banner banner banner
SEHRLI KETMON
SEHRLI KETMON
Оценить:
Рейтинг: 0

Полная версия:

SEHRLI KETMON

скачать книгу бесплатно

SEHRLI KETMON
Xalq ijodiyoti

Turkiy xalqlar ijodiyoti

SEHRLI KETMON

Uyg‘ur xalq ertaklari

Toshkent «Ma’naviyat» 2014

Uyg‘ur xalqi boy og‘zaki ijod an’analariga ega bo‘lgan xalqlardan biridir. Mazkur to‘plamdan joy olgan ertaklarda uyg‘urlarning chuqur badiiy fantaziyasi, turmush tarzi, urf-odatlari o‘z aksini topgan. Ushbu ertaklarni o‘zbek xalq ertaklari bilan qiyoslar ekanmiz, ularning sujetida, kompozitsion qurilishida, voqealar bayonida ko‘pgina o‘xshash jihatlarga duch kelamiz. Bu esa turkiy xalqlarning tarixiy ildizlari mushtarakligidan dalolat beradi.

Ug‘yurchadan

Usmon Qo‘chqor

tarjimasi

PODAChI

O‘tgan zamonda bir karvonchi boy bo‘lgan ekan. Uning aqlli bir o‘g‘li va nihoyatda chiroyli bir qizi bor ekan. Kunlarning birida bu karvonchi safarga bormoqchi bo‘lib, o‘g‘lini ham o‘ziga hamroh qilib olibdi. Qizini esa unga saboq berayotgan domlasiga omonat qilib topshiribdi. Ular safarga ketgach, ikki oydan so‘ng domlaning xotin, bola-chaqalarini podshohning xotini ziyofatga chaqiribdi. Ular bilan birga qiz ham safarga tayyorlana boshlabdi. Buni ko‘rgan domla:

– Siz, – depti qizga, – birovning omonati, men to‘yga borishingizni ma’qul ko‘rmayman.

Qiz noiloj domlaning uyida qolibdi. Tushga yaqin domla qizni chaqirib:

– Uydagilar qaytmadi. Siz menga tahorat uchun suv hozirlab bersangiz, – debdi. Qiz oftobada suv keltirgan ekan, domla oftobadagi suvni olmay, qizning bilagidan tutib:

– Meni qiynamang… – debdi.

Qiz qo‘lidagi oftoba bilan domlaning peshanasiga tushirgan ekan, uning peshanasi yorilib ketibdi. U qon bilan ovora bo‘lib qolibdi. Qiz fursatni g‘animat bilib, domlaning qo‘lidan qochib o‘z hujrasiga kirib olibdi. Shu kuniyoq domla qizning otasiga: «Sizning qizingiz buzilib ketdi. Endilikda mening gapimga kirmay qo‘ydi. O‘zingiz bir chora ko‘ring…» – deb xat yozibdi. Xatni olgan karvonchi o‘z o‘g‘liga: «Borib singlingni o‘ldirib, bir qoshiq qonini olib kel!..» – deb buyuribdi. Yigit kelib singlisini cho‘lga olib chiqibdi, biroq o‘ldirishga ko‘zi qiymay:

– Singlim, sen o‘z joningning g‘amini ye. O‘z kuningni o‘zing ko‘r. Men sening o‘rningga birorta kuchuk topib, o‘ldirib qonini olib boray, – deya uni qo‘yib yuboribdi. Qiz cho‘l kezib ketibdi.

Endi so‘zni boshqa yerdan eshitaylik. Shu yerga yaqin bir shahar podshosining kelishgan bir o‘g‘li bor ekan. U vazirning o‘g‘li bilan ovga chiqib, qush solsa, qush uchib kelib bir buloq boshidagi chinorga qo‘nibdi. Shahzoda buloq boshiga kelib qarasa, bir sohibjamol qiz yashirinib turgan emish. Shahzoda qizning qoshiga kelib:

– Siz odamzotmi yoki parizotmisiz? Bu yerga qanday kelib qoldingiz? – deb so‘rabdi. Qiz boshidan o‘tganlarni aytib beribdi.

