Читать книгу Oskar va pushti xonim (Эрик-Эмманюэль Шмитт) онлайн бесплатно на Bookz (2-ая страница книги)
bannerbanner
Oskar va pushti xonim
Oskar va pushti xonim
Оценить:
Oskar va pushti xonim

4

Полная версия:

Oskar va pushti xonim

– Qani, meni quchoqlang. Bu haqda boshqalarga aytmayman. Sizning kurashchi sifatidagi obro‘ngizga putur yetkazmaslik uchun.

Uning lablari yonog‘imga tegdi, issiqlik va yengil mayinlikni his qildim, Roza buvidan yoqimli upa va sovunning hidi kelardi.

– Yana qachon meni ko‘rgani kelasiz?

– Haftasiga ikki marta kelolaman, Oskar.

– Bo‘lishi mumkin emas, Roza buvi! Uzoq davom etuvchi uch kunni kutib o‘tkazish…

– Qoidalar shunday.

– Bu qoidalarni kim o‘ylab topgan?

– Shifokor Dyusseldorf.

– Bu Shifokor Dyusseldorf endi meni ko‘rganda qo‘rqqanidan qayoqqa qochishini bilmaydi. Undan ruxsat so‘rang, Roza buvi. Hazillashmayapman.

U menga ikkilanib qaradi.

– Men hazillashmayapman… Agar siz har kuni meni ko‘rgani kelmasangiz, Xudoga yozishni to‘xtataman.

– Mayli, harakat qilaman.

Roza buvi xonadan chiqib ketdi va men yig‘lab yubordim…

Ilgari qo‘llab-quvvatlovga muhtoj ekanligimni bilmasdim. Qay darajada jiddiy kasal ekanligimni anglamagandim. Roza buvini boshqa umuman ko‘ra olmasligim mumkinligi haqidagi birgina xayolning o‘zidayoq, hammasini tushunib yetdim va ko‘zlarimdan yonoqlarimni yondirib o‘tuvchi marjon yoshlar to‘kila boshladi.

Yaxshiyamki, Roza buvi o‘zimni ancha bosib olganimdan so‘ng qaytib keldi.

– Hammasi hal bo‘ldi, menga ruxsat berishdi. O‘n ikki kun davomida har kuni seni ko‘rgani kelishim mumkin, Oskar.

– Meni va mendan boshqa hech kimnimi?

– Sen va sendan boshqa hech kimni, Oskar. O‘n ikki kun yoningdaman, azizim.

Menga nima bo‘lganini bilmayman, lekin ko‘zyoshlarimga yana erk berib yubordim. Garchi o‘g‘il bolalar yig‘lamasligi kerakligini bilsam-da, bundan ham ko‘proq men tuxumboshim bilan – na o‘g‘il bolaga, na qiz bolaga, balki o‘zga sayyoralikka o‘xshardim. Nima ham qilish mumkin? Shunchaki o‘zimni tutib tura olmadim.

– O‘n ikki kun… Hammasi juda yomon, to‘g‘rimi, Roza buvi?

Bu gapim Roza buvini ham ta’sirlantirdi. Nima deyishini bilmay qoldi. Sobiq sirk xodimasi qalbida yashirinib yotgan chinakam tuyg‘ulari tashqariga chiqishiga izn bermasdi. Ushbu kurashni kuzatish qiziqarli edi va men ishning mohiyatidan biroz chalg‘idim.

– Bugun qanday kun, Oskar?

– Bu qanday savol bo‘ldi? Kalendarimni ko‘ryapsizmi? Bugun o‘n to‘qqizinchi dekabr.

– Bilasanmi, Oskar, bizning hududimizda yakunlanayotgan yilning o‘n ikki kunida sen kelasi yilning o‘n ikki oyi qanday bo‘lishini bilishing mumkinligi haqida afsonalar bor. Bir yilda ob-havo qanday bo‘lishi haqidagi tasvirni bilishing uchun har kuni ob-havoni kuzatish kifoya. O‘n to‘qqizinchi dekabr yanvar oyini bildiradi, yigirmanchi sana – fevralni, yigirma birinchi – martni. Shunday tartibda kelgusi yil dekabr oyi qanday o‘tishini dekabr oyining o‘ttiz birinchi kuniga qarab bilib olaverasan.

