скачать книгу бесплатно
Farishta Jabroil payg’ambar Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldida birinchi marta paydo bo’lganidan beri yigirma yil o’tdi. Uzoq davom etgan urushlar va dushmanlik to’xtadi. Payg’ambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi va sallam boshchiligidagi musulmonlar Makkaga qaytib kelishdi. Ular endi shaharni qamal qilishlari va aholini jangga chaqirishlari shart emas edi. Makkaliklar shahar darvozalarini o`zlari ochib berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va musulmonlar ko’pchilik Allohga ishona boshlaganidan xursand bo’ldilar. U va’dasini bajardi va musulmonlarga yordam berdi. Ular nihoyat o’z yurtiga qaytib kelishdi. Makkaga kirib, musulmonlar birgalikda ibodat qildilar. Ulardan ba’zilari shu yerda qolishdi, allaqachon Madinada o`rnashishga muvaffaq bo’lganlar qaytib ketishdi.
Ammo bundan keyin Madina musulmonlari yiliga bir marta Makkaga haj ziyoratini amalga oshiradigan bo`ldilar, chunki u yerda Ka’ba bor edi.
Ka’ba kubga o’xshash, derazalarsiz katta tosh uydir («Ka’ba» – «kub» degan ma’noni anglatadi). Uni Muhammad (s.a.v) dan ancha avval yashagan payg`ambarlar Ibrohim (a.s) va uning o’g’li Ismoil (a.s) bunyod etganlar. Har safar Ka’baga qaraganimizda qanday inson bo`lishimiz kerakligi haqida Allohning kalomini eslaymiz. Biz esa, aziz bolajonlar, ALLOHGA ISHONISHIMIZ, FAQAT UNGA IBODAT QILISHIMIZ VA HAR DOIM YAXSHILIK QILISHGA HARAKAT QILISHIMIZ LOZIM.
Allohning bu buyrug`i sayyoramizning barcha odamlariga tegishli. Alloh odamlarga ko’p payg’ambarlarni yubordi. Ularning har biri o’z xalqiga Allohning kalomini yetkazdi. Muhammad sollallohu alayhi va sallam Allohning so`nggi rasuli edi. U bizga Qur’onni olib keldi, unda Robbimiz olamlarning kalomi qayd etildi. Bu Kalom, Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Alloh tomonidan in`om qilingan eng buyuk mo`jizasi edi.
Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan ancha oldin yashagan boshqa payg’ambarlar haqida ko’plab hikoyalar mavjud. Ulardan ba’zilarini ushbu kitobda topasiz.
ALLOH VA QUR`ON
Mening o`quvchilarim! Muqaddas Qur’oni Karimda Allohning kalomi yozilganligi, u Farishta Jabroil tomonidan Payg’ambar
Muhammad (s.a.v) ga nozil qilinganligi yodingizda bo`lsa kerak. Unda bizga va Yer degan go`zal nom bilan ataluvchi sayyoramizda yashaydigan barcha odamlarga Buyuk Alloh tushuntirib bergan hamma narsani o’qiy olishimiz mumkin.
Qur’oni Karimda payg’ambarlar haqida juda ko’p qiziqarli hikoyalar mavjud. Siz, albatta, nega payg’ambarlar ko’p bo`lgan deb mendan so`rashingiz mumkin. Alloh ularni faqat Ungagina ibodat qilish va yaxshilik qilish kerakligini eslatib turish uchun turli vaqtlarda odamlarga jo’natdi.
Bundan tashqari, Qur’oni Karimda biz ishonadigan hamma narsalar, shuningdek, nimani qanday qilishimiz kerakligi haqida yozilgan. Agar Qur’oni Karimda yozilgan narsalarni tushunsak, va uning barcha ko’rsatmalarini bajarsak, biz haqiqiy va baxtli musulmonlar bo’lamiz.
Alloh haqida bilgan hamma narsamiz bizga Alloh tomonidan aytilgan. Buning uchun u payg’ambarlarga farishta Jabroilni yuborgan. Aynan shu farishta Allohning kalomini Muhammad (s.a.v) ga yetkazgan. Rasululloh (s.a.v) esa boshqa odamlarga Bilguvchi Allohning so’zlari va ko’rsatmalari haqida gapirib berdi. Shuningdek, Rasululloh (s.a.v) o’zining sodiq do’stlari va hamfikrlari Yaratuvchimizning har bir so’zlarini yozib olishlariga ishonch hosil qildi.