– Undoq bo‘lsa, – debdi shahzoda, – men sizga qiyomatlik yo‘ldosh bo‘lay.

Bu gap qizga ma’qul bo‘libdi. Shahzoda qizni shaharga olib borib, qirq kecha-yu qirq kunduz to‘y qilib uni o‘z nikohiga olibdi. Oradan besh yil o‘tibdi. Ular ikki farzand ko‘rishibdi. Bir kuni qiz devorga chiqib qarasa, bir to‘p karvon o‘tib borayotgan ekan. Uni ko‘rgan qiz otasini eslab yig‘lay boshlabdi. Shu payt hovliga kirib kelgan shahzoda:

– Nega yig‘layapsiz? – deb so‘rabdi.

– Mening sizga tekkanimga besh yil bo‘ldi. Siz bir bora ham mening otamni eslamadingiz. Otamni ko‘rgim kelib qoldi, – deb javob beribdi qiz.

– Unda tayyorgarchilik ko‘ring. Men vazirning o‘g‘lini sizga hamroh qilay, – debdi shahzoda. Uch kundan so‘ng shahzoda vazirning o‘g‘li bilan malikani baquvvat navkarlar himoyasida otasining yurtiga kuzatib qo‘yibdi. Ular bir hafta yo‘l yurishibdi. Bir kuni tahorat olgani chiqqan vazirning o‘g‘li chodirning ichida o‘tirgan malikaga ko‘zi tushib, unga oshiq bo‘lib qolibdi. Shu zahotiyoq niyati buzilib, kunni ming azobda kech qilibdi. Oqshom chog‘i ular qo‘nalg‘aga qo‘nishgach, malikaga odam qo‘yibdi.

Malika:

– Ikki bolam bor, ularning yuziga oyoq qo‘yib nomusimni bulg‘amayman, – debdi. Vazirning o‘g‘li bu kunni g‘am bilan o‘tkazib, keyingi qo‘nalg‘aga borganlarida kechasi malikaning chodiriga kiribdi. Malika ikki o‘g‘lini ikki yoniga olib yotgan ekan. U vazirning o‘g‘lining talabiga ko‘nmagach, to‘ng‘ich o‘g‘lini bo‘g‘izlab o‘ldiribdi. Yana qiyin-qistovga olsa ham malika unamabdi. Vazirning o‘g‘li uning ikkinchi o‘g‘lini ham o‘ldiribdi, malika hasrat o‘tida yonib, oxiri bunday deb so‘z beribdi:

– Bugun men tunni ikki o‘g‘limning motami bilan o‘tkazay, ertaga sizning ixtiyoringizga o‘tay.

Vazirning o‘g‘li chorasiz qolib, «ma’qul» deb, qaytib chiqib uyquga ketibdi. Malika ikki o‘g‘lini chodirning ichiga ko‘mib, o‘zi erkakcha kiyinib qochibdi. Vazirning o‘g‘li uyg‘onib, chodirga odam kiritsa, malika yo‘q. Navkarlari bilan uni har qancha izlasa ham topa olmay, oxiri shahzodaning huzuriga qaytib:

– Sizning xotiningiz bir kechasi bizni uxlatib qo‘yib, ikki o‘g‘li bilan yo‘qolib qoldi. Har qancha izlasak ham topa olmadik, – debdi.