– Bu juda zo‘r-ku, Roza buvi…

– Bu afsona. O‘n ikki sehrli kun afsonasi. Biz ikkimiz, sen bilan birgalikda shu afsonani ro‘yobga chiqarishni xohlardim. Bunda ko‘proq sen faol bo‘lishing kerak. Bugundan boshlab, har bir o‘tgan kuningga xuddi u o‘n yilga teng bo‘lgandek qara.

– O‘n yil?!

– Ha. Bir kun – bu o‘n yil.

– Unda o‘n ikki kundan keyin men bir yuz o‘ttiz yoshga to‘larkanman-da!

– Ha! Endi tushundingmi?

Roza buvi meni quchoqladi.

– His qilyapman, sen bunga kirishishni boshlading, – dedi va xonadan chiqib ketdi.

Xo‘sh, shunday qilib, Xudojon, men bugun ertalab tug‘ilganman, buni uncha yaxshi eslolmayman; peshindan keyin hammasi yanada aniqlashdi; besh yoshga to‘lganimda, buni anglashni boshladim, lekin bu uncha yaxshi xabarlarni olib kelmadi; bugun kechqurun o‘n yoshga kirdim, bu aqlning yoshi. Bundan sendan bir narsa haqida so‘rash uchun foydalanaman: agar meni bugun kunduzi bo‘lgandagi kabi voqeadan xabardor qilmoqchi bo‘lsang, iltimos, buni yumshoqroq amalga oshir.

Rahmat.

Ertagacha.

O‘pib qolaman,

Oskar.

P.S. Sendan yana bir narsa haqida so‘ramoqchiman. Bilaman, yaqindagina o‘z huquqimdan foydalandim, ammo buni istak deb ham bo‘lmaydi, balki maslahat kabi.

Men qisqa uchrashuvga roziman. Yuzma-yuz emas, balki xayoliy uchrashuvga.

Bu oson emas. Meni ko‘rish uchun kelishingni juda istayman. Ertalab sakkizdan kechqurun to‘qqizgacha ko‘rgani kelishing mumkin. Qolgan vaqtda uxlayman.

Ba’zan hatto kunduzi ham dori-darmonlar ta’sirida qisqa vaqtga uxlab qolishim mumkin. Agar meni shunday holatda uchratsang, hech ikkilanmasdan uyg‘otaver. Faqat ahmoq odamgina bunday imkoniyatni qo‘ldan boy berishi mumkin!


Xudojon!

Bugun men boshqalar bilan bir qatorda o‘smirlik davrini boshdan kechiryapman. Mana, hikoya qanday bo‘lgan edi! Do‘stlarim, ota-onam bilan bog‘liq juda ko‘p muammolar yuz berdi va ularning hammasi qizlar tufayli. Allaqachon kechqurun bo‘ldi va yigirma yoshga to‘lganligim haqidagi fakt meni uncha xafa qilmayapti, chunki o‘zimga «eng yomoni ortda qoldi» deb ayta olaman. Bu jinsiy kamolot uchun katta rahmat aytaman! Yana bir bor boshdan o‘tkazishim mumkin, lekin keyingisiga hech qachon rozi bo‘lmayman!

Avvalo, Xudojon, senga shuni ma’lum qilmoqchimanki, meni ko‘rgani kelmading. Bugun yosh bilan bog‘liq muammolar tufayli deyarli uxlamadim, demak, sening tashrifingni o‘tkazib yuborishim mumkin emasdi. Keyin senga aytgandim: agar uxlab qolgan bo‘lsam, meni turtib yubor.

Uyg‘onganimda, Roza buvi allaqachon shu yerda edi. Nonushta paytida u kuniga uch kilo xom go‘shtni bir bochka pivo bilan paqqos tushiruvchi belgiyalik, Qirollik vakili bo‘lgan Titki bilan o‘rtalaridagi jang haqida gapirib berdi; menimcha, uning barcha kuchi chiqaradigan nafasida edi: go‘sht bilan birlashib ketgan pivo hidi – uning raqiblarini birma-bir gilamga qulatardi. Titkini mag‘lub qilish uchun Roza buvi yangi usulni o‘ylab topishi kerak edi: ko‘zlar uchun teshiklari bo‘lgan maxsus bosh kiyim kiyish, uni lavanda ifori bilan to‘ldirish va o‘zini Karpentr dahshati deb atash. Roza buvining aytishicha, kurash – miyada ham mushaklar bo‘lishini talab qiladi.