Shuning uchun, Buyuk Allohning marhamati va Rasululloh (s.a.v) ning sabr-toqat, sa’y-harakatlari tufayli bizning qo`limizda Qur’on bor.
Alloh yagona ilohdir. Musulmonlar, Allohdan boshqa hech qanday Iloh yo’qligini ta’kidlaydilar. Bu esa faqat Allohgina odamlarni, yerni, oy, Quyoshni va yulduzlarni, butun koinotni yaratishi mumkin, degan ma’noni anglatadi. U yagona Yaratuvchi. Shuning uchun biz faqat unga ibodat qilishimiz mumkin!
Mening aqlli bolalarim! Siz, albatta, bilasizki, Yer yuzida mavjud bo’lgan narsalarning ko’pchiligi o’z qo’llaringiz bilan qilishingiz yoki mustaqil ravishda o’stirishingiz mumkin. Masalan, agar siz tuproqqa urug’lar ekib, bir necha oy kutib tursangiz – bir muncha vaqt o’tgach ulardan hosil beradigan o’simliklar o’sib chiqadi. Yerga urug’larni ekish oson ish emas. Biroq, o’quvchilarim o’zingizga bir muhim savolni berishingiz kerak: tuproq qayerdan kelib chiqdi, bu urug’lar qaerdan paydo bo’ldi? Urug’larni boshqa o’simliklardan olish mumkin, deb aytishingiz mumkin – va siz haq bo`lasiz. Lekin o’ylab ko’ring, axir boshqa o’simliklarning o’sish uchun ham yer kerak! Xo’sh, u qayerda paydo bo’ldi?
Yer qum, minerallar, boshqa modda tuzlarining eng kichik zarralaridan iborat. Unda qum va barcha moddalar qayerdan paydo bo`lgan?
Unib-o`sishi uchun daraxtlar ham suvga muhtoj. Suvchi? U qayerdan paydo bo`ldi? Quyosh nuri qanday paydo bo`lgan? O’simliklar qanday o’sayotganini kuzatib borishimiz uchun bizga kunlar va tunlar kerak bo’ladi. Ammo har bir gul, buta va daraxt ma`lum bir vaqtda eklishi kerak, shunda ular yaxshi o`sadi va nobud bo`lmaydi. Ayrim o’simlik issiqlikni, boshqasi sovuqni yaxshi ko’radi. Yer yuzida juda ko’p turli xil o’simliklar mavjud!
Yuqorida aytganimdek, yerga urug’ ekish qiyin emas. Biroq, hech kim ularni o’sishi uchun barcha sharoitlarni qilib bera olmaydi. Hech kim yerni, havoni, nurni va suvni yaratishga, kunni kech bilan almashtirishga qodir emas.
Xuddi shu holatni o’simliklardan boshqa narsalarda ham ko`rishimiz mumkin. Misol uchun, bir kishi uy qurishni biladi. Buning uchun u g’ishtlarga muhtoj. G’ishtlar esa biz yarata olmaydigan loydan, ohakdan, qumdan va suvdan tayyorlanadi. Yoki bir kishi avtomobil va samolyotlar qurmoqchi. Lekin buning uchun, boshqa narsalar qatorida, kauchuk va temir kerak. Bu narsalarni ham Allohning yordamisiz yaratolmaydi. Temirni ba’zi toshlar tarkibida topish mumkin. Agar bu toshlar qizdirilsa, temir suyuqlikka aylanadi va sizib chiqadi. Kauchuk daraxtlarning ayrim turlarida uchraydi. Agar siz bunday daraxtning qobig’ini kessangiz, suyuq kauchuk oqadi. Ammo bularning barchasi inson qo’li bilan yaratilishi mumkin emas. Biror kishi o’zi uchun foydali narsalar qilganda, u tabiatda mavjud bo’lgan materiallardan foydalanadi. Butun aqli, qobiliyati, iqtidoriga qaramay, inson ularni yaratishga qodir emas. Agar bu narsalar bo’lmasa, u na mashina, na samolyot, na boshqa narsalarni yarata olmaydi.
Inson o’z ehtiyojlari uchun foydalanadigan hamma narsa Alloh tomonidan yaratilgan. U bizga kerak bo’lgan hamma narsani berdi.
Buning natijasida odamlar uy qurishlari, ekinlar yetishtirishlari va hayvonlarni ko`paytirishlari; oziq-ovqat ishlab chiqarish, kiyim-kechak tayyorlash va kompyuterlarni yaratishlari mumkin.