Shahzoda bu gapga ishonmay, qizni izlash taraddudiga tushibdi. Yana unga vazirning o‘g‘li hamroh bo‘libdi. Shahzoda qizning otasi yashab turgan shaharning nomini eslab, uni so‘rab-so‘roqlab topib borgunicha oradan ancha vaqtlar o‘tibdi. Nihoyat qizning otasi yashab turgan shaharni topib borib, bo‘lgan voqealarni gapirib beribdi. Hammalari yig‘i-sig‘i qilganlaridan keyin, ovqatlangani o‘tirishibdi. Qiz ham qochib kelib, otasining podachisiga uchrabdi. Oti bilan erkakcha libosini podachiga yechib berib, o‘zi podachining liboslarini kiyib, uni ozod qilib yuboribdi. Otasiga sezdirmay poda boqib yurgan ekan, otasi unga ziyofat uchun bir qo‘y keltirishni buyuribdi. Qizning otasi shu kungi ziyofatga podshoni, domlani chaqirgan ekan. Bazm rosa qiziganida o‘tirganlar ertak talab qilishibdi. Na boydan, na podshodan bir ertak chiqmabdi. Ziyofatda pishir-tushirga qarashib yurgan podachi suratidagi qiz buni ko‘rib:

– Shohimiz ma’qul ko‘rsalar, men bir ertak aytib bersam, – debdi.

– Mayli, ayta qol, eshitib ko‘raylik, – debdi podsho.

– Eshitganimni aytaymi, ko‘rganimnimi? – debdi malika.

– Ko‘rganingni ayt.

Malika boshidan o‘tgan savdolarni ayta boshlabdi. So‘z savdogarga yetganda, savdogar o‘z ko‘nglida «menga o‘xshagan yana boshqa birov shundoq qilgan ekan, shekilli», deb o‘ylabdi. Domla ham, vazirning o‘g‘li ham, shahzoda ham shundoq deb o‘ylashibdi. Oxirida qiz o‘zini oshkor qilgan ekan, podsho vazirning o‘g‘li bilan domlani dorga osishga hukm qilibdi.

UCh O‘G‘IL

Bor ekan, yo‘q ekan, qadim zamonda bir dehqon o‘tgan ekan. Bu dehqonning turmushi yaxshi ham emas, yomon ham emas ekan. U boshqa yurtlarni sayohat qilib kelish uchun uzoq safarga tayyorgarlik ko‘ribdi. Safarga chiqish oldidan o‘z bolalariga bir-ikki og‘iz vasiyat qilib, o‘g‘illarining keyingi ahvolini sinab ko‘rmoqchi bo‘libdi.

– Men uzoq safarga borib kelmoqchiman. Sizlarning har qaysingizga bir juftdan tovuq, o‘rdak, g‘oz berib ketaman. Men safardan qaytguncha ularning tug‘gan tuxumlarini sotib, pulini xarjlamay yig‘ib qo‘yinglar. Keyinchalik o‘zlaringizga asqatib qoladi, – debdi. O‘g‘illariga bu gap ma’qul kelibdi. To‘ng‘ich o‘g‘liga bir juft tovuq, o‘rtanchasiga bir juft o‘rdak, kenja o‘g‘liga bir juft g‘oz berib, o‘zi safarga yo‘l olibdi.

Bir necha hafta o‘tgach, tovuq, o‘rdak, g‘ozlar tuxum qo‘ya boshlabdi. O‘g‘illar ularni sotib pul qila boshlashibdi. To‘ng‘ich o‘g‘lining boshiga shunday fikr kelibdi: «Tuxumning pulini yig‘ib nima ovoragarchilik. Otam kelguncha pulini sarflab xursandchilik qilay. Otam kelib mendan tuxumning pulini so‘rasa, tug‘mas tovuq ekan deb qo‘ya qolaman». Shunday deya u tuxumlarning pulini xarjlay boshlabdi. O‘rtancha o‘g‘il o‘rdakning tuxumlarini ham, o‘rdakning o‘zini ham sotib yuborib, ko‘nglini xushlab yuraveribdi. «Otam kelib so‘rasa, o‘rdakni o‘g‘ri urib ketdi, deb aytaman», – deb o‘ylabdi u. Kenja o‘g‘il g‘ozning tuxumlarini yig‘ib, ularni bostiribdi. Shu zaylda avval g‘ozlarini ko‘paytirib, uning tuxumlarini zoye ketkazmay sotib, ancha-muncha pul yig‘ibdi. Otalari safardan qaytibdi. Keliboq to‘ng‘ich o‘g‘lidan ishning natijasini so‘rabdi. To‘ng‘ich o‘g‘il oldindan tayyorlab qo‘ygan javobini beribdi. Otasi ko‘nglida: «Sen odam bo‘lmabsan, bundan so‘ng menga asqatmaydiganga o‘xshaysan», – deb o‘ylabdi. O‘rtancha o‘g‘lidan so‘rabdi. U ham: «O‘rdak tuxum qilguncha o‘g‘ri urib ketdi», – deb yolg‘on so‘zlabdi. Unga ham g‘ing demasdan, ko‘nglida: «Sen bundan keyin menga asqatishing u yoqda tursin, o‘zingni ham o‘zing eplolmaydiganga o‘xshaysan», – deb o‘ylabdi. Kenja o‘g‘lidan so‘rabdi. U otasiga tuxum sotib yig‘gan pullarini beribdi. So‘ng ko‘paygan g‘ozlarini ko‘rsatibdi. Otasi kenja o‘g‘lidan xursand bo‘lib, o‘z ko‘nglida: «Mana, sen odam bo‘lasan», – debdi.