– Kim senga ko‘proq yoqadi, Oskar?

– Bu yerda, kasalxonadami?

– Ha.

– Bekon, Eynshteyn, Popkorn.

– Qizlardan-chi?

Shunda og‘zimdagi gapimni chaynab qoldim. Javob berishni xohlamasdim. Lekin Roza buvi kutardi, jahon miqyosidagi sportchini esa uzoq vaqt kuttirib bo‘lmaydi.

– Moviy Peggi.

Peggi, moviyrang qiz. U so‘nggi xonadan avvalgi xonada yotadi. Deyarli hech narsa demaydi, faqat uyalgancha nimtabassum qiladi. To‘satdan shifoxonada paydo bo‘lib qolgan pari kabi. Uning qandaydir ajoyib kasalligi bor – moviy kasallik, o‘pkaga tushishi kerak bo‘lgan qon u yerga tushmaydi va tana birdaniga moviyrangga aylanadi. Peggi pushtirang bo‘lish uchun operatsiyani kutmoqda. Bu amalga oshishi afsuslanarli, menimcha, moviyrang Peggi ham juda chiroyli. Uning atrofida juda ko‘p yorug‘lik va sukunat bor… Yaqinlashgan zahoting, xuddi yorug‘lik og‘ushiga tushib qolgandek bo‘lasan.

– Sen unga bu haqda aytganmisan?

– Men axir oydan tushgandek birdaniga uning oldida paydo bo‘lib: «Moviy Peggi, men seni yaxshi ko‘raman», deb aytolmayman-ku!

– Aynan. Nega sen bunday qilmading?

– Hatto u mening bu yerda bor yoki yo‘qligimni bilishidan ham xabarim yo‘q, axir.

– Ajoyib imkoniyat bu.

– Siz mening boshimga qarayapsizmi? U o‘zga sayyoraliklarni yaxshi ko‘radi deysizmi, lekin bunga mening ishonchim komil emas.

– Sen menga juda chiroyli bo‘lib ko‘rinasan, Oskar.

Ushbu izohdan so‘ng, suhbatimiz suv quygandek jimjit bo‘lib qoldi. Albatta, bunday gaplarni eshitish yaxshi, hatto qo‘llaringdagi tuklar ham o‘rnidan turib ketadi, lekin bu yerda nima deb javob berish kerakligi tushunarsiz.

– Roza buvi, u mening nafaqat tashqi ko‘rinishimni yoqtirishini xohlayman…

– Quloq sol, uni ko‘rganingda nimani his qilasan?

– Men uni arvohlardan himoya qilishni istayman.

– Qanday qilib? Bu yerda, arvohlar paydo bo‘ladimi?

– Ha, har kecha. Ular bizni uyg‘otishadi, nima uchunligini esa bilmayman. Bu og‘riqli, chunki ular chimchilashadi. Ular ko‘rinmasligi sabab odamda qo‘rquv uyg‘otadi. Ana undan keyin uxlab bo‘psiz!

– Bu arvohlar oldingga tez-tez kelishadimi?

– Yo‘q. Men qattiq uxlayman. Lekin kechalari ba’zan Moviy Peggining qanday qichqirganini eshitaman. Uni himoya qilishni juda-juda istayman, Roza buvi…

– Bu haqda uning o‘ziga ayt.

– Har qanday holatda ham bunday qila olmayman, chunki kechasi biz xonadan tashqariga chiqish huquqiga ega emasmiz. Tartib shunday.

– Arvohlar tartibga rioya qilishadimi? Yo‘q, albatta. Ayyorroq bo‘l: agar arvohlar Moviy Peggini himoya qilmoqchi ekanligingni bilishsa, u holda kechasi paydo bo‘lishga jur’at etolmaydilar.

– Shunaqamikin…

– Yoshing nechada, Oskar?

– Bilmasam. Hozir soat necha bo‘ldi?

– O‘n. Tez orada o‘n besh yoshga to‘lasan. Senga jasoratli bo‘lish va his-tuyg‘ularingni oshkor qilish vaqti kelgandek tuyulmayaptimi?

O‘ndan o‘ttiz daqiqa o‘tganda, qaror qabul qildim va uning xonasi tomon yo‘l oldim. Eshik ochiq edi.

– Salom, Peggi, men – Oskarman, – dedim dadil tutib o‘zimni.