Allohning marhamatisiz inson hech narsa qila olmaydi. O`zining mavjudligimiz uchun ham Allohga shukr aytishi lozim. U Yer, Quyoshni, havoni, suv va yana ko’plab narsalarni yaratdi. Bularning barchasi bo’lmasa, odamlar omon qololmas va Yer yuzida yashay olmasdilar. Yuqorida bilib oldingizki, bolajonlar, inson ham Alloh tomonidan yaratilgan. Uning marhamati bilan odamlar hali ham ushbu sayyorada yashab kelmoqdalar.
Mening aqllilarim, keling birgalikda aytilganlarni xulosalaymiz! Hamma narsa Allohdan va hamma narsani faqat U beriladi. Shuning uchun musulmonlar: «Allohdan boshqa iloh yo’q!», deydilar. Axir, Alloh yer yuzidagi hamma narsani yaratuvchisi. Bizning Yaratuvchimiz Qur’onda bizga hamma narsa yaxshilik va foyda keltirishi uchun nima qilish kerakligini tushuntirib berdilar. O’z so’zlarini boshqa odamlarga yetkazishi uchun u payg’ambarlarni yubordi. Va biz ularning so`zlariga ergashishga harakat qilishimiz kerak.
Inson Allohning qulidir. Bizning Buyuk Allohimiz odamlarni faqat unga sajda qilish uchun yaratdi. Shuning uchun biz doimo Alloh haqida o’ylashimiz va shukr qilishimiz kerak. Chunki u biz haqimizda qayg`uradi!
FOTIHA surasi
Bismillahir Rohmaanir Rohiym
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman
1. Alhamdulillahi robbil aalamiyn
Hamd olamlarning Robbi-Allohgadir
2. Ar-rohmanir rohiym
U Rohman va Rohiymdir
3. Maaliki yavmiddiyn
Jazo va mukofot kunining egasidir.
4. Iyyaaka na`budu va iyyaaka nasta`iyn
Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so`raymiz.
5. Ihdinas-sirootol mustaqiym
Bizni to`gri yolga hidoyat qilgin
6. Sirootol-laziyna an`amta`alayhim
O`zing ne`mat berganlarning yo`liga
7. G`oyril mag`zubi alayhimvalazzolliyn
G`azabga qolganlarnikiga ham emas adashganlarnikiga ham emas
IXLOS surasi
Bismillahir Rohmaanir Rohiym
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan boshlayman
1. Qul huvallohu ahad
Ayt: «U Alloh yagonadir
2. Allohus-somad
Alloh —Somaddir
3. Lam yalid va lam yulad
U tug`magan va tug`ilmagan
4. Va lam yakullahu kufuvan ahad
Va Unga hech kim teng bo`lmagan
FARISHTALAR
Siz, albatta, ota – onangizdan Alloh bizdan tashqari jinlar va farishtalarni yaratganligini eshitgandirsiz. Shunday qilib, odamlar loydan, jinlardan olovdan, farishtalar esa nurdan yaratilgan. Farishtalar hech qachon Allohning amridan chiqmaydi. Va aynan shu bilan ular odamlar va jinlardan farq qiladi.
Farishta Jabroil Allohning so’zlarini payg’ambar Muhammad (s.a.v) ga yetkazdi va shuning uchun farishta Jabroilni xabar beruvchi farishta deb ataymiz. Bu haqda gapirib berganlarimni unutmaganmisiz, dono kichkintoylarim?
Musulmonlar farishtalar haqida Qur’oni Karimdan bilishadi. Har birimizga hamma yerda ikkita farishta hamroh bo’ladi. Bu farishtalar insonning barcha amallarini kitobga qayd qiladilar. Ular bizning yaxshi va yomon ishlarimizni yozib boradilar. Shuning uchun, biz ularni yozuvchi farishtalar deb ataymiz.
Farishtalar turli bo`ladilar. Masalan, odamlarning jonini oladigan farishta mavjud. Biz uni o’lim farishtasi deb ataymiz.
Biz farishtalarni ko’rmaymiz, chunki ular ko’zlarimiz uchun ko’rinmas moddalardan yaratilgan.
Biroq biz ularning mavjudligini bilamiz, chunki Alloh bu haqda bizga xabar berdi. Boshqa barcha yaratiqlar singari, farishtalar ham Alloh tomonidan yaratilgan. Ular faqat Ungagina bo’ysunadilar va uning amrini bajaradilar.