Oradan ancha vaqt o‘tibdi. O‘g‘illar otasi o‘ylagandek bo‘lib chiqishibdi. Dehqon avval ikki katta o‘g‘lini, so‘ng kenjatoyini uylantirib qo‘yibdi. Otalari o‘ylaganidek, ikki katta o‘g‘ilning ishi kundan-kunga orqa ketibdi. Uydagi buyumlarini sotib xarjlab, yana otalarining qo‘liga qaram bo‘lib qolishibdi. Kenja o‘g‘il g‘ozlarini boqib, turmushini ancha yaxshilab olibdi. Ota-onasiga ham qarashib turibdi. Otasi kenja o‘g‘lidan rozi bo‘libdi.

OLTINChI ChOL

Qadim zamonda bir podsho bo‘lgan ekan. U nihoyatda rahmsiz, zolim podsho bo‘lib, kecha-yu kunduz aysh-ishratdan bosh ko‘tarmas ekan. Davlat xaroblashib, xalqning turmushi kundan-kunga og‘irlashibdi va bora-bora kishilarning o‘n oyda ham qozoni bir bor qaynamay qolibdi. Shundoq bo‘lsa ham podsho amaldorlari soliq uchun xalq boshidan arimas ekan.

Bu zulmga chiday olmagan shahar xalqi bir kuni yig‘ilib maslahat qilibdi. Ba’zilar:

– Podsho tamoman aysh-ishrat bilan bo‘lib, bizning turmushimizdan xabar olmay qo‘ydi. Shuning uchun unga ahvolimizni bayon etib, oliq-soliqni yengillashtirish haqida iltimos qilaylik, – debdi. Bu fikr ko‘pchilikka ma’qul tushib, shunday qilmoqchi bo‘lishibdi. Shu topda jamoat ichidan bir chol chiqib bunday debdi:

– Sizlar bizning ahvolimizni bilmay turib podsho shunaqa qilmoqda deyapsizlar, bu fikr to‘g‘ri emas, podsho bilmay turib emas, atayin shunday qilmoqda. Biz arz qilib yurmasdan biror-bir tadbir bilan podshoni tuzoqqa tushiraylik. Men bir chora o‘ylab qo‘yganman.

– U qanaqangi chora ekan? – debdi ko‘pchilik ishonqiramay.

– Bu – mening ishim. Sizlar menga oltin yig‘ib bersangiz bo‘ldi. Qolganini o‘zim bilaman, – debdi chol.

Xalq cholga ishonib, ming mashaqqat bilan uch pud oltin yig‘ib beribdi. Chol oltinni olgandan keyin, podsho ovga chiqadigan yo‘l ustida bir qumlik bor ekan, shu qumloqqa borib, oltinning bir qismini qumga sochib, ustini ko‘mib qo‘yibdi. Bir mahal podsho o‘z lashkarlari bilan shahardan chiqib kelibdi. Podsho cholning yoniga kelib, uning ishiga hayron bo‘lib so‘rabdi:

– Bu yerda nima qilib o‘tiribsan?

