Читать книгу Mio, bolajonim Mio (Астрид Линдгрен) онлайн бесплатно на Bookz (2-ая страница книги)
bannerbanner
Mio, bolajonim Mio
Mio, bolajonim Mio
Оценить:
Mio, bolajonim Mio

5

Полная версия:

Mio, bolajonim Mio

Endi, Kalle butunlay Benkaga tegishli. To‘g‘risi ham shu-da! Kalle-Olifta meni sog‘inganda Benkani ovuta qolsin.

Menda esa oltin yolli Miramis bor. U hech kutilmaganda mening tulporimga aylandi.

Bir kuni kechasi otam bilan suhbatlashib, planerlar yasar ekanmiz (xuddi Benka va uning otasidek), u kishiga Kalle haqida gapirib berdim.

– Bolajonim Mio! Otlarni yaxshi ko‘rasanmi?

– Ha, – otam menga nimadir yetishmayapti, deb o‘ylamasligi uchun iloji boricha beparvo javob berishga harakat qildim.

Ertasi kuni esa ota-bola bog‘da aylanib yurar ekanmiz, atirgul butalari oralab oppoq tulpor men tomonga chopib kelayotganiga ko‘zim tushdi. Bunaqa chiroyli yo‘rg‘ani hech qachon ko‘rmagandim. Oltin yollari shamolda o‘ynar, tilla tuyoqlari esa quyoshda tovlanardi. Tulpor yonimda to‘xtadi va quvnoq kishnadi. Ilgari bunday shiddatli kishnashni eshitish menga nasib etmagandi. Sal hadiksirab otamning pinjiga kirib oldim. Ammo otam tulporning yolidan mahkam tutgach, u tek turdi. So‘ngra muloyim burni bilan qand topish umidida cho‘ntagimni iskadi. Kalle-Olifta ham xuddi shunday qilardi. Baxtiga cho‘ntagimda anchadan beri qand bo‘lagini olib yurardim. Albatta, eski odatim bo‘yicha uni cho‘ntagimga solganman. Tulpor uni topdi va kumur-kumur ovoz chiqarib yedi.

– Bolajonim Mio! Bu sening tulporing. Laqabi Miramis.

Mening Miramisim! Bir ko‘rishdayoq senga mehrim tushdi. Butun dunyoni aylanib chiqsam ham sendek go‘zal arg‘umoqni topolmasligim aniq. Va Miramis horg‘in qariya Kallega mutlaqo o‘xshamasdi. Toki Miramis chiroyli boshini ko‘tarib, menga qaramaguncha hech bir o‘xshashlik sezilmagandi. O‘shanda tulporimning ko‘zlari ikki tomchi suvdek Kallening ko‘zlariga o‘xshashiga guvoh bo‘ldim. Sadoqatli ko‘zlar, barcha tulporlarda bo‘lganidek.

Umrimda otda yurmagandim. Otam esa meni ko‘tarib, Miramisga mindirdi.

– Bilmadim, eplay olarmikinman?!

– Bolajonim Mio! Axir ko‘ksingda bahodirning yuragi urib turibdi.

Bog‘da yurarkanman, jilovni zo‘rg‘a ushlab turar, teraklarning shox-shabbalari, kumush barglari sochimga ilashib qolardi.

Miramis borgan sari tezroq chopar, eng baland atirgul butalari orasidan o‘tardi. Faqat bir safar buta devorga sal tegib o‘tdi va atirgul yaproqlari boshimiz uzra sochilib ketdi.

Shu payt bog‘da Yum-Yum paydo bo‘ldi. Meni ko‘rib, qarsak chalib, qichqirib yubordi:

– Mio Miramisni boshqaryapti! Mio Miramisni boshqaryapti!

Men Yum-Yumdan otda sayr qilishni istaysanmi, deya so‘radim. Albatta, istaydi-da! Darrov otga sakrab, orqamga o‘tirib oldi. Va biz atirgul bog‘idan so‘ng yoyilgan yashil maysazor uzra ot choptirdik. Hayotimda bundan ortiq lazzatni his etmagandim.

Otamning saltanati bepoyon bo‘lib, Uzoq Mamlakat esa uning tasarrufidagi eng kattasi hisoblanardi. U ham shimol-u janub, ham g‘arb-u sharqqa qadar cho‘zilgandi. Qirol qasri joylashgan orol esa Yashil Dalalar Oroli, deb nomlanarkan.

