan birpasgina orom bag‘ishlardi.

Alioxun ham ko‘rpasi, ham choponi bo‘lgan juldurni jiyda butoqlari orasidan olib, pichan ustiga soldi va oyoqlarini keng yoyib, qo‘lini yostiq qilib cho‘zildi. Bir necha minutdan so‘ng turib, kir, moy bosgan qatirma do‘ppisi ichidan to‘g‘nalgan ignani oldi, qayerdandir ip topib, eski seryamoq ko‘ylagining yirtig‘ini tikishga o‘tirdi. Yo‘lchi uning yoniga cho‘qqayib, «chevar»ning ishini tomosha qila boshladi. Yoshgina qirg‘iz yigit O‘roz va boshqa mardikorlar ham kelishdi. Har qaysisi har tarafda cho‘zildi. Ba’zilari so‘zlashga ham madorsiz kabi jimgina mudradi. O‘roz har kungi odati bo‘yicha, jiydaga suyanib, o‘zi yasagan kichkina do‘mbirasini chala ketdi. Yo‘lchi hammadan ko‘ra bu qirg‘izni ko‘proq sevardi, uning do‘mbirasini zavq bilan tinglar, aksar kechalari u bilan suhbatlashar edi.

Bundan sakkiz yil avval, u o‘n yetti yashar o‘spirin ekan, «Qarqara»ga qatnovchi bir qo‘ychi boy, yiliga sakkiz so‘mdan yollab, Toshkentga keltirgan. Boynikida uch yil ishlagan, lekin butun mahrumiyatlarga ko‘niksa ham, tayoqqa chiday olmagan. O‘z yurtiga qaytishga bir yil qolganda, xo‘jayini bilan achchiqlashib, boshqa bir yer egasiga qarol yollangan. Yangi xo‘jayinda ham ikki yil ishlab, ajralishga majbur bo‘lgan. So‘ng yana bir necha boylarda sargardon kezgan. Yurtiga qaytishga imkon topa olmagach, nihoyat, o‘tgan yil Mirzakarimboyga qarol bo‘lib yollangan, ust-boshi kir, uvada bo‘lishiga qaramay, chiroyli, xush-fe’l, yoqimtoy yigit edi. Qovoqlari va bir qadar yirik yuz yonoqlarining farqiga bormagan odam, uni aslo qirg‘iz demas, «sartcha»ni juda yaxshi gapirar edi.

U Alioxunga tegajaklik qilishni yaxshi ko‘rgani uchun, do‘mbirasini chertib-chertib, gap otadi:

– Alioxun, hammamizga bir kampir kerak edi, yaxshi bo‘libdi, o‘z ichimizdan chiqdi. Cholvorimni yamab berasiz-da!

Ketmon tutishga odatlangan dag‘al qo‘llar, igna ushlashga, qatim tortishga kelishmaganidan diqqati oshgan Oxun bir ko‘zini qisib, tikishda davom etarkan, tovushi shang‘illaydi.

– Sen hali go‘daksan, ochib yuraver… Musofirchilik qursin, jonga tegdi. Tikmasam ko‘ylakdan ajralaman… Kambag‘allik kishini yurtdan yurtga sudraydi. Besh-o‘n qog‘ozni belimga tugib, ust-boshimni but qilib, yurtimga o‘ynab ketay degandim, niyatga yetolmay turibman. G‘ariblik qursin, o‘z shahrimda igna ushlamagandim. Hech vaqt, azbaroyi xudo. Qizil gulday xotinim qoldi… Voh, voh, peshonam. Qizil gulday…– Oxun peshonasiga shartta urib davom etdi.– Yodimga tushsa, jigarim xun bo‘ladi.., O‘rozboy, shamol seni sahrodan uchirgan, unda nimang qoldi?

– Xotin chindan bormi, yo anchayin hangamami? – kulib dedi O‘roz.