– E podshohi olam, «hunarmand o‘lmas, hunarsiz o‘ngmas» deganlaridek, hunar qilib o‘tiribman, – debdi chol.

Podsho bu javobni eshitgach, yanada hayron bo‘lib:

– Bu qumloqda qanaqa ham hunar qilar eding? – debdi.

– Mening hunarim nihoyatda asl hunar, – deya javob qaytaribdi chol, – mana bu qumloqqa har payshanba kuni oltin ekib ketaman va har juma kuni hosilini yig‘ib olaman.

Podsho bunga ishonmay:

– Qani, oltinni qanday yig‘ishingni menga bir ko‘rsat-chi, – debdi.

Chol belgilab qo‘ygan qum tepachalarini kovlagan ekan, chindan ham sap-sariq oltinlar g‘alvirga chiqib kelibdi. Bundan podshoning ko‘zlari alaq-chalaq bo‘lib ketibdi. Uning xursand bo‘lib ketganligini ko‘rgan chol:

– Podshohi olam, mening hunarim shundoq yaxshi hunar bo‘lsa-da, hozir qo‘limda dastmoya yo‘q, – debdi.

Podsho cholning gapini anglab, «tayyor o‘ljaga ega bo‘ldim-ku», deb o‘ylab:

– Undoq bo‘lsa senga urug‘lik oltinni men berayin. Ikkimiz o‘rtoq bo‘laylik, – debdi. Chol podshoning taklifini mamnuniyat bilan qabul qilibdi. Podsho chol bilan xayrlashib ketibdi. Ertasi kuni chol podshodan bir pud oltin olib, kelar jumada ikki pud qilib qaytaribdi. Bundan podsho juda xursand bo‘lsa ham, lekin, ko‘nglidagi shubha tarqamay, yana bir sinab ko‘rish niyatida ikki pud oltin beribdi. Bu ham ko‘ngildagidek chiqibdi. Shundan so‘ng podsho buning rostligiga ishonib, xazinasidagi oltinning hammasini beribdi. Chol bu oltinlarni olgandan keyin, hammasini xalqqa bo‘lib berib, o‘zi nihoyatda xafa holda podshoning huzuriga kirib boribdi. Buni ko‘rgan podsho choldan nima bo‘lganligini so‘rabdi.

Chol yig‘lamsirab:

– Podshohi olam, ekkan oltinning hammasi qurib ketdi, – debdi.

Podsho darg‘azab bo‘lib, o‘tirgan taxtidan yarim gaz irg‘ib tushibdi va:

– Men bundoq gapga ishonmayman, qumda ham oltin qurib ketadimi? – debdi.

Chol podshoning g‘azabiga pisand ham qilmasdan:

– Podshohi olam, qumda oltin unganiga ishonasiz, nega qurib qolganiga ishonmaysiz? Bu ham Xudoning amri, ziroat degani hamisha ham bir xil bo‘lavermaydi-ku, axir! Zora bundan keyin hosilimiz mo‘l bo‘lsa, – debdi.

Shunday qilib, bu chol podshoni nihoyatda ustalik bilan tuzoqqa tushirgan ekan.

ZIYRAK BILAN ZERIKKAK

Qadimning qadimida, ota-bobom zamonida birining yoshi to‘lgan, birining boshi to‘lgan ikki kishi bo‘lgan ekan. Kichigining laqabi Ziyrak, kattasining laqabi Zerikkak ekan.

Kunlarning birida Zerikkak shaharga bozor qilgani tushibdi, yo‘lida ketib borayotsa, ortidan bir otliq yigit shitob bilan yetib kelibdi.

– Assalomu alaykum! – debdi Ziyrak.