Biz quyosh chiqishi va botishi, osmon bo’ylab bulutlar harakati, yomg’ir yog`ishi, o’simliklarning o’sishi va boshqa ko’plab tabiat hodisalari Allohning irodasiga ko’ra sodir bo’lishini bilamiz. Hech narsa uning irodasisiz sodir bo’lishi mumkin emas. Alloh unga so’zsiz itoat qiladigan farishtalarni ham yaratdi. Ular Alloh irodasini bajaradilar, hamma narsa Alloh irodasiga monand sodir bo’lishini va unga muvofiq amalga oshishini ta’minlaydilar. Farishtalar Rabbimizning itoatkor xizmatkorlaridir.
Alloh inson unga itoat va ibodat qilishini, yaxshi amallar qilishini xohlaydi. Bizning Yaratuvchimiz unga ishonishimizni xohlaydi. Jabroil orqali Bilguvchi Parvardigorimiz Muhammad (s.a.v) ga qadar yashagan ko’plab payg’ambarlar bilan suhbatlashdi. Payg’ambarlar esa Alloh odamzotdan nimani kutayotganini unutmasliklari uchun odamlarga Allohning irodasini eslatib turdilar,. Bularning barchasi to`g`risida Qur’on va Payg’ambarimiz (a.s) ning haqqoniy hikoyalaridan bilib olishimiz mumkin.
Barcha payg’ambarlar ushbu so’zlar bilan odamzotga murojaat qildilar:
SIZ FAQAT ALLOHGA ISHONISHINGIZ KERAK!
YOLG’IZ UNGAGINA IBODAT QILING VA FAQAT
YAXSHILIK QILING!
ODAM ALAYHISSALOM
Barchangiz sirli hikoyalar va ajoyib sarguzashtlarni yaxshi ko’rsangiz kerak! Payg’ambarlarning hayoti esa juda qiziqarli va hayajonlidir. Ushbu hikoya bilan biz sayyoramizda yashagan eng ajoyib insonlar haqida bir qator hikoyalarni o’qishni boshlaymiz. Bu Allohning payg’ambarlari haqidagi hikoyalardir. Keling, ular bilan tanishaylik! Agar Allohning irodasi bo’lsa, siz ozingiz uchun yangi va ajoyib dunyoni kashf etasiz.
Odam (a.s) eng birinchi inson edi. Birinchi bo`lib Buyuk Parvardigor farishtalar va jinlarni yaratdi. Va ulardan keyin-ilk inson – Odam (a.s) ni yaratdi. Buyuk ijodkor o`z yaratig`iga ko’zlar, quloqlar, burun, qo’llar va oyoqlar ato etdi. Bizning tanamiz shakli Alloh tomonidan yaratilgan barcha boshqa jonzotlarning shakllaridan, masalan, hayvonlardan farq qiladi. Bolajonlar, inson Allohning eng buyuk yaratig`idir. Alloh insonni Yer yuzida yashashi va unga sajda qilishi uchun yaratdi.
Alloh Odam (a.s) ga ruh berdi va tiriltirdi. Dunyoning buyuk Robbisi yangi yaratiqqa hurmat belgisi sifatida farishtalar va Iblisga Odam (a.s) ga sajda qilishni buyurdi. Iblis —bu jin. Bundan tashqari, uni shayton ham deb ataydilar. U barcha jinlar orasida eng obro`lisi bo’lgan va farishtalar bilan birga Jannatda yashagan. Farishtalar Allohning amrini bajo keltirdilar, lekin Iblis itoatsizlik qildi va birinchi odamga sajda qilmadi. Shayton Odam (a.s) dan g’azablanib, undan nafratlanar edi. Iblis o`zini insondan yaxshiroq deb bilar, va Yaratganning sevgisiga va uning yaratiqlari hurmatiga o`zini hammadan ko’proq loyiq deb hisoblardi. Uning qalbiga rashk va hasad o`rnashdi.
Shunda Alloh itoatsiz shaytondan so’radi:
– O, Iblis! Nima uchun mening yaratig`imga sajda qilmading? Kibr seni ko`r qilibdi yoki sen o`zingni boshqalardan ustun deb o’yladingmi?
– Men undan yaxshiroqman! – takabburlik bilan javob berdi Iblis. – Axir sen meni olovdan, odamni esa oddiy loydan yaratding.
Shunda buyuk Robbimiz shaytonni o’z inoyatidan bebahra qildi.
– Jannatdan chiq! – dedi Alloh Iblisga.