Oxun: «Nahotki, yolg'on so‘zlasam!» deganday labini burib, o‘rtoqlarcha o‘qrayib qaradi O‘rozga:

– Aytdim-ku, xumso, qizil gulday. Qashqirning qizi, juvoni olmaday bo‘ladi. Sen sahro bolaga so‘zni uqtirish ham qiyin…

– Mingta qal’adan dalam yaxshi, Oxun. Bizning qizlarimiz ham juda sho‘x bo‘ladi. So‘z bilan, noz bilan, hangama bilan yigitlarning ko‘kragiga o‘t soladi qirg‘iz qizlari. Men dalada har kun qizlar, kelinchaklar orasida yurardim, Yosh bo‘lsam ham, sevganim bor edi. Juda suluv qiz, o‘lanchi qiz. Endi erga tegib, oldi-keti bolalar bilan to‘lgandir. Ovuldan chiqar kun kechasi dalaga chiqib, ikkovimiz talay vaqtgacha quchoqlashib o‘tirdik. U yig‘ladi, men yig‘ladim. Qolishga chora yo‘q. Otam meni boyga sotib, aqchani olgan, ularga ovqat, kiyim kerak… Jo‘naymiz, Oxun, sen Qashqarga, men «Qarqara»ga…

– Yo‘l yo‘q devona, piyoda jo‘naysanmi?

– Hamma gap pulda ekan, Oxun, – toshkentlik bir indamas mardikor so‘zga aralashdi, – men o‘ttiz qironning yurtini ko‘rmadim, lekin oqpodshohning o‘ttiz shahrini kezdim. Bir vaqtlar sayoq yigitlarga qo‘shilib qolgandim-da. Sayoq uchun ikki dunyo bir qadam. Shohmashrab ham shunday ekanlar: kechqurun bir shahardan chiqsalar, ertalab boshqa bir shaharning darvozasidan kirar ekanlar.

– U kishi avliyo-da, – shaqillab qaynagan katta qora qumg‘onni keltirgan Yormat uning so‘zini kesdi, – Shohmashrab yo‘lga chiqsalar, xudoning qudrati bilan yerning tanobi tortilib, yo‘l qisqarar ekan.

– Nega men uchun yerning tanobini tortib, yo‘lni qisqartirmaydi! – O‘roz qichqirdi.

– Bu zamonda puldorlar uchun yerning tanobi tortilgan, – so‘zini davom ettirdi haligi mardikor.– Ko‘p joyni ko‘rdim. Puldorga sahroyam bamisoli jannat. Senlar yurtlaringni maqtaysanlar, yurtlaringda to‘q bo‘lsalaring, bu yerga kelarmidinglar? Rostmi? Mana men toshkentlikman. Bundan nima foyda? Pulim bo‘lsa, har qayerda gashtimni qilaman. O‘ttiz to‘rtga kirdim, hali uylanganim yo‘q. Paranji ko‘rsam, esim og‘adi. Kampir enam qiz qidira-qidira tinkasi quridi. Qaysi eshikka bosh tiqsa, so‘rasharmish: savdogarmi, bog‘i bormi, uy-joyi bormi? Mardikorni, xizmatkorni, kosibni odam o‘rnida ko‘rishmaydi bu zamonda…

– Ahli savdogar yurtning guli bo‘ldi, uka! – dedi Yormat.

– Bizlar yurtning tikanimi? – dedi Yo‘lchi.

– Qani, choy ichaylik, ish qolmasin, kechqurun gaplashaverasanlar, og‘iz, quloq senlarniki…– qopdan yasalgan bir dasturxonni Yormat o‘rtaga yozdi. Alioxun o‘rnidan turib keng, sertuk ko‘kragini qavartirib, kerishdi, barmoqlarini qisirlatdi va jimjit mudragan uzoqliklarga ko‘zini tikib, yangroq ovozini baland qo‘yib birdan kuylab yubordi.

Men safarga chiqqanda

Yer eshigida qolgan.

«Qachon kelasan, yor?» dap

Qora ko‘zga yosh olgan.

Kunda ko‘rmadim yorni,

Kunida ko‘rarman dap.

Umid uzmadim yordin,

O‘lmasam suyarman dap…

Odamlar jonlandi. Ba’zilari chindan, ba’zilari esa hazil-mutoyiba bilan Oxunning tovushini maqtashdi.

Sodda va samimiy hangoma bilan choy ichilar ekan, daraxtlar orqasidan ho‘ngrab yig‘lagan tovush eshitildi. O‘tirganlar hayrat bilan u tomonga boqishdi. Yig‘idan ko‘zlari, qovoqlari qizarib shishgan Shoqosim yetib keldi.