Zerikkak lom-mim demabdi. Ular yo‘l yurishibdi, yo‘l yurganda ham mo‘l yurishibdi. Zerikkak zeriksa-da, Ziyrakka qarab ham qo‘ymabdi. Yo‘l uzaygandan uzayibdi. Oxiri Ziyrak bir bahona bilan so‘z boshlab:

– Yo‘l rosa uzayib ketdi. Shundoq ketaveramizmi yoki yo‘lni qisqa qilamizmi? – debdi.

Zerikkak hayron bo‘lib:

– Ajabo, meni masxara qilyapsanmi, ikkimiz ham otda ketayotgan bo‘lsak, bu nima deganing? – deya xafalanib so‘rabdi.

Ziyrak:

– Men masxaralash uchun bu gapni aytmadim. Xayr, o‘zingiz bilasiz, – deb javob beribdi.

Ular yana lom-mim demay o‘z yo‘llarida davom etishibdi. Safar yana cho‘zilibdi. Shundoq ketib borishsa, oldilaridan rosa bo‘liq bug‘doyzor chiqibdi. Ziyrak bug‘doylarga zavqlanib qarab:

– Tog‘a, mana shu bug‘doylar dehqonning uyiga kirarmikan? – deb so‘rabdi. Zerikkak undan xafa bo‘lib, jahli chiqib ketibdi.

– Dehqonning uyiga kirmay qayga ketardi? Balli-balli, aqlingga qoyil! Yo‘qsa shuncha bug‘doyni sichqonlar tashib ketarmidi? – debdi sapchib ketib.

Ziyrak unga sabr tilabdi.

– Gapning tagi sichqonlarda emas, sichqondan ham o‘zganlarda, – debdi kulimsirab.

Bunga chiday olmagan Zerikkak:

– Bas endi, o‘rtamizda gap-so‘z tamom, vassalom, – debdi-da, anchagacha miq etmay ketaveribdi.

Ziyrak yana unga yondoshib:

– Men bir hamroh iningizman, yo‘lingizga sherikman, men bilan yurib zerikmang, – deya uni g‘azabdan tushiribdi. Shunday qilib, ular yana yo‘lda davom etishibdi. Bir necha kun o‘tgach, bir shaharga yaqin kelishibdi. Qarashsa, bir to‘p xaloyiq, bir tobutni ko‘tarib, yuzlari g‘am, ko‘zlari nam, qabristonga ketib borishayotgan ekan. Buni ko‘rgan Ziyrak chuqur bir «oh» tortib:

– Tog‘a, mana shu tobutda yotgan o‘likmikan yoki tirik? – deb so‘rabdi. Bu savol hammasidan oshib tushibdi. Zerikkakning g‘azabdan tepa sochlari tikka bo‘lib ketibdi.

– Ha, ahmoqning kattasi mana endi chiqdi. Uka, seni bolamikan desam, soqol-mo‘yloving chiqib qopti, qarib aljirab qoldimikan desam, yoshgina yigitsan. Lekin yosh bo‘lsang-da, dunyodagi barcha ahmoqlardan o‘zib ketibsan. Tobutga kirgan odam o‘lik bo‘lmay tirik bo‘larmidi? E Xudoyim, befahm ahmoqlarga yo‘liqishdan o‘zing asragaysan! – deya otiga «chuh!» deya qamchi bosib qochishga tushibdi. Ziyrak hayron bo‘lib:

– To‘xtang, tog‘a, to‘xtang! Qandoq bo‘lmasin, bir necha kun hamsafar bo‘ldik. Xayrlashmay ayrilish nomardlik bo‘ladi, uylarini sog‘inib qoldilarmi yo? – debdi. Zerikkak to‘xtabdi, «uy» so‘zini eshitib o‘ylanib qolibdi. «Rost, nima bo‘lganda ham bir necha kun hamroh bo‘ldik. Endi uyimga yaqin qolganda, tashlab ketsam uyat bo‘lar. Bu-ku bir ahmoq. Shundoq bo‘lsa ham uni uyga taklif etib, bir piyola choy berib, keyin kuzatib qo‘yay», – degan xayolga boribdi.