– Mening Robbim! Qiyomat kunigacha meni jazolama! – deb shayton hitob qildi.
O`zining hasadgo’yligi va g’azabi tufayli Iblis Odam (a.s) ham Allohga itoatsizlik qilishini va iymondan chiqishini xohladi. Va darhol ayyor bir reja tuzdi.
– Men tayinlagan kunga qadar jazoingni kechiktiraman», deb javob berdi Buyuk Alloh.
Iblis Odam Atodan nafratlana boshladi. U Allohni insonni boshqa yaratiqlardan ustun qo’yganini hazm qila olmas edi. Shuning uchun, u Odam (a.s) ning dushmaniga aylandi va uni Allohning irodasiga qarshi borishga majburlashni niyat qildi.
Lekin Odam Ato, shaytondan farqli o’laroq, Allohning itoatkor quli edi. Odam (a.s), avvalo, uni yaratgani uchun Robbisiga hamd aytdi. Yaratgan uni o`ziga yaqinlashtirgani va boshqa yaratiqlardan ustun qilgani uchun chin yurakdan minnatdorchilik bildirdi. Va biz ham, mening azizlarim, birinchi odam Allohni sevganidek, Robbimizni chin dildan sevishimiz kerak. Odam (a.s) kabi, bizni yaratgani uchun qudrat sohibi Allohga hamd-sano aytishimiz lozim. Va, shuningdek, birinchi odam payg’ambar Odam Ato (a.s) ibodat va sajda qilganidek, Unga ibodat va sajda qilishimiz kerak.
Odam Ato Jannatda yashar, va bir oz o`zini yolg’iz his qilar edi. Shuning uchun mehribon Alloh uning uchun xotin yaratdi. Odam (a.s) uni ko’rgach, u juda hayron bo’lib qoldi va so’radi:
– Kimsan?
– Men ayolman, – dedi u…
Odam Ato unga uylandi va birinchi ayol uning yonida Jannatda yashay boshladi. Farishtalar uni birinchi marta ko’rgach, Odam (a.s) dan bu yangi yaratiqning nomi nima ekanini so’radilar. «Bu Havvo», deb javob berdi Odam Ato.
Jannat biz tasavvur qiladigan barcha joylarning eng chiroylisidir. Jannatda issiq, sovuq, charchoq, kasallik yo’q. Odam Ato va Momo Havvo u yerda hech qachon ochlik yoki tashnalikni sezmaganlar. Bu butun koinotdagi eng go’zal joydir. Hech qachon va hech qayerda bundanda go`zalroq go`sha bo`lmagan, bo`lmaydi ham.
Bir kuni Iblis odamning yoniga kelib, uni Allohga taqiqlagan daraxtlardan birining mevasini yeyishga ishontira boshladi. Iblis hatto ularga yaxshilik qilishni xohlayotganini aytib, Allohga qasam ichadi. Odam Ato Alloh unga bu daraxtga yaqinlashishni ma`n qilganini yaxshi eslar edi. Birinchi odam o`z Yaratuvchisini sevar va itoatsizlikdan qo’rqardi. Shuning uchun u ayyor Iblisning aldovlariga e’tibor bermadi. Biroq, shayton Odam (a.s) ni tinch qo`yishni istamasdi. U odam ham xatoga yo’l qo’yishini va u kabi do’zaxga tushishini xohladi. Yovuz jin Odam Atoni avrashda davom etdi, agar Odam (a.s) taqiqlangan daraxtning mevasini yeb ko’rsa, u farishtalar kabi abadiy yashay oladi.
Vaqt o’tishi bilan, Odam Ato Iblisning so’zlariga ishondi va ular Havvo bilan taqiqni buzdilar hamda taqiqlangan daraxtning mevasini tatib ko`rdilar. Biroq, tez orada ular Allohning amriga bo’ysunmagani va itoatsizlik qilganlariga pushaymon bo’ldilar. Odam Ato va Havva darhol Parvardigordan kechirim so’rashdi. Rahmdil Rabbimiz esa ularni kechirdi, chunki U karami keng zotdir. Shundan keyin Alloh Odam Ato va uning xotinini Yerga yubordi, ular yaxshi amallarni qilishlari hamda Alloh amrini bajarishlari kerak edi. Bundan tashqari, yerda ularga
Jannatda bo’lgani kabi, hamma narsa muhayyo emas edi, balki ular o`z mehnatlari bilan yegulik topishlari lozim edi. Ammo ular Allohga sodiqligini isbotlasalar, ularni Jannatga qaytarishga va’da berdi.