U xuddiki atrofidagi ahmoq gnomlar uni o‘ldi deb o‘ylayotgan bir paytda shahzodasini kutayotgan Oppog‘oy kabi to‘shagida o‘tirardi. Oq emas, moviyrangdagi qor bilan qoplangan suratlardagi Oppog‘oyga o‘xshab. Peggi menga o‘girildi va shunda o‘zimga savol berdim: unga aslida kim bo‘lib ko‘rinaman – shahzodami yoki gnom? Shaxsan o‘zimni o‘zim tuxumboshim tufayli gnom o‘rniga qo‘ygan bo‘lardim. Lekin Moviy Peggi hech narsa demadi. Eng ajoyib narsa shundaki, u doimo jim turadi va shuning uchun hamma narsa sirliligicha qolib ketaveradi.

– Men… agarda… sen shuni xohlasang, bugungi va undan keyingi hamma kechalarda arvohlar kirmasligi uchun eshigingni qo‘riqlashim mumkinligini aytgani keldim.

U kirpiklarini ko‘tarib, menga qaradi. Xuddi sekinlashtirilgan tasvirga tushib qolgandek bo‘ldim: havo havoga to‘lib ketgandek, sukunat sukunatliroqdek, suv ustida yurgandek edim, uning yorug‘lik bilan burkangan to‘shagiga yaqinlashganim sari hamma narsa o‘zgarib ketardi.

– Ey, to‘xta, tuxumbosh: Peggini men qo‘riqlayman!

Popkorn eshik tirqishidan cho‘zildi, aniqrog‘i, bu tirqishni o‘zi bilan berkitib qo‘ydi. Men titrab ketdim. Agar Popkorn Peggini himoya qiladigan bo‘lsa, eshikdan hech qanday arvoh kirib kelolmaydi.

Popkorn Peggiga qaradi.

– Ey Peggi! Biz sen bilan do‘st emasmizmi?

Peggi shiftga tikildi. Popkorn buni rozilik alomati sifatida qabul qildi va meni xonadan itarib chiqara boshladi.

– Agar senga qiz kerak bo‘lsa, Sandrinani ol. Peggi allaqachon band qilib bo‘lingan.

– Qaysi qonun bo‘yicha?

– Sendan avvalroq kasalxonada mavjud bo‘lgan qonun bo‘yicha. Ma’qul kelmayotgan bo‘lsa, unda jang qilamiz.

– Aslida, bu menga juda ma’qul keladi.

Men charchadim va o‘yin zaliga dam olish uchun bordim.

Sandrina sezgandek allaqachon shu yerda edi. Unda men kabi leykemiya bor, lekin davolash yaxshi ta’sir etgandek ko‘rinardi. Sandrina qora parik taqib yurganligi uchun unga xitoylik qiz deb nom berishgan. To‘g‘ri, yaltiroq sochlar bilan birgalikda peshonasidagi kesilgan sochlar unga xitoylik qiz ko‘rinishini beradi. Sandrina menga qaradi va saqichdan pufak pufladi.

– Agar xohlasang, meni o‘pishing mumkin.

– Nima uchun? Senga saqich yetarli emasmi?

– Sen hatto bunga qodir emassan, ahmoq! Ishonchim komilki, hayotda bir marta bo‘lsa ham hech kimni o‘pmagansan.

– Kulgimni qistatma! O‘n besh yoshimdan kelib chiqib, seni ishontirib aytamanki, men allaqachon bu ishni ming martadan oshiq bajarganman.

– Sen o‘n besh yoshdamisan? – hayron bo‘lib so‘radi u.

Soatlarga qaradim.

– Ha. Allaqachon o‘n beshga to‘lib bo‘ldim.

– Har doim o‘n besh yoshli bola meni o‘pishini orzu qilardim.

– Bu, albatta, g‘aroyib, – javob berdim men.

Shunda u yuzini burishtirdi, lablarini cho‘chchaytirdi va u men shu lahzada qizning o‘pich istayotganligini angladim.

Ortimga qayrilganimda nima tomosha bo‘layotganini ko‘rish uchun odamlar yig‘ilib qolganini ko‘rdim. Menimcha, qutulib qolishning iloji yo‘q.