– Uka, endi ahmoqona so‘zlarni qo‘y. Manavini shahar deydilar. Bema’ni so‘zlaringni xaloyiq eshitib qolsa, uyat bo‘ladi. Xayr, o‘tgan ishga salavot, safarimiz hurmati, endi, uka, sen bizning uydan bir piyola choy ichib ketgin, qani, yur, – debdi.

Ziyrak:

– Albatta, safarimizning hurmati, bu gapingiz menga ma’qul, tog‘a, – debdi. Zerikkak mehmonni hali mehmon qilmay turib yana zerika boshlabdi. Mehmonni ichkari uyga boshlab, «qizim, mehmonga qara!» – deb, o‘zi oshxonaga yo‘l olibdi. Ovqat tadorigini ko‘rayotgan xotiniga qarab, «uh, astag‘furulloh», debdi. Xotini:

– Nega «astag‘furulloh» deb qoldingiz? – deya so‘rabdi. Zerikkak past ovozda: «Ishingni qilsang-chi, mundoq mehmonga choy ham zoye ketadi», – deb, yo‘lda ro‘y bergan voqealarni so‘zlab beribdi. Zerikkakning bir qizi bo‘lib, u nihoyatda kelishgan, aqlli qiz ekan. Bu qiz mehmonga dasturxon solib, choy quyib berar ekan, ota-onasi sezmagan holda balog‘atga yetib qolgan qalbiga o‘t tushibdi. O‘zi ham mehmon yigit kabi chechan, dono bo‘lganligi sababli oshxonaga kirib-chiqib yurib otasining og‘zidan yigitning barcha hikmatomuz so‘zlarini eshitib olibdi. Qiz qo‘lida patnis, kiyikdek ortiga o‘girilib turib shunday debdi:

– Ota, so‘zlaringizni eshitib qoldim. Xafa bo‘lmang-u, biroq mehmon aytgan so‘zlarning hammasi joyida, nihoyatda ma’nili so‘zlar.

– Mana, onasi, mehmonga bir piyola choy quyar-quymay qizimga ham uning ahmoqligi yuqibdi. Qani, dono bo‘lsang, bu so‘zlarning ma’nosini menga bir tushuntirib ber-chi, – debdi.

Otasi bu so‘zlarni aytishi bilanoq qizi:

– Yo‘lni qisqartiraylikmi degani – «Hikoyatlar aytishib, suhbatlashib ketaylik» degani. «Shu bug‘doylar dehqonning uyiga kiradimi» degani – «Bug‘doy uchun rosa mehnat qilishibdi. Endi uning hosili boy-to‘ralarga qarzga ketib, dehqon hech narsa ola bilmay qoladimi» degani. «Tobutdagi o‘likmikan, tirikmi» degani – «Uning bolalari bormikan yoki farzandsiz, ya’ni haqiqiy «o‘lik»mikan degani, – deb javob beribdi.

Zerikkak bu mazmundor gaplarni zerikmay tinglagani uchun ma’nosiga tushunib yetib, qoyil qolibdi. Onasi ham qizini «o‘zimning aqlli qizalog‘im» deb bag‘riga bosibdi. Zerikkak hammasini anglab yetib:

– Yo‘lda Xizr qo‘shgan hamroh – ziyrak inim ekansan, endi menga o‘g‘il o‘rniga o‘g‘il bo‘l, – deya uni bag‘riga bosibdi.

PODShONING UCh QIZI

Qadim zamonda Xo‘tanning Ilichi degan yerida Rahim ismli bir podsho o‘tgan ekan. Uning uch qizi bo‘lib, bu qizlariga juda katta mablag‘ sarflab uch bog‘ yaratibdi. Uch qizning qirqtadan bir yuz yigirma kanizagi bor ekan. Ular yoz kunlarini butunlay bog‘da o‘tkazishar ekan. Bu bog‘ga qizlaridan boshqa hech kim kirmas ekan. Bir kuni podsho Yusuf degan vazirini chaqirib, unga: