
Полная версия:
Uzunpaypoq Peppi
– Salom, bolakay! – dedi u. – Menga ayt-chi, nimani reja qilyapsan? Bechora Villiginani beshovlon birvarakayiga urib, abjag‘ini chiqarmoqchimisiz?
Bengt ortiga o‘girilib, ilgari hech qayerda uchratmagan yovvoyi tabiat qizni ko‘rdi. U qizga bir muddat tikilib turdi, so‘ng esa og‘zi qulog‘iga yetar darajada tirjaydi.
– Yigitlar, – dedi u oliftalik bilan, – hoy yigitlar, ovsar Villini qo‘ya turing, yaxshisi, mana bu alvastini ushlang!
Bengt sonlariga shapatilab kula boshladi. Zum o‘tmay ko‘zlarini piqillab artgancha oyoq uchida yurib Tommining yoniga kelib olgan Villidan boshqa barcha bolalar Peppining atrofini o‘rab olishdi.
– Yigitlar, umringizda mana bu alvastiniki kabi beo‘xshov sochni ko‘rganmisiz? Sochlaring qip-qizil olovday-ku, alvasti. Mana bunday poyabzalni-chi? – davom etdi Bengt. – Bir poyini menga berib turolmaysanmi, a, qizaloq? Ayni shu kunlarda eshkak eshgani daryoga bormoqchi edim, qayiq qilib ishlatishga berib tur.
Bengt Peppining echki kokillaridan birini g‘ijimladi-yu, shu zahoti qo‘lini uzib olib, uni masxara qildi:
– Voy-voy, qo‘lim kuydi-ku!
Shundan so‘ng barcha bolalar qo‘lma-qo‘l Peppining atrofini aylana qilib olgancha sakrab o‘ynashni boshlashdi:
– Qizilbosh! Qizilbosh!
Peppi doira o‘rtasida turib, ularga do‘stona jilmayib qo‘ydi. Bengt uning jahli chiqishini va yig‘lab yuborishini kutgan edi. Jilla qursa, rangi oqarishi kerak edi. Umidi chippakka chiqqanini bilgach, Bengt Peppini jahl bilan itarib yubordi.
– Menimcha, sen xonimlar bilan qanday muomala qilishni bilmaydiganga o‘xshaysan.
Peppi shunday deya uni kuchli qo‘llari bilan balandga ko‘tarib, qayin daraxtining shoxiga ilib qo‘ydi. Keyingi bolani ham olib, boshqa bir shoxga osib qo‘ydi. Boshqa birini esa darvoza yaqinidagi panjaraga ilib qo‘ydi, to‘rtinchi bolani esa aylantirib otgan edi, u bechora bog‘ ichidagi gulzor ustiga gup etib yiqildi. Bezorilarning eng so‘nggisini esa yo‘l chetidagi bolalar aravachasiga joylab qo‘ydi. Bizning uchala qahramonimiz – Peppi, Tommi, Annika va Villi har yerda cho‘zilib yo osilib yotgan bolalarga bir muddat qarab turishdi. Bazorilar nafaqat yer tishlagan, balki qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titramoqda edilar.
– Shunchalik ham qo‘rqoq bo‘ladimi odam? Bir kishiga besh kishi bo‘lib hujum qilish – qo‘rqoqlar ishi. Qolaversa, himoyasiz va ojiz qizchani itarib yuborish yaxshimi? O‘taketgan pastkashlik bu!
Peppi u yoq bu yog‘ini biroz tuzatgan bo‘ldi-da, do‘stlariga:
– Yuringlar, uyga qaytamiz, – dedi. So‘ng Villiga yuzlandi: – Mabodo yana seni ranjitadigan bo‘lishsa, kelib menga aytaver. Daraxt shoxida osilib, miq etishga yuragi betlamay turgan Bengtga aytilajak gapini ham unutmadi.
– Xo‘sh, bolakay, sochim yoki poyabzalim haqida yana biror nimani bilish niyating bormi? Bo‘lmasa, juda yaxshi, uyga ketishimdan oldin aytib olganing ma’qul edi-da.
Biroq Bengt uning na sochi, na poyabzali haqida lom-mim deyolmadi. Peppi bir qo‘lida zanglagan konserva idishni, ikkinchi qo‘lida kalavadan bo‘shagan g‘altak naychasini tutgancha Tommi va Annikaning ortidan ergashdi.