«Xo‘sh, – dedim o‘zimga o‘zim, – haqiqiy erkak bo‘lishning vaqti keldi». Vaqt bo‘ldi. Uning yoniga bordim va o‘pdim. Sandrina qo‘llari bilan orqamdan ushlab oldi va ogohlantirmasdan saqichini og‘zimga o‘tkazib yubordi. Hayrat aralash saqichni butunlay yutib yubordim va bu holatimdan jahlim chiqib ketdi.

Shu onning o‘zidayoq kimningdir qo‘li yelkamga tekkanini sezdim. Ha, baxtsizlik hech qachon yolg‘iz kelmaydi deyishadi: yelkam osha qarab ota-onamni ko‘rdim. Bugun yakshanba ekanligi butunlay yodimdan chiqibdi.

– Oskar, bizni qiz do‘sting bilan tanishtirmaysanmi?

– Bu mening qiz do‘stim emas.

– Mayli, nima bo‘lsa ham bizni tanishtir.

– Sandrina, bular mening ota-onam.

– Siz bilan tanishganimdan juda xursandman, – dedi xitoylik qiz shirin tabassum bilan.

Ota-onamning oldida Sandrina o‘zini shunday sipo tutdiki, bu mening jahlimni chiqardi.

– Oskar, Sandrina biz bilan birga xonangga borishini istaysanmi?

– Yo‘q. Sandrina shu yerda qoladi.

Yotoqqa borganimda charchoqni his qildim va bir muddatga uxlab qoldim. Hali ham ota-onam bilan gaplashishni istamasdim.

Uyg‘onganimda, ular menga sovg‘alar olib kelishganini ko‘rdim. Shifoxonada qolib ketganimdan beri ota-onam uchun men bilan gaplashish qiyinlasha boshladi, shu-shu, ular menga turli sovg‘alar olib berishar va biz kunni o‘yin qoidalarini va foydalanish usullarini o‘qish bilan o‘tkazardik.

Otam qo‘rqmasdan qo‘llanmalarga hujum qila boshlaydi – xoh ular turk tilida bo‘lsin, xoh yapon, bu uning qo‘llanmani o‘qish shashtidan qaytarolmasdi. Nima taklif qilishingizning ahamiyati yo‘q, uni qo‘llanma bilan qoldirsangiz bo‘ldi. Agar yakshanbani o‘tkazish kerak bo‘lsa, bu borada otamning oldiga tushadigani yo‘q.

Bugun otam menga CD-pleyer olib kelibdi. Bunday ajoyib sovg‘adan keyin o‘zimni risoladagidek tutmasam, uyat bo‘ladi.

– Siz kecha kelmaganmidingiz? – birdan yodimga tushib so‘radim.

– Kecha?! Biz faqat yakshanba kunlari kela olamiz-ku, Oskar. Bu gapni qayerdan olding?

– Kimdir mashinangizni avtoturargohda ko‘ribdi.

– Albatta, butun dunyoda bitta-yu bitta qizil jip bor. Barchasining ko‘rinishi bir xil, axir.

– Ha, ularning ko‘rinishi bir xil. Ota-onadan farqli o‘laroq. Afsus…

Bu gapim bilan men ularni joylariga mixlab qo‘ygandek bo‘ldim. Keyin pleyerni oldim va ularning ko‘z oldida to‘xtovsiz ikki marta «Qarsildoq»ni tingladim. Ota-onam hech bir so‘z demasdan ikki soat menga termilib o‘tirishlariga to‘g‘ri keldi. Ularga shunday qilish kerak edi.

– Senga yoqdimi?

– Ha. Uyqum kelyapti.

Ular ketishlari kerakligini tushundilar. Bugun otam-onam o‘zlarini yonimda ancha noqulay his qilishdi. Shundanmi, ikkovlari birdaniga oyoqqa turdilar. Ular menga biror gap aytishni istashlarini, lekin aytishga tillari aylana olmayotganligini sezdim. Ota-onamning azoblanishini ko‘rish menga huzur bag‘ishladi. Endi ularning navbati kelgandi.

Keyin onam menga yaqin kelib, yelkamdan qattiq ushladi, juda qattiq va titroq ovoz bilan dedi:

– Seni yaxshi ko‘raman, mening kichik Oskarim, men seni juda-juda yaxshi ko‘raman!

Onamning ko‘zlarida yosh ko‘rib, ularning mehr-muhabbatlariga to‘la bo‘lgan kunlarimizni esladim. O‘sha vaqtlar «Men seni yaxshi ko‘raman, Oskar», degan so‘zlari xotirjamlikka to‘la bo‘lib jaranglardi.

Shundan keyin yana uxlashimga to‘g‘ri keldi.

Roza buvi – uyqudan erta turish bo‘yicha chempion. Ko‘zlarimni ochishim bilanoq, u har doim shu yerda bo‘ladi. Shu vaqtning o‘zidayoq uning tabassumi ham shay turadi.

– Shunday qilib, ota-onang borasida nima deya olasan?

– Natija odatdagidek nolga teng. Lekin ular menga «Qarsildoq»ning yozuvini hadya qilishdi.

– «Qarsildoq»?! Ha, bu juda qiziq. Mening shunday laqab olgan dugonam bor edi. Ajoyib chempion. Oyoqlarini siqib qo‘yib, har qanday raqibining bo‘ynini sindira olardi. Xo‘sh… Moviy Peggi-chi, u bilan ko‘rishdingmi?

– U haqda eslatmang. Peggi Popkornni tanladi.

– Uning o‘zi senga shunday dedimi?

– Yo‘q, Popkorn aytdi.

– Aldayapti!

– Menimcha, unday emas. Ishonchim komilki, u Peggiga ko‘proq yoqadi. Popkorn kuchli va bu unga bo‘lgan ishonchni kuchaytiradi.

– Senga aytyapman, aldayapti! Men kichkina sichqoncha kabi ko‘rinishim mumkin, ammo ringda hajmi kit yoki gippopotamniki kabi bo‘lgan sportchilarni yutishimga to‘g‘ri kelgan. Olxo‘rilik zapekankani olaylik – irlandiyalik, vazni bir yuz ellik kilogramm, qorni juda och bo‘lganida shuncha og‘irlik bosadi, yelkalari mening boldirlarimdek, mushaklari son go‘shti kabi va sonlarini ushlashga quchog‘ing yetmaydi. Hech qanday bel yo‘q deyaver – ushlab urish uchun hech narsa yo‘q. Yengilmas!

– Siz nima qildingiz?

– Agar ushlab olishingga yo‘l bo‘lmasa, demak, u yumaloq narsa bo‘ladi va raqibingning bu holati uni dumalatish kerakligini anglatadi. Men uni holdan toyguncha yugurtirdim, keyin bir zarba bilan Olxo‘rili zapekankani ag‘dardim. Keyin uni o‘rnidan turg‘azish uchun ko‘targich kerak bo‘lgan. Kichkintoyim Oskar, sening suyaklaring yengil, kam bifshteks yegansan, bu aniq, lekin joziba suyak yoki go‘shtga bog‘liq emas, u yurakdan keladi. Yurakdan keladigan narsani oladigan bo‘lsak, senda undan ko‘pi bor.

– Mendami?

– Moviy Peggining oldiga bor va unga yuragingda nima bor bo‘lsa, barchasini to‘kib sol.

– Biroz charchadim.

– Charchadingmi? Bu soatda sen nechaga to‘lding? O‘n sakkiz yoshgami? O‘n sakkiz yoshda kishi charchoqni bilmasligi kerak.

Roza buvi nima deyishni biladi, darhol quvvatga to‘la boshladim.

Allaqachon qorong‘i tushgandi va har qanday shovqin zulmatdan qaytib eshitilgandek bo‘lardi, yo‘lakdagi linoleum oy nurida yaltirardi. Men Peggining palatasiga kirdim va unga pleyerimni uzatdim.

– Mana, ol. «Qor parchalari valsi»ni tinglab ko‘r. Bu juda chiroyli! Men uni tinglaganimda, sen haqingda o‘ylayman.

Peggi «Qor parchalari valsi»ni tinglardi. U jilmayar, vals uning dugonasi singari kulgili bir gapni quloqlariga pichirlagandek bo‘lardi.

Peggi menga pleyerni uzatdi va dedi:

– Chiroyli.

Bu uning birinchi so‘zi edi. Haqiqatda ajoyib-a?

– Moviy Peggi, shuni aytmoqchi edimki, seni operatsiya qilishlarini xohlamayman. Shundoq ham juda chiroylisan. Senga ko‘k rang yarashadi.

Gaplarim unga yoqqanini payqadim. Bu gaplarni unga yoqish uchungina aytmadim, lekin bu Peggiga juda yoqdi.

– Oskar, meni arvohlardan aynan sen himoya qilishingni istayman…

– Menga ishonishing mumkin, Peggi.

Juda faxrlanib ketdim o‘zimdan. Axir, oxir-oqibat g‘alaba qozongandim-da!

– Meni o‘p.

Bu barcha qizlarning oddiy istagi. Lekin Peggi xitoylik qiz kabi emas. U yomon qizlarga o‘xshamaydi, Peggi menga yonog‘ini tutdi va men chindan ham uni o‘pganimdan xursand edim.

– Ko‘rishguncha, Peggi.

– Ko‘rishguncha, Oskar.

Shunday qilib, Xudojon, kunim shunday voqealarga boy bo‘ldi. O‘smirlik davrida ko‘ngilga yoqadigan narsalar kam bo‘lishini tushunaman. Bu oson emas. Lekin oxir-oqibat yigirma yoshga yetgunga qadar hammasi hal bo‘lib ketadi. Shuning uchun senga bir iltimos bilan murojaat qilmoqchiman: kelajakda Peggi bilan turmush qurishni istayman. Oila qurish ma’naviy sohaga, sening idorangga bog‘liq ekanligiga ishonchim komil emas. Sen bunday tilakni amalga oshira olasanmi? Chunki bilishimcha, bu holatda ko‘proq nikoh uyiga murojaat qilishadi. Agar bo‘limingda bu amalga oshirilmasa, iltimos, bu haqda menga imkon qadar tezroq xabar ber, shunda istagimni yanada mos keladigan shaxsga yo‘naltira olaman. Seni shoshirishni istamayman, lekin eslatib o‘tmoqchimanki, vaqtim biroz kamroq. Shunday qilib: Oskar va Moviy Peggining to‘yi. Ha yoki yo‘q. Agar sen buni uddalay olsang, juda zo‘r bo‘lardi.

Ertagacha. O‘pib qolaman,

Oskar..

P.S. Haqiqatda ham, sening manziling qayerda?


Xudojon!

Ko‘rib turganingdek, turmush qurdim. Bugun dekabr oyining yigirma birinchi sanasi, men o‘ttiz yosh sari qadam qo‘yyapman va oilaliman. Bolalarga kelsak, biz Peggi bilan buni vaqtning hukmiga tashladik. Aslida, menga u hali tayyor emasdek tuyuldi.

Hammasi kecha kechasi sodir bo‘ldi.

Soat birlarga yaqin menga Peggining hayqirig‘i eshitildi. O‘rnimdan sakrab turib ketdim. Arvohlar! Ular Moviy Peggini qiynashyapti, men esa uni qo‘riqlashga va’da bergandim. Peggi meni va’dasini bajarmaydigan ahmoq deb o‘ylaydi va endi bir so‘z ham aytmaydi. Bu borada esa u haq bo‘ladi.

Yuqoriga ko‘tarildim va ovoz kelgan tomonga yugura boshladim. Moviy Peggining xonasiga yetib borganimda Peggi to‘shakda o‘tirganini va menga hayrat bilan qarayotganini ko‘rdim. Men ham hayratda qotib qolgandek ko‘ringan bo‘lsam kerak, chunki Moviy Peggining og‘zi yopiq edi, lekin hayqiriqlar to‘xtamasdi.

Shunday qilib, keyingi eshik oldiga bordim va to‘shakda kuyishdagi azoblar tufayli hayqirayotgan Bekonni ko‘rdim. Bir lahzaga vijdon azoblari uyg‘ondi, yong‘in uyushtirgan kunimni esladim: uyda olov ko‘tarilgandi, mushugim ham, itim ham, hatto oltin baliqlarim ham qovurilib qolgandi. Natijada ular pishib qolishgan bo‘lishsa kerak deb o‘ylayman. Men ular nimani boshdan o‘tkazishganini tasavvur qildim va o‘yladim: barchasi bundan ham yomon yakun topishi mumkin edi – teri ko‘chirib o‘tkazilishi va har qanday malhamlarga qaramasdan Bekonda bo‘layotgani kabi azob beruvchi xotiralar va og‘riqli kuyishlar.

Bekon to‘p kabi o‘ralib oldi va nola qilishni to‘xtatdi. Men Moviy Peggining oldiga qaytib keldim.

– Shunday qilib, bu sen emasmiding, Peggi? Men har doim kechasi qichqirayotgan sen bo‘lsang kerak, deb o‘ylardim.

– Men esa sen deb.

Ikkalamiz ham uzoq vaqt davomida boshqa narsa haqida o‘ylaganimizni anglab, sodir bo‘lgan voqea haqida boshqa to‘xtalmadik.

Moviy Peggi yanada moviylashdi, bu uning juda xijolat bo‘layotganini anglatardi.

– Endi nima qilmoqchisan, Oskar?

– Sen-chi, Peggi?

Aqldan ozish mumkin, biz qanchalik o‘xshashmiz: bir xil fikrlar, bir xil savollar.

– Bu yerda men bilan uxlashni xohlaysanmi?

Qizlar – ajoyib bo‘lishadi. Menda bunday iboralar soatlar, haftalar, oylar mobaynida ularni aytib chiqarishga muvaffaq bo‘lmagunimcha miyamda aylangan bo‘lardi. Peggi esa buni tabiiy, juda oddiy e’lon qildi.

– Mayli.

Uning yoniga yotdim. Biroz tor edi-yu, lekin xursandchiligimizga arzirdi. Moviy Peggidan yong‘oqlar ifori kelardi, qo‘limning orqa tomonida bo‘lgani kabi, uning butun tanasidagi terisi juda nozik edi. Bir-birimizga qarab uxladik, birga orzu qildik, hayotimiz haqida bir-birimizga gapirib berdik.

Ertasi kuni ertalab katta hamshira madam Gomet bizni bir o‘rinda yotganimizni ko‘rganda, bu yerda albatta, haqiqiy fojia boshlandi. U hayqirib yubordi, navbatchi hamshira ham, ular goh Peggining ustida, goh mening ustimda hayqirishar, eshiklarni ochib-yopishar, hammani guvohlikka chaqirar, bizni «baxtsiz bolalar» deb aytishardi. Ammo biz juda baxtli edik. Nihoyat, Roza buvi bu konsertni to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldi.

– Siz bu bolalarni tinch qo‘yasizmi yoki yo‘q? Kimga xizmat qilasiz o‘zi – bemorlargami yoki tartibga? Tartibingizga tupurdim! Endi esa jim bo‘ling! Vahima ko‘tarish uchun o‘zingizga boshqa joy toping! Bu yer sizga bozor emas!

Rozi buvi ishga aralashgandan so‘ng har doimgidek e’tirozlar kuzatilmadi. U meni xonaga olib bordi va qisqa vaqtga uyquga ketdim.

Uyg‘onganimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan voqeani muhokama qildik.

– Shunday qilib, Oskar, Peggi bilan hammasi jiddiymi?

– Ha, Roza buvi, hammasi jiddiy va shunchaki ajoyib. Men baxtliman. Bu kecha biz u bilan turmush qurishga ahdlashdik.

– Turmush qurishga?!

– Ha. Bu haqda jiddiy gaplashib oldik.

– Hali shundaymi?

– Siz meni kim deb o‘ylayapsiz, Roza buvi? Soat necha bo‘lganini bilasizmi? Men allaqachon yigirmaga to‘ldim, tushunganimcha hayotimni qurishga harakat qilyapman.

– Oskar, sen bilan faxrlanaman!

Biroz uxladim. Uyg‘ongach, Roza buvi bilan birgalikda tushlik qildik va men o‘zimni ancha yaxshi his qildim.

– Aqldan ozish mumkin, ertalab qanday charchagan edim.

– Bu odatiy holat, yigirma-yigirma besh yoshlarda kechasi sayr qilish, bayramlar uyushtirish, ko‘cha hayoti bilan bog‘lanish va ayni paytda umuman yo‘q kuchlarni avaylamaslik. Buning uchun to‘lov amalga oshirish kerak. Quloq sol, yur, Xudoni ko‘rib kelamiz.

– Zo‘r-ku, sizda uning manzili bormi?

– O‘ylaymanki, biz uni cherkovdan topa olamiz.

Roza buvi meni Shimoliy qutbga borayotgandek kiyintirdi, yelkalarimdan ushladi va shifoxona parkining tubida joylashgan, muzlagan maysazorlar bor yerga olib bordi, uning qayerda joylashganligini nega senga tushuntirshga harakat qilyapman, axir bu sening manziling-ku.

bannerbanner