– Fordning4 narigi tomonida, tog‘lar ortida Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurti joylashgan. Ularga ham otang hukmronlik qiladi! – qichqirdi Yum-Yum yashil dalalardan yelib borarkanmiz.

Tevarak juda go‘zal edi. Yumshoq barra o‘t, rang-barang gullar, zumrad adirlar bag‘rida oppoq momiq qo‘zichoqlar shodon o‘tlashardi. Cho‘pon bola fleytada5 mo‘jizaviy kuyni ijro etar, u kuyni qachondir, qayerdadir eshitgandek edim-u, ammo sira yodimga kelmasdi. Nima bo‘lgan taqdirda ham o‘sha kuyni Uplandsgatan ko‘chasida eshitmaganim aniq edi.

Otni to‘xtatdim va cho‘pon bola bilan suhbatlashdik. Yigitchaning ismi Nonno ekan. Undan chalish uchun fleytasini berib turishini so‘radim. Bolakay nafaqat fleytasini berdi, balki o‘zi chalgan kuyni menga o‘rgata boshladi.

– Istaysizmi, sizlarga ham xuddi shunday fleyta yasab beraman, – so‘radi Nonno. Albatta, istaymiz-da, bu haqda gap bo‘lishi mumkin emasdi. Yonginamizda jilg‘a oqar, qaddi egik majnuntol boshimiz uzra shoxlarini yoydi. Biz qirg‘oq bo‘yiga o‘tirib, oyoqlarimizni suvga tiqib oldik. Nonno esa men va Yum-Yum uchun fleyta yasardi. Nonnoning aytishicha, u chalgan kuy dunyodagi eng qadimiy navo emish. Cho‘ponlar bu kuyni yaylovlarda ming-ming yillardan buyon chalib kelisharmish.

Fleytalar va qadimiy kuyni o‘rgatgani uchun Nonnoga minnatdorchilik bildirdik. Otga minib, sayohatimizni davom ettirdik. Olis-olislardan Nonno chalayotgan ko‘hna cho‘ponlar kuyining ovozi qulog‘imizga eshitilib turardi.

– Bu fleytalarni ko‘z qorachig‘imizdek asraymiz, – dedim Yum-Yumga. – Oramizdan kimningdir boshiga kulfat tushsa, cho‘ponlar kuyini chaladi.

Yum-Yum otdan yiqilmaslik uchun belimdan mahkam ushladi va dedi:

– Albatta, biz bu fleytalarni ehtiyot qilamiz. Agar fleytamning kuyini eshitib qolsang, bilginki, men seni chaqirayotgan bo‘laman.

– Yaxshi, – javob berdim Yum-Yumga. – Bordi-yu, tanish ohangni eshitib qolsang, bilginki, seni chorlayotgan bo‘laman.

– Xo‘p, – dedi Yum-Yum.

Shunda endi u mening eng yaqin do‘stim, degan o‘y o‘tdi. Otamni hisobga olmaganda, albatta. Uni dunyoda hammadan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman.

Yum-Yum esa tengqurim. Modomiki, Benka bilan endi hech qachon ko‘risholmas ekanmiz, Yum-Yum eng yaxshi o‘rtog‘im bo‘lib qoladi-da.

Qanday soz! Mening otam, Miramisdek tulporim va Yum-Yumdek do‘stim bor. Baxtdan boshim aylanib ketdi. Adirlardan, dalalardan go‘yo shamol yanglig‘ uchib o‘tardim.

– Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtiga qanday borsa bo‘ladi? – so‘radim Yum-Yumdan.

– Tong Yog‘dusi ko‘prigi orqali, – javob berdi u.

– Qayerda o‘sha ko‘prik? – qiziqdim men.

– Hozir ko‘rasan, – dedi Yum-Yum. Va haqiqatan ham tez orada biz ko‘prikni ko‘rdik. U shu qadar hashamatli va uzun ediki, narigi tomonini ko‘z ilg‘amasdi. Butun ko‘prik quyosh nurlarida tovlanar, xuddi oftobning zarrin nurlaridan to‘qilgandek edi.

– Bu dunyodagi eng katta ko‘prik, – dedi Yum-Yum. – U Yashil Dalalar Oroli va Dengiz Orti O‘lkasini bir-biriga bog‘laydi. Lekin kechalari qirol ko‘prik tomonlarini ayirib qo‘yadi. Yashil Dalalar Orolidagilar tinch orom olishi uchun.

– Bu nimaga kerak? – so‘radim men. – Tunda kim bizga daxl qilishi mumkin?

– Ritsar Kato!

U bu so‘zlarni zo‘rg‘a talaffuz qildi. Dalani sovuq shamol qopladi, Miramis titradi.

Bu ritsar haqida birinchi eshitishim edi va baland ovozda takrorladim:

– Ritsar Kato!

Shu so‘zlarni aytarkanman, sovuqdan etim junjikib ketdi.

– Yovuz ritsar Kato, – qo‘shib qo‘ydi Yum-Yum.

Miramis tahlikali kishnadi va ikkimiz jim bo‘lib qoldik. Albatta, Tong Yog‘dusi ko‘prigidan o‘tishni juda ham istardik, ammo buning uchun otamdan ruxsat olmagandim. Shu boisdan ortga – bog‘ga qaytdik. Ilk sarguzashtimiz shunday intiho topdi. O‘sha kuni Miramisni uzoq cho‘miltirdik, oltin yollarini taradik, yag‘rinidagi yunglarini to‘zg‘itdik, Yum-Yumning onasi bergan qand va non bilan siyladik.

Yum-Yum bilan bog‘da chayla qurdik. U yerda yig‘ilib, shirin taomlardan tatib ko‘rdik. Hammasidan ham qand upasi sepilgan quymoqlar zo‘r edi. Faqat va faqat xursandchilik qildik. Benkaning onasi ham quymoqlar pishirardi va gohida ularni tatib ko‘rish nasib etardi menga. Lekin, Yum-Yumning onasi tayyorlagan quymoqlarni ular bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Benka tez-tez Vaksxolmdagi dala hovlida chayla yasaganligi haqida aytib berardi. Darvoqe, Yum-Yum ikkimizning chaylamiz haqida ham Benkaga yozsam bo‘larkan. «Uzoq Mamlakatda qanday go‘zal chayla qurganimizni bir ko‘rsang edi», deya yozgan bo‘lardim. Ha, chayla chindan chiroyli chiqqandi. Haqiqiy go‘zallik.

Yulduzlarga musiqa yoqadimi?

Kunlarning birida tag‘in Nonnoning oldiga mehmonga bordik. Avvaliga uni topa olmadik. Ammo keyin tepalik ortidan u chalayotgan fleytaning ovozi keldi. Nonno sevimli kuyini chalar, uning qo‘y-qo‘zilari sokin o‘tlashardi.

Bizni ko‘rib, fleytani lablaridan oldi va tupurdi.

– Mana, qayerda ekansiz.

Nonno bizni ko‘rganidan mamnunligi shundoqqina yuzidan sezilib turardi. Biz ham fleytalarimizni oldik va uch kishi bo‘lib qadrdon bo‘lib qolgan kuyni chala boshladik. Ijro shu qadar zo‘r bo‘ldiki, bunchalik chiroyli kuy chalishni qayerdan o‘rganganimizga aqlim bovar qilmasdi hatto.

– Afsuski, musiqamizni hech kim eshitmadi, – xo‘rsindim men.

– Bizni maysalar tinglashadi, – dedi Nonno. – Gullar, shamol. Daraxtlar ham. Jilg‘a bo‘yidagi qaddi egik majnuntollarning tinib qolishganini ko‘ryapsanmi?

– Nahotki bu rost? – so‘radim men. – Ularga kuyimiz yoqadimi?

– Juda yoqadi, – javob berdi Nonno.

Daraxtlar, maysalar, gullar va shamol uchun yana uzoq vaqt musiqa chaldik. Lekin odamlardan hech kim bizni tinglamayotgani meni xafa qilardi. Shunda Nonno aytib qoldi.

– Xohlasang, biznikiga boramiz va buvijonimga chalib beramiz.

Hamma ertaklarda ham mehribon va oqko‘ngil bobo hamda buvilar bo‘lishadi. Lekin haqiqiy buvijonni umrimda ko‘rmagandim. Oldinda Yum-Yum, Nonno va men, ortimizdan qo‘y-qo‘zilar va Miramis kelishardi.

Fleyta chalgancha tepalik va vodiylardan o‘tardik. Qo‘ylar va qo‘zichoqlarga, aftidan, bu quvnoq sarguzasht xush kelayotgandi: butun yo‘l bo‘yi ular atrofimizda o‘ynoqlab sakrashar, ma’rashardi.

Uzoq yo‘l bosdik. Nihoyat, Nonnoning uyi ko‘rindi. Uy xuddi o‘yinchoqdek chiroyli, mittigina, tomiga poxol yopilgan, yasmin, nastarin gullariga burkangan bir go‘sha edi.

– Tsh-sh… – pichirladi Nonno. – Kelinglar, buvimni qo‘rqitamiz!

Nonno, Yum-Yum va men deraza oldida saflandik.

– Bir, ikki, uch! – buyruq berdi Nonno. Ayni lahzada shu qadar sho‘x kuy chala boshladikki, hatto qo‘y-qo‘zilar ham raqsga tusha ketishdi. Darchadan istarasi issiq nuroniy kampir ko‘rindi. Bu Nonnoning buvisi edi. Qo‘llarini yozib raqs tusharkan, dedi:

– Oh, qanday ajoyib kuy! Kampir ertaklarda bo‘lgani kabi nihoyatda qari edi. Ammo u to‘qima emas, haqiqiy kampir.

Ichkariga kirdik. Kampir bizdan tanovul qilishni istaysizmi, deb so‘radi. Istagandaki! Axir yo‘lda qornimiz juda ochgandi-da. Kampir qora non olib kelib, pichoq bilan qalin bo‘laklarga bo‘ldi. Ko‘rinishi odatiy qora non, lekin mazasini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi.

– Qanday mazali! – dedim Nonnoga. – Bu qanaqa non?

– Oddiy qora non, – javob berdi cho‘pon bola. – Non – rizq-ro‘zimiz. Har kuni shu non bilan qornimizni to‘ydiramiz.

Miramis ham biz bilan ovqatlanishga qarshi emasdi. U darchadan boshini kirgizib, ohista kishnadi. Uning qilig‘iga hammamiz kuldik. Nonnoning buvisi esa Miramisni yengil shapatilab, mazali nondan uzatdi.

Juda ham chanqagandik va bu haqda Nonnoga aytdim.

U bizni zilol suvli buloq qaynab turgan bog‘ga boshlab bordi. Nonno pastga tushib, eski yog‘och idishga suv oldi va Yum-Yum ikkimizga uzatdi. Umrimda bunday shirin suvni ichmagandim.

– Buncha totli! – dedim Nonnoga. – Bu qanday suv?

– Oddiy suv, – javob berdi Nonno. – Har kuni chanqog‘imizni qondiramiz bu suv bilan.

Miramisning ham suv ichgisi keldi. Biz tulpor bilan birgalikda qo‘y-qo‘zilarni ham sug‘ordik.

Nonnoning qo‘ylarni olib, yaylovga qaytadigan vaqt bo‘lgandi. Cho‘pon bola buvisidan odatda qo‘ylar bilan yaylovda tunaganda kiyadigan cho‘ponlar kiyimini so‘radi. Kampir esa unga jigarrang kamzulni keltirib berdi. Nonno qanday omadli! Yolg‘iz o‘zi ochiq osmon ostida, dalada tunashi mumkin. Bunday baxt menga umuman nasib etmagandi. Benka va ota-onasi chinakam sayyohlardek shahar tashqarisini velosipedlarda aylanishardi. O‘rmonning qaysidir chekkasiga borib, chodir tikishlari, uxlash uchun mo‘ljallangan qoplarni to‘shab, tunni o‘sha yerda o‘tkazishlari mumkin edi. Benka dunyoda bundan ortiq rohat yo‘qligini aytgandi. Men esa unga ishonardim.

– Omading bor ekan! – dedim Nonnoga. – Ochiq osmon ostida tunashing mumkin.

– Senga kim xalal beradi? – so‘radi u. – Yur, men bilan!

– Yo‘q! – rad etdim men. – Kechqurun uyga qaytmasam, otamni xavotirga qo‘yaman.

– Men qirolga Nonno bilan yaylovda tunashingiz haqida xabar berishim mumkin, – dedi Nonnoning buvisi.

– Mening otamga ham, – iltimos qildi Yum-Yum.

– Mayli, bog‘bonni ham xabardor qilaman, – rozi bo‘ldi kampir.

Yum-Yum bilan shunday xursand edikki, qo‘zichoqlar kabi o‘ynoqlab, sakrardik.

Kampir bizga qarab, bosh chayqadi:

– Shudring tushsa, muzlab qolasiz! – to‘satdan yuzi jiddiy tus oldi. – Menda yana ikkita kamzul bor.

U uy burchagida turgan sandiqni ochdi va qizil hamda moviy rangli kamzulni oldi.

– Aka-ukalarimning kamzullari! – sekin dedi Nonno.

– Ular qayerda? – so‘radim men.

– Ritsar Kato! – pichirladi Nonno. – Yovuz ritsar Kato ularni asirga olgan.

Ushbu so‘zlardan so‘ng tashqarida turgan Miramis shunday ayanchli kishnadiki, go‘yo kimdir urgandek. Qo‘zichoqlar onalarining pinjiga tiqilishdi. Qo‘y va qo‘chqorlar xuddi so‘nggi daqiqalarini yashayotgandek tahlikali ma’radilar. Kampir menga qizil, Yum-Yumga moviy kamzulni uzatdi. Nonnoga yana bir qora non, chanqog‘imizni qondirishimiz uchun ko‘zada buloq suvidan berdi va biz yana qir-adirlar bo‘ylab yo‘lga otlandik. Do‘stim Nonnoning aka-ukalari boshiga tushgan ko‘rgilik meni xafa qildi. Nonno aytgan gaplar qanchalik qayg‘uli bo‘lmasin, baribir birinchi marta ochiq osmon ostida tunashim mumkinligidan xursand edim.

Biz majnuntol aksi jilg‘a suvida akslanib turgan tepalik etagida to‘xtadik. Katta gulxan yoqdik, qora nondan yedik, buloq suvidan miriqib ichdik.

Tezda tuman tushdi. Zulmat quyuqlashdi. Ammo gulxan atrofi issiq va yorug‘ edi.

Kamzullarni yoyib, bir-birimizning pinjimizga kirib yotib oldik. Atrofimizni qo‘y-qo‘zilar o‘rab olgan, nariroqda Miramis o‘t chimdirdi. Shamolda shitirlayotgan o‘tlarning ovozi eshitilar, gulxan shu’lasi sokin dalani yoritayotganini tomosha qilish huzurli edi. Juda-juda ko‘p gulxanlarning shu’lasi ko‘zga tashlanardi. Axir Yashil Dalalar Orolidagi cho‘ponlar har kuni gulxan yoqishadi. Maysa ustida yotgancha shu’lalarni tomosha qilib, cho‘ponlarning ko‘hna ohangiga quloq tutardik.

Samoda yulduzlar charaqlay boshladi. Ulardan kattaroq va yorqinroq yulduzlarni hech qachon ko‘rmagan edim. Chalqancha yotib oldim. Yulduzlarga termilarkanman, ular haqida o‘ylay boshladim. Qiziq, yulduzlarga ham musiqa yoqarmikan? Bu haqda Nonnodan so‘radim va albatta, ularga ham musiqa yoqadi, degan javob oldim. Shunda gulxan atrofiga o‘tirib oldik va yulduzlar uchun o‘zimizning cho‘ponlar kuyini chala boshladik.

Ertakchi quduq

Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtini ko‘rish hali nasib etmagandi. Bir kuni otam bilan bog‘da aylanarkanman, tulporim bilan Tonggi Yog‘du ko‘prigidan o‘tishga ijozat so‘radim. Qirol-otam qadamlarini sekinlatib, yuzlarimni kaftlari orasiga oldi. Jiddiy va muloyim nigoh bilan ko‘zlarimga boqdi.

– Bolajonim Mio! – dedi otam. – Qirolligimda istagan tomoningga borishing mumkin. Xohla, shimol-u janubga, xohla, g‘arb-u sharqqa bor. Miramisning kuchi yetadigan masofagacha ot choptir. Yashil Dalalar Orolida o‘ynashing, yoki Dengiz Orti O‘lkasi va Tog‘lar Orti Yurtiga borishing mumkin. Faqat bir narsani yodingdan chiqarma: dunyoda Yot O‘lka ham mavjud.

Конец ознакомительного фрагмента.

Текст предоставлен ООО «Литрес».

Прочитайте эту книгу целиком, купив полную легальную версию на Литрес.

Безопасно оплатить книгу можно банковской картой Visa, MasterCard, Maestro, со счета мобильного телефона, с платежного терминала, в салоне МТС или Связной, через PayPal, WebMoney, Яндекс.Деньги, QIWI Кошелек, бонусными картами или другим удобным Вам способом.

1

Stokgolm – Shvetsiya poytaxti.

2

Planer – motorsiz, uchuvchi apparat.

3

Fru – shved tilida «xonim» ma’nosida ishlatiladi.

4

Ford – qirg‘oqlari qoyali, tor va chuqur dengiz ko‘rfazi.

5

Fleyta – puflab chalinadigan cholg‘u asbobi.

Вы ознакомились с фрагментом книги.

Для бесплатного чтения открыта только часть текста.

Приобретайте полный текст книги у нашего партнера:


Полная версия книги

Всего 10 форматов

bannerbanner