– Vafot qildi, jonkashim, dardkashim. Hozir qo‘limda jon berdi. Holimga voy!

Hammaning halqumini iztirob bo‘g‘di, og‘zidagi nonni yutishni ham, tashlashni ham bilishmay qoldi. Bir minut qadar cho‘zilgan sukunatdan so‘ng Yo‘lchi, Alioxun va boshqalar Shoqosimga ta’ziya bildirib, uni yupatishga tirishdilar.

– Ota-onasiga xabar bering tezroq, – maslahat berdi Yo‘lchi.

– Bechoraning hech kimi yo‘q, yetim qiz edi. Ikki g‘arib bir yoqadan bosh chiqargan edik.– Yana qattiqroq yig‘lab yubordi Shoqosim va yig‘i aralash Yormatga yalindi: – Endi xo‘jayindan bir oz pul qarz keltirib bering. Bu kun shomgacha o‘z makoniga eltib qo‘yaylik. Chaylada, yosh bolaning oldida jasadni saqlash qiyin.

– Kun issiq, ertaga qoldirib bo‘lmaydi…– dedi O‘roz. Yormat katta mushkulot qarshisida qolgan odam kabi, boshini tebratib bir tutam soqolini yula boshladi.

– Xo‘jayinlar shaharda, – dedi u odamlarga qarab, – shahar borib kelgunimcha – kun tamom. Bugun ko‘mishga ulgura olmasmiz…

– Xo‘jayinning ayollarida pul topilib qolar, – dedi Yo‘lchi kuyunib, – yo siz, yo man g‘izillab borsak…

– Ularda pul bo‘ladi, bilaman. Lekin ayollarning fe’li tor. Kafanlikka doka berishsa ham katta gap, – dedi ming‘irlab Yormat.

– Bir bechora oshnamizni qarzga botiraveramizmi? – bo‘g‘ilib qichqirdi Oxun va odamlarni bir-bir ko‘zdan kechirib davom etdi. – O‘likni ko‘mib kelish qiyin emas, lekin yo‘g‘on chiqimlari keyin keladi, bilasanlar. Hali Shoqosim ko‘p qarz so‘raydi. Hozir unga besh-olti so‘m kifoya: go‘rkovga ikki so‘lkavoy, domla imomga ikki qog‘oz, yug‘uvchiga bir so‘m. Ish tamom.

– Osh-suv qilmasam bo‘lmaydi, Oxun aka! – dedi Shoqosim, – sho‘rlik xotin dunyoda nima ko‘rdi. Jilla bo‘lmasa o‘ligini odamday ko‘may, arvohi quvonsin!

– Keyin qilasan! – Oxun odamlarga orqasini o‘girdi. Juldur choponini timirskilab, u yoq-bu yog‘ini ag‘darib, uch so‘mlik shaldiroq qog‘oz olib o‘rtaga tashladi va o‘rnidan turib qayoqqadir ketdi.

Oxunning shafqatiga hamma chuqur sezgi bilan qaradi, bu his ularning ko‘zlarida, yuzlarida ravshan mavjlandi. Qirg‘iz O‘roz belbog‘iga mahkam chandib tugilgan bittagina so‘lkavoyni (kim biladi, buni qachonlardan beri saqlab kelgan u) chiqarib, sekingina tashladi.

– Hammaga pul kerak, o‘lik ham pul bilan yuradi, – dedi toshkentlik mardikor va ishtonining ipchasiga qistirilgan bir bo‘z xaltachani – hamyonni olib, tanga, chaqa aralash bir so‘mni sanab to‘kdi.

Yo‘lchi shu chog‘da qancha aqchasi bo‘lsa ham berishga tayyor edi, lekin yonida bir siyqa tiyini yo‘q edi. Pul bergan o‘rtoqlarini quchoqlab o‘pgisi keldi, ular shu topda dunyoda eng himmatli, eng qadrdon, eng mehribon odamlar bo‘lib tuyuldi. Ko‘zlariga quyulib kela boshlagan tomchilarni yashirish uchun boshini quyi soldi.

Yormat o‘rtadan pulni yig‘ib olib, kaftida qisdi:

– Qolgan xizmat bizdan bo‘lsin, darrov ashqol-dashqolni tayyorlayman. Choyni ichib, sizlar ishga tushinglar. Jo‘na, Shoqosim, chaylangga! Hozir atrofdan ayollarni topib olib boraman. Ularsiz ish bitmaydi.

– Yaxshiliklaringni ikki dunyoda unutmayman sira! Azalaringga emas, to‘ylaringga yordam qilay! – Shoqosim o‘z chaylasiga yugurdi.

Kechki ovqat oldida, nim qorong‘ilikda, qarol va mardikorlar tiz cho‘kib, qo‘llarini qovushtirib o‘tirishdi, ularning boshlari egilgan edi. Yo‘lchi yoshlikda onasidan o‘rgangan qisqa bir surani o‘z bilganicha qiroat bilan o‘qidi. Hamma qo‘l ochib marhumaning ruhiga bag‘ishladi. Ovqat ustida hech kim ortiqcha so‘z so‘zlamadi. Faqat kimdir, shunday dedi:

– Pokiza ayol ekan. Go‘ri naq saroyday keng-katta ochilibdi…

III

Quyosh botganiga anchagina bo‘lgan. Qorong‘ilik quyuqlasha borar, ko‘kdagi yulduzlar chamani ham borgan sayin yorqinroq chaqnar, havo badanga sezilarli sovir edi.

Dalada ishning tig‘iz vaqti o‘tgani uchun mardikorlarga bundan bir necha kun ilgari javob berilgan, paxta terimiga qadar qilinajak ishlar Yo‘lchi, O‘roz ham Shoqosimga yuklatilgan edi.

Yo‘lchi jiydaning ostiga pichanni qalinroq yoyib, ustiga choponini qiya tashlab yotdi. O‘roz daraxtga suyanib do‘mbirasini chertar edi. Kechaning jimjitligida do‘mbira mungli, yig‘lagansimon jaranglar edi.

Qani bir nay bo‘lsa, Yo‘lchi ham chalsa-da, butun ko‘ngil qayg‘ularini, oila o‘chog‘idan ayrilgan g‘arib, tanho ruhning to‘lqinlarini kechaning sukut to‘la og‘ushiga quysa…

Nay to‘g‘risida o‘ylar ekan, tog‘asining qizi Nuriniso va u kungi uchrashuv yodiga tushdi. Voqea butun tafsilotn bilan uning xayolida jonlanarkan, yigitlikning sho‘x havaslari yurakda bir lahza chayqalib ketdi, u iljayib qo‘ydi. Lekin shu vaqtgacha biron marta uni eslamagan edi. U kun Nurinisoning hiylasiga ilinib, shohi ko‘ylak ichida balqigan yumshoq, qizg‘in badanni o‘z quchog‘iga bir lahza, olishga majbur bo‘lib, so‘ng qocharkan, uni bir necha soat qo‘rquv va sirli, shirin hayajon quchsa ham, keyin tezda ko‘ngli sovigan edi: «Bu hiylakor qiz, juda quv qiz. Meni sevmaydi yurakdan. U yolg‘iz ersirab qolgan. Unga o‘yin kerak. «Teng – tengi bilan, tezak – qopi bilan». Mirzakarimboyning qizi bilan mening oshiq-ma’shuqligim ertakka ham sig‘maydi…» deb o‘ylagan edi Yo‘lchi. Ammo uning qalbi goh-goh boshqa bir qiz yodi bilan to‘lib-toshar edi. U, Yo‘lchi quyoshning olov selida cho‘milib, to‘nka kavlar ekan, uchragan kambag‘al qiz, uzoqdan unga qayrilib boqib, sof, sodda, samimiy tabassum baxsh etgan go‘zal qiz!..

Yo‘lchi hozir Nuriniso bilan bo‘lgan uchrashuvni eslarkan, yuragi, xayoli, o‘yi yana o‘sha begona qizga bog‘landi. Bir zum qarash bilan yurakka naqshlangan uning chehrasini yana ko‘z oldida jonlantirishga tirishdi va: «Kimning qizi u? Yana ko‘rarmikanman?» deb o‘z-o‘zidan so‘radi.

– Shoqosim nashani urdi, hidini qara, butun dalani tutdi-ya, bay-bay… puhu…– do‘mbirani to‘xtatib gapirdi O‘roz.