Va Alloh o’zining birinchi payg’ambari deb Odam Atoni tayinladi. Undan keyin Parvardigor dunyoga ko’plab boshqa payg’ambarlar va elchilarni yubordi. Ularning so’zlarini tinglaydigan va yaxshi amallar qilgan odamlar o’limidan keyin Jannatga tushadilar. Va ularning ogohlantirishlarini e’tiborsiz qoldirib, yomon amallar qiladiganlar do’zaxga tushadilar.
Odam Ato va uning ayoli yerga tushishdi. Va hayot o’z navbatida davom eta boshladi. Alloh ulardan mamnun edi. Mehribon Robbimiz ular iste`mol qilishi mumkin bo’lgan rizq ato etdi va ularni yer yuzida yashashga o’rgatdi. Alloh Odam Atoni yaratganida, u sayyoramizda mavjud bo’lgan hamma bilimlarni unga ayon qilgi. Alloh Odam Atoga daraxt, temir, olovdan foydalanish va boshqa ko’plab narsalarni o’rgatdi.
Masalan, u tosh va yog’ochdan olov olish yoki pichoq yashash haqidagi bilimlarni ato qildi. Shu tariqa birinchi odamlar yer yuzida mehnat qila boshladilar, xuddi sizning ota-onangiz ishlagani kabi. Bu yerda Odam Ato va Havvo bolalari va ularning farzandlarini tarbiyaladilar. Shu tariqa, yer yuzida odamlar ko`paydi. Bir avlod boshqasiga almashdi. Alloh o`z payg’ambarlarini barcha avlodlarga jo’natar edi. Barcha payg’ambarlar odamlarga «Faqat bitta Xudoga ibodat qiling! U sizning iste`mol qilishingiz uchun o’simliklar va hayvonlarni yaratdi. Yaratgan eganga shukr qiling va doim ezgu amallarni qiling» deb nasihat qilar edi.
Nuh (a.s)
Odam ato va Havvo yer yuzida yashay boshlaganiga yuzlab yoki hatto minglab yillar o’tgach, ularning avlodlari yagona Allohga ibodat qilishlari kerakligini unutdilar. Ular vafot etgan solihlarni hurmat qila boshladilar va oxir-oqibat ularni o`z xudolariga aylantirdilar. Faqatgina Nuh ismli bir kishi va uning oilasi yagona Allohga sodiq qoldi. Va Robbimiz uni odamlarga payg’ambar va elchi qilib sayladi.
Nuh (a.s) o’z xalqiga quyidagilarni aytar edi:
– Allohga sajda qiling, undan qo’rqing va menga itoat qiling!
Lekin odamlar unga quloq solmadilar. Nuh ular Rabbiyga itoat qilmasalar, ularga yuborilajak dahshatli jazo haqida ogohlantirdi. Faqat bir nechta kambag’allar Nuhga ishondilar va unga qo’shildilar. Qolgan odamlar uning yuziga qarab kular edilar:
– Sen biz kabi oddiy insonsan… Sening yolg’onchi ekanligingni bilamiz! Agar mana bu kambag`allarni quvib solsang, ehtimol senga quloq solarmiz!
– Men sizdan hech qanday mukofot so’ramayman! – dedi ularga payg`ambar (a.s) – Men sizni mamnun qilish uchun kambag’allar va zaiflarni hamquvmayman.
– Agar sen haqiqatni so`zlayotgan bo`lsang, Allohning jazosini bizga ko’rsat, – deb masxara qildilar. – Qani bizga atalgan jazo?
– Agar xohlasa, Alloh sizni jazolaydi va bu jazoni bartaraf qilish qo`lingizdan kelmaydi», deb javob berdi. Lekin odamlar Nuh (a.s) ni tinglashni xohlamadilar. Ular uni aqldan ozgan deb atadilar, payg`ambar (a.s) esa ularni Allohga imon keltirishga chaqirishni davom etdi.
Shunday qilib, ko’p yillar o’tdi va boshqa hech kim Nuhga qo’shilmadi. Odamlar yomonlashgandan yomonlashib boraverishdi, ular tobora jiddiy gunohlar qilaverdilar. Keyin Nuh (a.s) ga Allohdan vahiy keldi: unga bu odamlar endi o`zgarmasligi, shuning uchun ular uchun qayg’urish kerak emasligi aytildi. Odamlar istagan narsasini qilsin, u esa katta kema qurishi kerak.