– Qadrdonlarim, bunaqasi ketmaydi, – dedi Peppi uyga qaytishgach. – Bugun men uchun ov baroridan keldi: naq ikkita o‘ljaga erishdim. Lekin sizlar birorta xas ham topa olmadingiz. Shunday ekan, yana biroz iskovuchlik qilsangiz bo‘larmidi? Tommi, anavi qurigan daraxt kovagini bir titkilab ko‘rmaysanmi? Bilsang, iskovuchlik uchun daraxt kovagidan yaxshi joy yo‘q bu dunyoda.
Tommi na o‘zi, na Annikaning biron nima topa olishiga ko‘zi yetmasa-da, Peppining so‘zlarini yerda qoldirmaslik uchun qo‘lini qurigan daraxt kovagiga ohista tiqdi.
– Voy, – deb yubordi Tommi hayratini yashirolmay qo‘lini kovak ichidan chiqararkan. Tommining qo‘lida charm muqovali qalin daftar va uning bir chetidagi ilmoqda maxsus kumush qalam bor edi.
– Ana endi ishondingmi, Tommi? – dedi Peppi. – Bu dunyoda iskovuch bo‘lishdan-da yaxshiroq kasb yo‘q? Faqat juda kamdan kam odamlar shunday ajoyib kasbni egallashlarini hech aqlimga sig‘dirolmayman-da. Kosibmi-yey, tikuvchimi-yey, mo‘ri tozalovchimi-yey, xullas, bunday kasb egalarini har qadamda uchratasan, kishi, lekin iskovuchlar anqoning urug‘idan ham taqchil hozirgi zamonda.
So‘ng Peppi Annikaga yuzlandi:
– Sen-chi, qurigan daraxt kovagiga qo‘l solib ko‘rmaysanmi? Aminmanki, daraxt kovagiga qo‘lini tiqqanlarning hech biri haligacha quruq qolmagan.
Annika ham uning gapiga kirib, qo‘lini daraxt kovagiga tiqdi va darrov qizil marjondan yasalgan zebigardon topib oldi. Tommi va Annikaning og‘zi hayratdan lang ochilib qoldi. Bundan keyin ular har kuni iskovuchlik qilish haqida kelishib olishdi.
Kecha qariyb ertalabgacha to‘p o‘ynab chiqib saharga yaqin uxlagani uchunmi, Peppining ko‘ziga uyqu ilina boshlandi.
– Endi borib, biroz mizg‘ib olsam, yaxshi bo‘lardi, – dedi Peppi. – Istasangiz, siz ham borib, meni uxlatib qaytishingiz mumkin.
Karavotining bir chetida o‘tirib, oyoq kiyimini yecharkan, Peppi nimanidir eslaganday bo‘ldi-yu, Tommi va Annikaga qarab, dedi:
– Haligi qariya Bengt eshkak eshishga bormoqchiman, deganmidi? Qachondir vaqtim bo‘lganida unga qanday eshkak eshishni o‘rgataman hali.
– Peppi, ayt-chi, o‘zi nega ka-a-atta poyabzal kiyib yurasan? – so‘radi Tommi.
– Barmoqlarimni bemalol qimirlatish uchun, – javob qildi Peppi karavotiga emaklab chiqarkan.
Peppi har doim oyoqlarini yostiq ustiga chiqarib, boshini poygakka uzatib uxlashga odatlangan edi.
– Gvatemalada odamlar xuddi shunday uxlashadi, – xitob qildi u. – Mana shu uxlashning eng to‘g‘ri yo‘li, aslida. Qarang, shunday yotsam, hatto uxlayotganimda ham bemalol oyoqlarimni qimirlatishim mumkin.
Peppi to‘shagiga obdan joylashib olgach:
– Siz alla eshitmasdan uxlay olasizmi? – deya yana davom etdi Peppi. – Men esa har doim o‘zimga o‘zim alla aytib berishim kerak, bo‘lmasa bir daqiqa ham uxlay olmayman.
Tommi va Annika ko‘rpa ostidan g‘o‘ng‘illagan bir maromdagi ovozni eshitishdi. Darhaqiqat, Peppi o‘ziga o‘zi alla aytayotgan edi. Shundan so‘ng ikkovlon ehtiyotkorlik bilan oyoq uchida xonani tark etishdi. Eshikka yetganda Peppiga oxirgi bor nazar solish uchun ortga qarashdi. Peppining yostiq yu zida yalpayib yotgan oyoqchalaridan bo‘lak hech vaqoni ko‘rishning imkoni bo‘lmadi. U uxlayotganida ham oyoq barmoqlarini qimirlatib uxlardi.
Tommi va Annika uyga tomon yugurishdi. Annika bugun topib olgan zebigardonini mushtida mahkam tutib olgandi.
– Bugun g‘alati voqealar bo‘ldi, – dedi Annika. – Tommi, nima deb o‘ylaysan, biz topib olgan narsalarni Peppi daraxt kovagiga ataylab solib qo‘ymaganmikin?
– Bilib bo‘lmaydi, – javob berdi Tommi. – Peppi bilan bog‘liq hech bir narsani aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi.
3. Peppining mirshablar bilan quvlashmachoq o‘ynagani
Tez orada shaharcha bo‘ylab «Tovuq» villasida to‘qqiz yashar qizcha bir o‘zi yashayotgani haqidagi gaplar hammaning qulog‘iga yetib bordi, lekin shaharcha aholisidan hech kimning bu gapga ishongisi kelmadi. Ularning nazdida barcha bolalarning yonida tanbeh berib turadigan kimdir bo‘lishi, barcha bolalar ko‘paytiruv jadvalini yodlash uchun maktabga borishlari shart edi. Shunday ekan, shaharcha aholisi bir ovozdan uni bolalar uyiga topshirishga qaror qilishdi.
Kunlarning birida Peppi Tommi va Annikani tushdan so‘ng bir finjon qahva hamda pepparkakor bilan mehmon qilish uchun uyiga chaqirgan edi. Peppi bazm dasturxonini orqa eshik oldidagi zina yonida tuzadi. Kun quyoshli, atrof judayam go‘zal, havoni esa Peppining bog‘idagi gullarning mayin ifori qoplagan edi. Janob Nilson ayvon panjarasi ustiga chiqib oldi, ot esa har tumshug‘ini cho‘zib erkalanganida bittadan shirinlik bilan siylandi.
– Eh, do‘stlarim, hayot naqadar go‘zal-a, – dedi Peppi oyoqlarini imkon qadar cho‘zishga urinib.
Ayni shu paytda rasmiy kiyimdagi ikki mirshab darvozadan ichkari kirib keldi.
– Ur-ra! – qichqirib yubordi Peppi. – Bugun ham omadim chopadigan kun ko‘rinadi. Politsiyachilar bu dunyoda men uchun ravochli shirinlikdan keyingi o‘rindagi eng ajoyib xilqat.
Peppi yuzida quvnoq tabassum o‘ynagancha ularni qarshi oldi.
– «Tovuq» villasiga yaqinda ko‘chib o‘tgan qiz shumi? – so‘radi politsiyachilardan biri.
– Biroz adashdingiz, bu siz aytgan qizaloq emas, bu – shahar chekkasidagi uyning uchinchi qavatida yashaydigan qari kampir.
Peppi bu gaplarni faqatgina mirshablar bilan biroz hazillashish uchun aytgan edi, lekin ularga bu hazil malol keldi. Ayni damda ular Peppiga bunaqangi tarbiyasizlik qilmasligini, shaharchadagi bir talay himmatli insonlar qizaloqni bolalar uyiga joylashtirish borasida kengashib olishganini bildirish uchun kelishganini aytishdi.
– Men allaqachon bolalar uyiga joylashib bo‘lganman-ku, – dedi Peppi.
– Nahotki?! – ishonqiramadi mirshablardan biri. – Allaqachon bolalar uyiga topshirishganmidi seni? Qaysi bolalar uyiga?
– Mana shu uyga, – dedi Peppi dimog‘dorlik bilan. – Men shundog‘am bolaman va bu yer mening uyim. Shunday ekan, bu yer ham bolalar uyi, qancha xohlasangiz, shuncha xona topiladi, bu yerda xonadan ko‘pi yo‘q.
– Bolaginam, – dedi mirshablardan biri, – sen tushunmagan ko‘rinasan. Biz haqiqiy bolalar uyi haqida gapiryapmiz, u yerda senga g‘amxo‘rlik qiladigan kishilar ham bo‘ladi.
– Bolalar uyiga ot olib borish mumkinmi? – so‘radi Peppi.
– Yo‘q, – javob berdi mirshab.
– O‘zim ham shunday deb o‘ylagandim. Unda maymun olib borish-chi?
– Bu ham mumkin emas. O‘zing tushunasan-ku.
– Unaqada o‘sha bolalar uyiga boshqalar boraversin, men hech qayerga jilmayman.
– Hech qursa maktabga borishing kerakligiga aqling yetar?
– Nega maktabga borishim kerak ekan?
– Ko‘p narsani o‘rganish uchun!
– Masalan… nimalarni?
– Ko‘p narsani, – javob qildi mirshab. – Jumladan, ko‘paytirish jadvalini ham.
– To‘qqiz yildan buyon hech qanday ko‘kartirish jadvallarisiz ham yaxshigina yashab kelyapman-ku! Menimcha, bundan keyin ham hayotim davom etaveradi.
– To‘g‘ri, lekin o‘zing bir o‘ylab ko‘r, – dedi mirshab, – bir umr savodsiz bo‘lib yurishdan uyalmaysanmi? Katta bo‘lganingda kimdir sendan Portugaliyaning poytaxti qayerda, deb so‘rasa-yu, javob berolmay uyatga qolsang, qanchalar ayanchli holat yuz berishini bir tasavvur qilgin-a.
– Nega javob berolmaskanman? Albatta, javob beraman-da. «Agar Portugaliya poytaxti haqida bilishga shunchalik oshiqayotgan bo‘lsang, bemalol Portugaliyaning o‘ziga xat yozib so‘rashing mumkin!» deyman – vassalom!
– Mayli, lekin o‘zing bu haqda bilmasligingdan xijolat chekmaysanmi?
– Balki, xijolat chekarman, – dedi Peppi. – Bordi-yu, chindan xijolat chekadigan bo‘lsam, o‘sha kech albatta ko‘zimga umuman uyqu kelmaydi, allamahalgacha o‘ylanib chiqsam kerak: Portugaliyaning poytaxti qayerda ekan, deb. Lekin darrov suyunib ketaman, – dedi Peppi biroz bukilib oyog‘ini osmondan qilib olgach, – chunki bir paytlar dadam bilan Lissabonga borganmiz-da.
Peppi gapini tugatganidan so‘ng ham oyoqlarini osmondan qilib turaverdi, chunki u har qanaqasiga: oyog‘i yerda bo‘lsa ham, osmonda bo‘lsa ham bemalol gaplasha olardi. Lekin politsiyachilardan biri unga ko‘ngliga kelgan ishni qilib yuraverishi to‘g‘ri emasligi, darhol bolalar uyiga ko‘chib o‘tishi kerakligini aytdi. Mirshab Peppining yaqiniga borib, bilagidan ushlagan edi hamki, Peppi zudlik bilan uning qo‘llari orasidan yulqinib chiqib, mirshabning o‘zini ushlab oldi.
– Tutdim! Endi yana siz quvlang! – dedi Peppi qichqirib.
Haligi politsiyachi kiprik qoqishga ham ulgurmasidan Peppi avval ayvon panjarasiga, undan oshib ayvon yuqorisidagi boloxonaga chiqib ketdi. Ikkala mirshab ham Peppiga o‘xshab birato‘la tomga chiqib keta olmasliklariga ko‘zlari yetgach, uy ichi orqali chiqmoqchi bo‘lib yugurishdi. Afsuski, ular boloxonaga yetishganida Peppi allaqachon xuddi epchil maymuncha kabi tom ustiga chiqishiga bir baxya qolgan edi. Bir soniya deganda u avval tomning uchiga, keyin esa bir sakrash bilan mo‘ri yaqiniga yetib oldi. Pastda, boloxonada ikki mirshab boshlarini qashib o‘tirar, maysazorda esa Tommi va Annika Peppiga tikilib turishardi.
– Quvlashmachoq o‘ynash naqadar maza! – dedi Peppi jarangdor ovozda. – Eh, lekin kelganingiz zap ish bo‘ldi-da. Shunaqayam omadim chopadigan kun bo‘ladimi bugun?!
Politsiya nozirlari ancha payt nima qilishni bilmay garangsib turishganidan so‘ng, borib narvon olib kelishdi-da, uni uyning bir burchagiga tirab, Peppini pastga tushirish uchun birma-bir tomga chiqa boshlashdi. Ular tomning sirpanchiq nishabliklariga oyoq qo‘yar paytda qo‘rquvdan ranglari bo‘zday oqarib, Peppi tomonga ehtiyotkorlik bilan bitta-bittalab qadam bosishdi.
– Nimasidan buncha qaltiraysizlar? Qo‘rqishga arziydigan narsaning o‘zi yo‘q-ku. Bor-yo‘g‘i vaqtimizni chog‘ qilyapmiz xolos, – dedi Peppi ularga.
Ular yaqinlashgan zahoti Peppi mo‘ri ustidan sakrab tushib, nishablik bo‘ylab yugurgancha narigi burchakka o‘tib oldi. Uyning yonginasida bir daraxt o‘sardi.
– Men hozir sho‘ng‘iyman, – dedi Peppi va qarshisidagi daraxtning quyuq barglari orasiga o‘zini urdi. Daraxtning shoxidan ushlab olib, orqa-oldinga bir muddat siltanib turdi-yu, o‘zini gup etib yerga tashladi. Chaqqon harakatlari evaziga uyni aylanib o‘tib, mirshablar qo‘ygan narvonni olib qo‘ydi.
Peppi daraxtga sakraganida mirshablar bir sharmanda bo‘lgan bo‘lishsa, bu galgi sharmandalik barchasidan oshib tushdi. Bechoralar endi yerga tushamiz deb taraddudlanishsa-yu, narvon bo‘lmasa, alam qilmaydimi? Avval boshda ularning Peppidan qattiq jahllari chiqib, tezda narvonni o‘rniga keltirib qo‘ymasa, yetti uxlab tushiga kirmagan hodisalar ro‘y berishini aytib, po‘pisa qilishdi.
– Nega menga bunchalar qo‘pol gapiryapsiz? – dedi Peppi ularga norozi nigohlarini qadab. – Axir, biroz quvlashmachoq o‘ynadik xolos-ku!
– Oh, azizam, yaxshi qizcha bo‘lib, narvonni o‘rniga qo‘yib bermaysanmi, shunda biz ham yerga tushib olardik, – dedi mirshablardan biri uzoq o‘yga cho‘mganidan so‘ng.
– Jonim bilan, – dedi Peppi va darrov narvonni o‘z o‘rniga qo‘ydi. – Pastga tushsangiz, barchamiz birgalashib qahva ichib, vaqtichog‘lik qilardik.
Biroq mirshablar tulkilik hadisini olgan edilar, yerga tushib olganlari zahoti qaytadan Peppiga tashlanib baqira ketishdi:
– Hozir ta’ziringni yeysan, mishiqi!
– O, yo‘q, kechirasizlar-u, siz bilan boshqa pachakilashib o‘tiradigan vaqtim qolmadi. Lekin sizlar bilan o‘ynash juda maroqli ekan.
Shunday degancha Peppi ikkala mirshabning ham kamaridan ushlab, bog‘ yo‘lagidan sudrab olib borib, panjaradan tashqariga – to‘g‘ri ko‘chaga uloqtirdi. Mirshablar ancha paytgacha o‘rinlaridan qo‘zg‘alolmay yotishdi.
– Hozir, bir daqiqa, – dedi u doimgiday jarangdor ovozda va oshxonaga yugurib kirib, ikki dona yurakchasimon shirinlik ko‘tarib qaytdi.
– Ta’tib ko‘rishga nima deysiz? – deb so‘radi u. – Chetlari ozroq kuygan-u, lekin bu unchalik ham ahamiyatli emas, to‘g‘rimi?
Peppi shirinlikni ko‘targancha hozirgina ko‘z o‘ngida nimalar yuz berganini ko‘rgan bo‘lsa ham, ko‘zlariga ishonolmay og‘zi lang ochilib qolgan Tommi va Annikaning yoniga keldi. Haligi ikki mirshab esa o‘rinlaridan turib, shaharchaning oliyhimmat aholisiga Peppi degan bezori qiz bolalar uyiga unchalik ham to‘g‘ri kelmasligini aytishdi (tomda qolib ketishgani haqida esa hech kimga churq etishmadi). Shundan so‘ng shaharchaning oliyhimmat xonimchalari va janoblari Peppi «Tovuq» villasida qolishi mumkin, agar maktabga borishni istasa, bu yog‘ini o‘zi hal qilsin, degan qarorga kelishdi.
Nima bo‘lganda ham Peppi, Tommi va Annika qaytadan dasturxon tuzab, vaqtlarini chog‘ o‘tkazishdi. Peppi bir yeyishda roppa-rosa o‘n to‘rtta pishiriqni paqqos tushirdi.
– Bular bir tuzuk politsiyachigayam o‘xshamaydi. Qayoqdagi bolalar uyimi-yey, ko‘kartirish jadvalimi-yey, Lissabonmi-yey deb boshingni qotirishadi, – dedi Peppi kavshanib bo‘lgach.
Shundan so‘ng Peppi otni yechdi-yu, bolalar uchovlashib otga minib, hovli ichida sayr qilishdi. Boshida Annika otga minishni unchalik ham xushlamadi-yu, lekin Peppi va Tommining zavqiga havasi kelib, Peppidan uni ham otning ustiga mindirib olishini so‘radi. Ot bog‘ ichida tinmay yo‘rg‘alar, Tommi esa kuylar edi:
Конец ознакомительного фрагмента.
Текст предоставлен ООО «Литрес».
Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.
Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.
Вы ознакомились с фрагментом книги.
Для бесплатного чтения открыта только часть текста.
Приобретайте полный текст книги у нашего партнера:
Полная версия книги
Всего 10 форматов